Yuz bilan yuzlashgan maktabda uch adib xotirasiga bagʻishlangan muzey ochildi

10:55 02 Sentyabr 2025 Jamiyat
227 0

Shofirkon tumanidagi 4-umumiy taʼlim maktabi bundan yuz yil muqaddam oʻz faoliyatini boshlagan edi. Oʻshanda ikki-uch sinfxonadan iborat boʻlgan goʻsha bugungi kunda koʻrsa havas qilgulik zamonaviy taʼlim maskaniga aylangan. Bu dargohdan yurt ravnaqi yoʻlida fidoyilik koʻrsatgan koʻplab elparvar insonlar yetishib chiqqan. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, shoir, publitsist, tarjimon Toshpoʻlat Ahmad, yozuvchi Ahad Hasan, isteʼdodli adib va olim Ilhom Hasanov ana shunday yurtdoshlarimizdan edi.

— Oʻzining ibratli hayoti, serqirra faoliyati bilan yosh avlodga namuna boʻlgan insonlarning nomi unutilmaydi, — deydi maktab direktori Dilshod Narzullayev. — Yuqorida nomlari tilga olingan har uchala ijodkor oʻz vaqtida bilim dargohimizda oʻqigan. Ularning hayot yoʻli, ijodiy faoliyati, elparvarligi yosh avlod uchun namunadir. Shularni inobatga olgan holda maktabimizda bu ijodkorlarga bagʻishlangan maxsus muzey tashkil etdik.

Oʻziga xos maʼrifat va maʼnaviyat oʻchogʻi vazifasini oʻtaydigan muzeydan “Tabassum bogʻi”, “Gavhari jonim”, “Qutlugʻ ostona”, “Imon qalʼasi” kabi oʻnlab kitoblar muallifi boʻlgan Toshpoʻlat Ahmad, “Qizilqum qizi”, “Koʻhna Buxoro qissalari” kabi kitoblar muallifi Ahad Hasan, “Biri kam dunyo”, “Tahlika” asarlari avtori Ilhom Hasanov hayoti va ijodiga oid koʻplab qiziqarli maʼlumotlar, suratlar, kitoblar oʻrin olgan.

Yurtimizda istiqlol bayrami shukuhi kezib yurgan shu kunlarda mazkur maktab tashkil topganining 100-yilligi nishonlanib, adiblar xotirasiga bagʻishlangan muzeyning ochilishi ham boʻlib oʻtdi. Unda pedagoglar, yoshlar, marhum adiblarning yaqinlari, olim va ijodkorlar ishtirok etishdi.

Istam IBROHIMOV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер