Jondorda “Qahramonlar xiyoboni” bunyod etiladimi?​

13:17 02 Iyun 2020 Jamiyat
1685 0

Zarafshon daryosi boʻyida joylashgan Jondor yurtimizning oʻziga xos goʻshalaridan. U boy tarixga ega. Jondor arab istilosi,Chingizxon bosqinining tilsiz guvohidir. Bu muqaddas zaminda umrguzaronlik qilgan, chorvachilik va dehqonchilik bilan shugʻullangan ajdodlarimiz oʻz ona-yurtlari erki, ozodligi uchun mardonavor kurashganlar. Masalan,oddiy elakchi oilasida voyaga yetgan gʻalvirsoz Mahmud Torobiy Chingizxon qoʻshinlariga qarshi xalq qoʻzgʻoloniga boshchilik qilib gʻalaba qozongan. Qutaybaga qarshi qahramonlarcha kurashgan yovqur ajdodlarimiz, Varaxsha hukmdorlari Buxorxudotlar va Turkon xotunning yov bilan tengsiz kurashdagi jasoratlarini aytmaysizmi?!

Narshaxiyning 943-944-yillarda yozilgan “Buxoro tarixi” kitobida qayd qilinishicha, «Hali Buxoro shahri vujudga kelmagan,lekin qishloqlardan baʼzilari paydo boʻlgan edi: Nur (Nurota), Vardonze, Tarobcha (Torob qishlogʻining kichraytirma nomi) oʻsha qishloqlar jumlasidandir.»

Koʻrinib turibdiki, Jondor tumani hududidagi Torob juda qadimiy qishloqlardan boʻlib,uning atrofi baland paxsa devor-qalʼa bilan oʻrab olingan.

Arablar Oʻrta Osiyoga bostirib kelganda, Torob va uning yon-atrofidagi qishloqlar aholisi qarshiligiga dosh berolmasdan,chekinishga majbur boʻlishgan. Xususan,bu qishloq aholisi uzoq vaqt mobaynida himoyalanib,yo vga boʻyin egmagan.Bu haqida Narshaxiy shunday yozadi:”Buxoro qishloqlaridan Torob, Xumbin (Xumin) va Romtin (Romitan) oraligʻida koʻp lashkar toʻplanib, Qutaybani oʻrab oldi.”

Yuqoridagilardan xulosaga kelish mumkinki, yovqurlik, bahodirlik, tantilik, ona- yurtga sadoqatli boʻlmoq kabi fazilatlar jondorliklarga bobomerosdir.

Yaqin oʻtmishdan bir misol. Buxoro amirlari tansoqchilar, jilovbardorlar, saroy soqchilarini asosan Jondordan tanlashgan.
 

Jondorliklar tabiatan tanti, mehnatkash,bagʻrikeng. Dalada ham jasorat,matonat va qahramonlik namunalarini koʻrsatib,paxta,gʻalla,pilladan,poliz va sabzavotdan yuqori hosil olib kelishmoqda.

Tumanning yuzlab paxtakoru gʻallakorlari,bogʻbonlari halol mehnatlari evaziga oʻz davrida davlatning yuksak mukofotlariga sazovor boʻlishgan. Bular orasida sotsialistik mehnat qahramonlari — Rustam Boboyev, Davron Boboyev, Izzat Elliyev, Tesha Salimov, Sayfulla Nasullayev, Abdulla Koʻklamov, sovet ittifoqi qahramoni Narzi Rajabov; Oʻzbekiston Qahramonlari — Farhod Sohibov, Toʻra Narziyevlar bor.

Afsuski, yurtimizning buguni, ertasi uchun kurashgan, davlat tomonidan qahramonlikka loyiq topilgan bu insonlarni yoshlarni-ku qoʻya turing, oʻrta va keksa avlod vakillari ham tuzukroq bilishmaydi. Axir,oʻtmishini bilmagan xalqning kelajagi yoʻq,deb bejiz aytilmaydi. Ularning ikki frontdagi matonat va qahramonliklari yosh avlodga namuna qilib koʻrsatilsa,tuman markazidagi istirohat bogʻida “Qahramonlar xiyoboni” bunyod etilsa,bu yerda yoshlarga qahramon ota- bobolarimizning hayoti, ibratli umr yoʻli haqida hikoya qilinsa, nur ustiga aʼlo nur boʻlardi. Bizningcha, bu xiyobon VATAN haqida eng yaxshi saboq vazifasini oʻtaydigan manzilga aylanardi.

Shu maqolani yozish asnosida tuman hokimligi mutasaddilariga murojaat qildim. Afsuski, oradan bir oy oʻtdi hamki, joʻyali fikr aytisholmadi. Beparvolik, loqaydlik ham evi bilan-da.

Maqolaga nuqta qoʻyishdan oldin oʻzim guvoh boʻlgan bir voqeaga eʼtiborni qaratmoqchiman. 1978-yilda nemis turkolog olimi Otto Dizel Mahmud Torobiyning ramziy qabrini ziyorat qilgani keldi.Mehmonga hamrohlik qildik. Oʻshanda u Mahmud Torobiyning loyshuvoq qilingan koʻrimsiz qabrini, toʻrt tarafi ochiq-sochiq yotgan Torobiy qalʼasini koʻrib iztirobga tushgandi. Xorijiy turkologning «Mabodo,Mahmud Torobiy nemis boʻlib tugʻilganida va Germaniya tuprogʻida qahramonlik koʻrsatganida edi, bosh uzra baland koʻtarib, unga oltindan haykal qoʻyardik», degani xuddi kechagidek esimda.

Bu gapga ham 42 yil boʻldi. Jondorda qahramonlarimizga boʻlgan munosabat  esa hali – hanuz oʻzgarmayapti. Afsus, ming afsus!

Safar Ahmedov,

Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер