Bir korxonada qirqqa yaqin millat vakillari ishlaydi
Foto: Xalq so‘zi
Yaqindagina 1 million nafardan oshgan Navoiy viloyati aholisi yetmishdan ortiq millat va elat vakillaridan tarkib topgan. Ular bugungi kunda bir oila farzandlaridek ahil-inoqlikda yashab, hudud iqtisodiyotining turli tarmoqlarida samarali mehnat qilmoqda.
“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ ham koʻp millatli mehnat jamoalaridan biri sanaladi va bu yerda qirqqa yaqin millat-elat vakillari faoliyat olib boradi.
— Milliy totuvlik va millatlararo bagʻrikenglik korxonamizda eng yuksak qadriyat darajasiga koʻtarilgan, - deydi “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ jamoatchilik bilan aloqalar boʻyicha direktori Xolmamat Raupov. — Jamoamizning 46 ming 200 nafar ishchi-xodimlari safida rus, qoraqalpoq, tatar, turkman, ukrain, arab, nemis millatiga mansub yurtdoshlarimiz mehnat qilmoqda.
Bepoyon Qizilqum kengliklaridagi kombinat tuzilmalari, ayniqsa, Markaziy kon boshqarmasi va uning tarkibidagi 2-gidrometallurgiya zavodi ishchilari choʻlning oʻta noxush iqlim sharoitida bir-biriga yelka tutib, tom maʼnoda jasorat koʻrsatayotgani tahsinga loyiq.
— Zavodda 34 tadan ortiq millat vakillari bir oila boʻlib ishlab kelayapmiz, — deydi 2-gidrometallurgiya zavodi bosh energetik oʻrinbosari Andrey Peshkov. — Bu, albatta, koʻp millatli jamoa ekanligimizni koʻrsatadi. Bizga teng va keng imkoniyatlar yaratilgan. Mana, 28 yildirki, shu tizimda ishlab kelaman. Millatlararo hamjihatlik hukm surayotgan jamoamizda, mehr-oqibatli odamlar orasida ishlash men uchun gʻurur va sharaf!
Xalqlar doʻstligi kelajagimiz boʻlmish yoshlarning bagʻrikenglik muhitida, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida kamol topishida ham muhim ahamiyatga ega.
— 24 yildan buyon sambo boʻyicha murabbiy, sport ustasi va xalqaro hakam sifatida faoliyat olib borish bilan bir qatorda yuzlab chempionlarni tarbiyalaganimdan baxtiyorman, — deydi korxonaga qarashli “Alpomish” sport majmuasi murabbiyi Chingiz Taxmazov. — Ozar eli farzandi boʻlsamda, lekin shu tabarruk zaminda yashab, faravon hayot kechirib, halol mehnatim ortidan farzandlarimni elga qoʻshdim, shogirdlar yetishtirdim, koʻplab yutuqlarga erishdim. Men shu buyuk mamlakat fuqarosi ekanligimdan haqli ravishda faxrlanaman!
Odatga koʻra,t»Navoiy kon-metallurgiya kombinati» AJda 30-iyul — Xalqlar doʻstligi kunini munosib nishonlashga puxta hozirlik koʻrildi. Turli madaniy-maʼrifiy tadbirlar, intellektual oʻyinlar, sport musobaqalari, konsert dasturlari hamda turli millatlarning urf-odatlarini oʻzida ifoda etgan festivallarni uyushtirish bayram dasturi mundarijasida oʻrin olgan.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasida Samarqand maktabining yangi nafasi
- Lamin Yamal “Barselona”ni tark etishi mumkin
- Ish bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar va kasbga oid kasalliklar haqidagi maʼlumotlarning yaxlit tizimi yoʻqligi koʻrsatib oʻtildi
- Har bir hududda “Kasaba uyushmalari bogʻlari” tashkil etiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring