Yorugʻ kunlar qadri

Mingbuloqlik Mustafo ota Murodov bugun umrining saksoninchi faslida ham yoshiga nisbatan ancha tetik. Kaftdekkina hovlisida roʻzgʻor yumushlari bilan andarmon. Nigohlarida ajib shukronalik, mamnunlikni ilgʻaysiz. Boisi hayot atalmish tiriklikdan ulugʻroq neʼmat, uning mazmundorligidan teranroq boylik yoʻq.
– Qirq sakkiz yillik mehnat faoliyatim davomida uch joyda ishladim, – deydi oqsoqol. – Boshida oʻqituvchi boʻlib, oʻn uch yil qishlogʻimizdagi maktabda tarix fanidan dars berdim. Keyin Samarqand Qishloq xoʻjaligi institutini sirtdan tamomlab, davlat xoʻjaligida oʻn toʻrt yil direktor oʻrinbosari, mustaqillikning dastlabki yillarida “Mingbuloq” ovul fuqarolar yigʻiniga raislik qildim.
M. Murodov har biri yostiqdek albomlarni varaqlaydi. Ularda viloyat markazidan toʻrt yuz kilometr olislikdagi moʻjazgina qishloqning oqsoqol faoliyati bilan bogʻliq oʻtmishi muhrlangan. Qishloqda ikkinchi jahon urushida halok boʻlganlar xotirasiga yodgorlik oʻrnatish, qishloq qabristoniga devor aylantirib obodonlashtirish, elektr tarmoqlarini tortish, yozgi kinoteatr, yoʻl qurilishi bir soʻz bilan aytganda, infratizimning barcha qulayliklari bevosita oqsoqolning deputatlik faoliyatining samarasi, deyish mumkin. Boisi u 1976-yildan eʼtiboran xalq deputatlari Uchquduq tuman kengashiga uzluksiz deputat etib saylandi.
Ovuldagi qurilishlarning har biri mablagʻ talab etib, oʻsha yillar eng avvalo ularning samaradorligi inobatga olinardi. Tabiiyki, bu qanchadan-qancha qogʻozbozlik degan gap.
— Ovuldagi kasalxonamizga UAZ “Tez yordam” mashinasi ajratilishi masalasida oʻn martalab Navoiyga bordim, — deydi M. Murodov. — Har safar “navbati bilan”, deb qaytarib yuborishardi. Men ham qoʻymadim, oxiri ajratishdi.
Mustafo ogʻa Murodovning deputatlik faoliyatidagi jonkuyarligiga bejiz toʻxtalmadik. Oqsoqol yaqinda yana viloyat hokimi qabuliga kirdi.
— Farzandlarimning hammasi uyli-joyli, roʻzgʻorimdayam hech bir kamchilik yoʻq, – davom etadi Mustafo ogʻa. – Yaqinda Uchquduqning toʻrt-besh ovulidagi oʻzgarishlarni koʻrib boshim osmonga yetdi. Mingbuloq ovulidagi 11- maktab, 4-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti hamda qishloq vrachlik punkti toʻliq kapital taʼmirdan chiqarilganidan aholi minnatdor. Kaftdekkina ovulning ichki yoʻllari asfaltlanib, koʻchalarga tungi chiroqlar oʻrnatildi. Ovul maktabiga markazdan kelib dars beradigan oʻqituvchilar uchun 4 ta uy qurilib, aniq fanlar boʻyicha pedagog kadrlar tanqisligi barham topgan. OSHP shifokori va OFY profilaktika noziri ham xizmat uy-joy bilan taʼminlanibdi. Qariyb oʻttiz yil ovulimizda bir choʻp qadalib, biror-bir imorat tiklangan emasdi. Bir yilda yetti uxlab tushimizga ham kirmagan oʻzgarishlar roʻy berdi. Odamlarimiz koʻngliga ertangi kunga mustahkam ishonch qaytdi. Ochigʻi, oʻzgarishlarni televizordan koʻrib, bizlarga bu yangiliklar qachon kelarkan, derdik. Bugun shularni koʻrib turibmiz. Ming qatla shukur shu kunlarga yetkazdi.
Albatta, har bir umr uning sohibi kabi betakror. Binobarin u mamlakatimizning qaysi goʻshasida istiqomat qilmasin, baxtli yashash, zamon taqdim etayotgan roʻshnoliklardan bahramand boʻlishga haqli. Mustafo ogʻa shular haqida oʻz mulohazalar bildirarkan, duoga qoʻl ochadi.
Keksalik – uni har kim oʻzicha tushunadi. Tibbiyot jismoniy kuchsizlanish desa, ahli donish shunchaki hayot davom etmoqda deya eʼtirof etadi. Bir narsa aniq – keksa dil jindek eʼtibor, bir ogʻiz shirin soʻzning sadagʻasi. Iymonni samimiyatga tikkan keksalarning duosi esa ijobat boʻladi.
Temur ESHBOYEV
“Xalq soʻzi” muxbiri.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollar kursi oʻzgardi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring