Zamonaviy universitet kutubxonasi, noyob galereya, turizm qishlogʻi, shaxmat kafesi — infotur ana shunday manzillarni qamrab oldi

14:17 16 Aprel 2021 Iqtisodiyot
2469 0

Yaqinda Turizm va sport vazirligi tomonidan Samarqand viloyati hokimligi hamda Samarqand viloyati Turizmni rivojlantirish departamenti koʻmagida mahalliy hamda xorijiy OAV vakillari uchun infotur tashkil etildi. 

Ushbu oʻziga xos madaniy-maʼrifiy sayohat kun tartibi sermazmun va oʻzaro bogʻliq tarzda tuzilgani bilan esda qolarli boʻldi.

Unda jurnalistlar dastlab taʼlim berish sifati va tendensiyalari borasida mutlaqo zamonaviy boʻlgan “Ipak yoʻli” xalqaro turizm universiteti faoliyati bilan bevosita tanishish imkoniyatiga ega boʻldi.

Taʼkidlash joiz, mazkur taʼlim muassasasi Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2018-yilning 28-iyun kuni Xitoyning Sindao shahrida boʻlib oʻtgan SHHT sammitida ilgari surilgan tashabbus asosida ochilgan. 

Bugungi kunda universitet mamlakatimizning eng nufuzli oliy oʻquv yurtlaridan biridir. 

“Ipak yoʻli” xalqaro turizm universitetida turizm sohasida bakalavriat va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha taʼlim yoʻlga qoʻyilgan. Bakalavriatning kunduzgi taʼlim dasturi 20 dan ortiq yoʻnalishni oʻz ichiga oladi. Turizm sohasida marketing, turizm (faoliyat yoʻnalishlari boʻyicha: raqamli turizm), turizm sohasida dizayn, turizm sohasida logistika, ommaviy tadbirlarni boshqarish, qoʻllanma-ekskursiya va tarjima faoliyati shular jumlasidandir.

2019-yildan boshlab “Ipak yoʻli” xalqaro turizm universitetida “3+1” bakalavr taʼlimining qoʻshma dasturi amalga oshirilmoqda.

Taʼlim muassasasi Guilin Tourism universiteti (Xitoy Xalq Respublikasi), Logistic High School (Chexiya Respublikasi), Jakarta Sahid Polytechnic (Indoneziya), Surakarta turizm Sahid instituti (Indoneziya) kabi jahon universitetlari bilan “ikki diplom” dasturi doirasida shartnoma tuzgan. 

Buning natijasida talabalar uchun uch yil Samarqandda, bir yil mazkur hamkor universitetlarning birortasida taʼli olish, shu asosda ikkita diplom olish imkoniyati yaratib berilgan.

Ushbu dargohga kirib borishingiz bilan smart-texnologiyalar nafasini his qilasiz. Universitet atrofida yam-yashil maysazorlar, yengil shabadada tebranib turgan manzarali buta va daraxtlarga, ochiq osmon ostidagi katta shaxmat doskasiga koʻzingiz tushadi. 

Hamma sharoitlarga ega suzish havzasi, sport zali talabalar ixtiyorida. 

Bizni eʼtiborimizni oʻziga tortgan asosiy jihatlardan biri mazkur universitetning turizm sohasi boʻyicha eng sara kitob va adabiyotlar yigʻilgan kutubxonasi boʻldi. Mazkur ziyo maskani taqdimoti esa Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari — Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov tomonidan oʻtkazildi. 

Oʻziga xos jonli va mazmunli prezentatsiya davomida jurnalistlar bevosita hukumat vakilidan oʻzlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar. Hatto televideniye vakillari ushbu savol-javoblarni toʻgʻridan-toʻgʻri efirga ham uzatishdi.

Xullas, universitetdan bir olam taassurotlar bilan keyingi manzilga yoʻl olindi.

U Samarqandning eng goʻzal manzillaridan biri hisoblangan Registon maydoni qarshisida joylashgan "Oʻsmatboy" sanʼat galereyasi edi.

Ushbu madaniyat maskanida OAV vakillari Oʻzbekistonning koʻplab taniqli rassomlari va haykaltaroshlari asarlari bilan yaqindan tanishib, intervyu olishdi. 

Qayd etish joiz, galereya joriy yilning 22-mart kuni qayta ochilgan boʻlib, unda Nuriddin Kalonovning asarlari koʻrgazmasi tashkil etilgan. Rassomning 500 dan ortiq asari namoyish etilmoqda.

Mavzular ham turfa: tarixiy, kundalik, lirik. Lekin ularni birlashtiradigan yagona jihat ijodkorning oʻz xalqiga, tarixiga, Vatani va uning betakror tabiatiga boʻlgan cheksiz muhabbati ekanligini anglash qiyin emas edi.

Bu yerga nafaqat shahar aholisi, balki koʻplab mehmonlar ham kelib. estetik zavq olib qaytishmoqda.

Tashkilotchilarning aytishicha, har 2-3 oyda "Oʻsmatboy"da yangi badiiy koʻrgazma oʻtkazilib turiladi.

Shundan soʻng jurnalistlar Samarqand tumanidagi Konigil turistik qishlogʻiga borishdi. Koʻhna tarix va zamonaviy xizmatlarni oʻzida uygʻunlashtirgan ushbu makon koʻp jihatlari bilan ajralib turar ekan.

Masalan, gid hamrohligida nafaqat Samarqand qogʻozi tayyorlanishi haqida toʻliq maʼlumotga ega boʻlindi, balki shu boʻyicha qadimiy texnologiyalar bilan bevosita tanishildi. 

Shu asnoda ota-bobolarimizning fizika, kimyo, botanika, matematika haqidagi bilimlari oʻsha paytda naqadar yuksak boʻlganiga yana bir bor ishonch hosil qilindi.

Masalan, qogʻoz ipak qurtlari barglarini yeb tugatgan tut navdasi poʻstidan tayyorlanar ekan va u odatiy muqobilidan chidamliligi, xushboʻyligi hamda rangi bilan ajralib turishini ham bilib oldik. Masalan, oddiy oq qogʻoz 200-300-yil “yashasa”, Konigilda yaratilayotgan tut qogʻozi minglab yillar davomida oʻziga bitilgan maʼnaviy-maʼrifiy boylikni avlodlarga bekamu koʻst yetkazib berishi mumkin.

Konigildagi oqib turgan zilol suv, unga tutashib ketgan koʻplab charxpalaklar esa umrning har bir lahzasini mazmunli oʻtkazish haqida soʻzlayotgandek edi goʻyo. 

Xullas, turizm qishlogʻi goʻzal tabiati, tarixiy qadriyatlari, hunarmandchilik durdonalari, aholisining mehmondoʻstligi bilan oʻziga xosdir va bu haqli ravishda sayyohlar tomonidan eʼtirof etib kelinmoqda. 

Aytgancha, bu yerdagi “Konigil meros” hunarmandchilik markazida qogʻoz ishlab chiqarishdan tashqari, qadimiy anʼanalar asosida kulolchilik va duradgorchilik mahsulotlari hamda yogʻ ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan. Bundan tashqari, yuqoridan turib betakror manzaradan bahramand boʻlishga imkon beruvchi pavilyon mavjud. Shuningdek, har bir mehmon shu joyning oʻzida yetishtirilgan guruch va yogʻdan tayyorlangan palovni tatib koʻrish imkoniga ega. 

Bir soʻz bilan aytganda, “Konigil” turizm qishlogʻida madaniy dam olish, xalq hunarmandchiligi va urf-odatlar bilan bevosita tanishish mumkin. 

Safar soʻngida Samarqanddagi gastronomik koʻchada oʻz faoliyatini boshlagan "Chess Cafe” (Shaxmat kafesi)ga tashrif buyurdik. Eʼtiborlisi, ham sport, ham bilim, ham isteʼmol madaniyatini birlashtirgan bu joy ham qisqa vaqt ichida mehmonlarning sevimli maskanlaridan biriga aylanibdi. 

Kafeni ochgan tadbirkor Komiljon Negmatovning aytishicha, davlat rahbarining “Shaxmatni yana-da rivojlantirish va ommalashtirish, shuningdek, shaxmatchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori gʻoyasi ushbu tematik kafeni ochishimga turtki boʻlgan.

Bu yerda shaxmat oʻynash barobarida milliy va uygʻur taomlarini tanovul qilishingiz mumkin. Oʻz navbatida shaxmat turnirlari, darslar va koʻrgazmali partiyalar oʻtkazish uchun alohida joy ajratilgan.

Shunday qilib navbatdagi infotur nihoyasiga yetdi. Unda ishtirokchilar Samarqand viloyatining turistik salohiyati bilan yana bir bor yaqindan tanishishdi, hududlarda sayyohlik infratuzilmalari rivojlanib borayotganiga guvoh boʻlishdi. 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?