Zarafshon — sahro bagʻridagi moʻjiza

15:08 29 Sentyabr 2025 Jamiyat
460 0

Zarafshon shahriga oʻtgan asrning oltmishinchi yillarida asos solingan.

— Ulkan sisternalarda ichimlik suvi keltirilar, oftob tigʻidan qizib ketgan suvni ichardik, — deya eslaydi shaharning dastlabki gʻishtini qoʻyganlardan biri Safar Omonjoʻlov. — Soyasida hordiq chiqarishga tik turgan choʻpning oʻzi yoʻq edi. Chodirlarda yashadik.

Zarafshon chindanam biyday choʻlda oʻzbek xalqi matonatining timsoli. Bugun ushbu shaharda qariyb sakson ming kishi istiqomat qiladi. Unga ilk bor kelgan kishi Zarafshonni sahro bagʻridagi moʻjizaga tenglasa ajab emas. Osmonoʻpar inshootlar, sharqiragan favvoralar, oynadek yarqiragan imoratlar – goʻyo choʻl oʻrtasida sarob moddiylashgandek.

Aslida mazkur kengliklar million-million yil muqaddam ulkan Tetis dengizi oʻrni boʻlganligining Zarafshon oʻlkashunoslik muzeyida saqlanayotgan noyob eksponatlar – tosh qotgan chigʻanoqlar, nahang tishlari, oʻrdakburun dinozavrning toshga aylangan boldir suyaklari jonsiz guvohi. Ularni shaharga tamal toshini qoʻygan konchilar taqdim etishgan.

Shaharning shimolida joylashgan toshdagi chizgilar(petrogliflar)ning yoshi esa 1,5-2 ming atrofida deb taxmin qilinadi. Xullas, bugun moʻjiza ataganimiz Zarafshonning oʻtmishi ham tilsimlarga boy.

Zarafshon — konchilar shahri. Unda Navoiy kon-metallurgiya kombinati AJning bir qator tuzilmalari joylashgan. Shuningdek, tarmoqqa xizmat koʻrsatuvchi infratizim, ijtimoiy soha hamda boshqa korxona va tashkilotlar shahar hayotida muhim oʻrin tutadi. Boshqacharoq aytsak, Zarafshonning qisqa oʻtmishi konchilikka bevosita bogʻlanib qolgan edi.

2019-yili davlatimiz rahbari Navoiy viloyatiga tashrifi doirasida Zarafshon shahrida amalga oshiriladigan bir qator investitsiya loyihalari bilan tanishib, hududda ishlab chiqarishning noanʼanaviy yoʻnalishlarini yoʻlga qoʻyish, tadbirkorlikni rivojlantirish vazifalarini belgilagan edi.

Shu asosda Zarafshonda qurilish materiallari, trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari tayyorlash korxonalari ishga tushirilib, shahar mamlakatimizda birinchi boʻlib ishsizlikdan xoli hudud maqomiga ega boʻldi. Taʼlim sohasida mamlakatimizda yetakchilikni barqaror saqlab, shaharda yurak va buyrak xastaliklari bilan bogʻliq murakkab jarrohlik operatsiyalarining oʻzlashtirilishi qizilqumliklarning shifo istab markazga borish ehtiyojlariga barham berdi.

Shahar oʻzining qutlugʻ oltmish yilligini shu kabi yutuqlar bilan tantana qilib, ayni shukuhli kunlarda “Yangi stella”, “Nuroniylar maskani”, koʻp tarmoqli markaziy poliklinikaning yangi binosi, tez tibbiy yordam stansiyasi, TATUning Zarafshon fakulteti binosi foydalanishga topshirildi.

Tantanalar shahardagi oʻyingohda gala-konsert dasturi bilan tunni tongga uladi.

Temur ESHBOYEV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер