Jahon chempionatiga qachon qurʼa tashlanishi maʼlum qilindi

11:46 03 Avgust 2025 Sport
277 0

2026-yilgi futbol boʻyicha Jahon chempionatining guruh bosqichi qurʼasi 2025-yil 5-dekabr kuni AQShning Las-Vegas shahrida oʻtkaziladi. Bu haqda “TUDN Mexico” nashri xabar bermoqda.

Garchi Las-Vegas mundial oʻyinlariga mezbonlik qilmaydigan shaharlardan biri boʻlsa-da, qurʼa marosimi aynan shu yerda oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Tadbir shaharning eng zamonaviy ramzlaridan biri — “The Sphere” arenasida tashkil etiladi.

FIFA qurʼa marosimi 2025-yil dekabr oyida oʻtkazilishi ilgariroq maʼlum qilgan edi. “The Athletic” nashrining yozishicha, Las-Vegas va Vashington shaharlari marosimga mezbonlik qilish uchun asosiy nomzodlar sifatida koʻrib chiqilgan.

Bu tarixda ilk bor 48 jamoa ishtirok etadigan kengaytirilgan Jahon chempionati boʻladi. Shuningdek, turnir ilk marta bir yoʻla uch davlat — AQSh, Kanada va Meksikada boʻlib oʻtadi. Qurʼa marosimi shu jihatdan ham futbol tarixida muhim ahamiyat kasb etadi.

Qurʼa davomida 48 terma jamoa 12 guruhga ajratiladi (har bir guruhda 4 tadan jamoa) hamda guruh bosqichidagi barcha oʻyinlar tartibi aniqlanadi.

Ayni paytda 13 terma jamoa mundial yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan, bular:

  • Musobaqaga mezbonlik qiluvchi AQSh, Kanada va Meksika terma jamoalari;
  • Osiyo mintaqasidan esa 6 terma jamoa — Yaponiya, Janubiy Koreya, Eron, Oʻzbekiston, Iordaniya hamda Avstraliya;
  • Janubiy Amerikandan amaldagi jahon chempioni Argentina, shuningdek, Braziliya va Ekvador terma jamoalari;
  • Okeaniya mintaqasidan esa Yangi Zelandiya.

Qolgan 35 jamoa nomi qurʼa marosimiga qadar maʼlum boʻladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?