“Yashil makon”: Fargʻonada YUNESKOning 80 yilligi munosabati bilan koʻchat ekish tadbiri oʻtkazildi
Fargʻona viloyatining Quva tumanida joylashgan “Karkidon” suv ombori hududida YUNESKOning 80-yilligi hamda “Yashil makon” umummilliy loyihasining kuzgi mavsumi doirasida koʻchat ekish tadbiri tashkil etildi.
Unda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov ishtirok etib, Prezidentimiz tashabbusi bilan hayotga tatbiq etilgan “Yashil makon” loyihasi boʻyicha Fargʻonada har yili oʻrtacha 15-18 million tup manzarali daraxtlar ekilayotganini taʼkidladi.
Mazkur tadbir hududda ekoturizmni rivojlantirish hamda barkamol avlod qalbida tabiatga muhabbat va masʼuliyat tuygʻusini mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
— Shu yilning bahorida viloyatda 11 million tupdan ortiq koʻchat ekildi, kuzgi mavsumda yana 9,5 million tup koʻchat ekish rejalashtirilgan, —deydi Fargʻona viloyati ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi shoʻba boshligʻi Jamshid Alisherov. — Ayni paytda viloyatda 40 million tupga yaqin koʻchat zaxirasi mavjud. YUNESKOning 80-yilligi munosabati bilan esa birgina “Karkidon” hududida 20 ming tup koʻchat ekish koʻzda tutilgan.
Mahalliy iqlim sharoitidan kelib chiqib, yapon saforasi, qayragʻoch va archa koʻchatlari ekilyapti. Bu daraxtlar suvsizlik va issiqqa chidamli boʻlgani uchun ushbu hududning iqlimiga juda oson moslashadi. Shu bilan birga, 16 ta yer osti qudugʻi orqali zamonaviy tomchilatib sugʻorish tizimi joriy etilgan boʻlib, bu koʻchatlarning tez va sogʻlom oʻsishini taʼminlaydi.
Xayrli tashabbusning mantiqiy davomi sifatida “Karkidon”da Yoshlar ishlari agentligi Fargʻona viloyati boshqarmasi tomonidan “Obod yurt” shiori ostida keng koʻlamli obodonlashtirish ishlari ham olib borildi. Unda fargʻonalik yoshlardan iborat tashabbuskor guruhlar tomonidan manzarali daraxtlar ekilib, yashil maydonlarni kengaytirish va hududni tozalash ishlari amalga oshirildi.
Aytish joiz, Fargʻona viloyati hokimligi tashabbusi bilan tabiati soʻlim “Karkidon” suv ombori hududida 280 gektar yer oʻzlashtirilib, turizmni rivojlantirish maqsadida jahon andozalari boʻyicha xizmat koʻrsatish va servis tarmoqlari bunyod etilmoqda.
Botir MADIYOROV
(“Xalq soʻzi”).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Komiljonov Muxammadsolih Sobirjon oʻgʻlining “Salomatlik landshaftlarini tashkil etish tamoyillarini ishlab chiqish” mavzusidagi (arxitektura fanlari boʻyicha) falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasining himoyasi eʼloni
- Ukrainada jurnalistlarni olib ketayotgan avtomobil dronlar hujumiga uchradi
- Rossiya yangi urushga tayyorgarlik koʻrmoqda — Germaniya mudofaa vaziri
- Tehronda vaziyat jiddiy: poytaxt aholisi evakuatsiya qilinishi mumkin
- «Yevroosiyo Banki» Aksiyadorlik jamiyatining tugatish komissiyasi xabari
- Namangan – yangilanish va goʻzallik shahri
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring