“Yashil iqtisodiyot”: yangi ish oʻrinlar va yangi talablar

16:45 05 Iyun 2025 Jamiyat
35 0

Jahon miqyosida global ekologik muammolar, iqlim oʻzgarishi va tabiiy resurslarning cheklanganligi insoniyat oldiga yangi vazifalarni qoʻymoqda. Barqaror rivojlanishga erishish, inson salomatligi hamda tabiatni asrab-avaylash, ayniqsa, iqtisodiy faoliyatning barcha sohalarida ekologik yondashuvni talab qilmoqda. Ana shunday sharoitda “yashil iqtisodiyot” tamoyillari butun dunyoda tobora dolzarb ahamiyat kasb etib borayotir.

Mamlakatimizda 2016-yillardan boshlab amalga oshirilayotgan tadqiqotlar natijalari shuni koʻrsatmoqdaki, iqtisodiy oʻsishning istiqboli davlatimiz tomonidan qabul qilingan yashil iqtisodiyot konsepsiyasi bilan chambarchas bogʻliqligini isbotlamoqda. “Yashil iqtisodiy oʻsish” mexanizmini global, milliy va mintaqaviy darajada barqaror rivojlanishga oʻtishni taʼminlashning samarali amaliy vositasi sifatida tan olinmoqda. Iqtisodiy sohada “yashil oʻsish” mexanizmini samarali tatbiq etish, umuman, iqtisodiy oʻsish va ayniqsa, “yashil sanoat”ni rivojlantirishga yordam beradi.

Ijtimoiy nuqtayi nazardan, hayot sifatini yaxshilash va yangi yuqori texnologiyali ish oʻrinlarini yaratish, ekologik jihatdan esa, atrof-muhitni ifloslantirishga taʼsirni kamaytirish va pirovard natijada tabiiy kapitaldan foydalanish samaradorligini oshirishni taʼminlaydi.

Ayrim rivojlangan davlatlarning “yashil” ish oʻrinlarini yaratish tajribasini tahlil qilib koʻrish natijalari shuni koʻrsatmoqdaki, har bir aniq davlat uchun alohida iqtisodiy siyosiy xarakterdagi chora-tadbirlarini ishlab chiqish zarurati mavjud. Bu tadbirlar, avvalo, soliq-byudjet va pul-kredit siyosati sohasini tartibga solish, tarmoqlarning iqtisodiy siyosiy dasturlarini ishlab chiqishda, “yashil” ish oʻrinlari yaratishga alohida eʼtibor qaratilish lozimligini taqozo etmoqda.

Biroq “yashil iqtisodiyot” va uglerod bilan bogʻliq boʻlgan sohalarida mavjud yagona rivojlanish yondashuvlari dunyoning koʻplab mamlakatlari qonunchiligiga kiritilgan boʻlsada, alohida mamlakatlar darajasida “yashil” ish oʻrinlarini yaratishga qaratilgan maqsadli hujjatlar qabul qilinmagan, mavjudlari ham yetarli darajada mukammal emas.

Yangi “yashil” ish oʻrinlarini yaratish — asosiy maqsad

Oʻzbekiston mehnat bozoridagi vaziyatni tahlilidan koʻrish mumkinki, mavjud ish joylarini “yashil iqtisod” talablari asosida qayta tashkil etish ishlari boʻyicha istiqbolli yoʻnalishlar, shu jumladan, yangi “yashil” ish oʻrinlarini yaratish keng koʻlamli muhim tadbirlarni amalga oshirishni talab etadi. Hozirgi mavjud ish joylarini yangi talablar asosida qayta tashkil qilish va yangi “yashil” ish oʻrinlarini yaratish uchun istiqbolli yoʻnalishlar belgilab olingan.

Jumladan, organik qishloq xoʻjaligi, elektr transporti va xizmat koʻrsatish infratuzilmasi, energetika, sanoat ishlab chiqarishi, chiqindilarni qayta ishlash, “yashil” moliyalashtirish, taʼlim va kadrlar tayyorlash kabilar shular sirasiga kiradi.

Shu munosabat bilan keyingi yillarda mamlakatimizda cheklangan suv zaxiralaridan samarali foydalanish, qishloq xoʻjaligi yerlari biofondini tiklash, shoʻrlangan va eroziyaga uchragan maydonlarni qayta foydalanishga kiritish, ekotizimlar biologik xilma-xilligini saqlab qolish, “yashil energetika” va agrotexnologiyalar kabi muhim yoʻnalishlarda taʼlim, ilmiy tadqiqot va ishlanmalar transferini samarali yoʻlga qoʻyish masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Taʼkidlash joizki, davlatimiz rahbarining 2023-yilda qabul qilingan “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va «yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida»gi Farmoni bu sohadagi muhim qadamlardan biri boʻldi, desak, ayni haqiqat.

Mazkur hujjat orqali mamlakatimizda “yashil iqtisodiyot” gʻoyasini amalga oshirish, iqlim oʻzgarishining salbiy taʼsirlariga moslashish, atrof-muhitni muhofaza qilish, shuningdek, barqaror moliyalashtirish mexanizmlarini joriy etishga keng yoʻl ochildi.

Bu shunchaki iqtisodiy faoliyat emas...

Xoʻsh, “yashil iqtisodiyot”ning oʻzi nima? Nima uchun bugun ushbu atamaga, sohaga koʻp murojaat qilinyapti?

“Yashil iqtisodiyot” tushunchasi ilmiy muomalaga oʻtgan asrning oxirida kiritilgan boʻlib, u iqtisodiy faoliyatning tabiat, jamiyat va inson manfaatlariga mutanosib ravishda yoʻnaltirilgan yangi shakli sifatida qaraladi. Bu iqtisodiyot turi ekologiya, falsafa, resurslarga asoslangan iqtisodiyot, aholining rivojlanishi hamda gender siyosatini qamrab olgan holda, inson farovonligini oshirishga qaratilgan.

“Yashil iqtisodiyot” — bu shunchaki iqtisodiy faoliyat emas, balki resurslarni tejash, atrof-muhitni asrash, ishlab chiqarish hamda xizmat koʻrsatish sohalarini ekologik talablarga mos ravishda rivojlantirishni oʻz ichiga olgan tizimdir. Bu tizimda davlat yoki biznes emas, avvalo, aholi — har bir inson manfaatdor hisoblanadi.

“Yashil iqtisodiyot” nafaqat ekologik barqarorlik, balki ijtimoiy samaradorlikni ham taʼminlaydi. Bu yoʻnalishda amalga oshirilayotgan islohotlar yangicha mutaxassisliklar, yangi ish oʻrinlari va yangi malaka talablarini yuzaga chiqaradi.

Energiyani tejaydigan texnologiyalar, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, atrof-muhitga zararsiz qurilish materiallari ishlab chiqarish, ekologik toza transport turlarini joriy etish singari sohalarda yangi mutaxassislarga ehtiyoj ortib bormoqda.

Shu nuqtayi nazardan olib qaralsa, “yashil iqtisodiyot” nafaqat ekologik, balki ijtimoiy masalalar — ish bilan bandlik va daromad manbalarini diversifikatsiyalash uchun ham muhim vositaga aylanmoqda.

Oʻzbekistonda keyingi yillarda “yashil energetika”ga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ishlab chiqarishda qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish nafaqat muhitni muhofaza qiladi, balki iqtisodiy samaradorlikni ham taʼminlaydi.

Tahlillarga koʻra, hozirgi kunda neft, gaz va koʻmirdan foydalanish hisobiga har yili yalpi ichki mahsulot (YAIM)ning kamida 4,5 foizi yoʻqotilayotgani aniqlangan. Shu bilan birga, mavjud energiya quvvatlarining yarmidan koʻp qismi yaroqsiz holga kelgan.

Bunday sharoitda quyosh va shamol energiyasidan foydalanish, gidroenergetik quvvatlarni rivojlantirish samarali yechim sifatida qaralayotir.

Xususan, 2030-yilga qadar umumiy quvvati 4,5 GVt boʻlgan yirik quyosh va shamol stansiyalari, 785 megavattli quyosh panellari, 225 megavattli gidro elektr stansiyalari ishga tushirilishi koʻzda tutilmoqda. Natijada elektr energiyasi ishlab chiqarishda qayta tiklanuvchi manbalar ulushi 26 foizga, jami generatsiyadagi ulushi esa 40 foizga yetkaziladi.

Bu nima degani, bu — yangi ish oʻrinlari yaratilishi bilan bilan, aholi farovonligi taʼminlanadi, degani.

“Yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirishda amaliy chora-tadbirlar

“Yashil iqtisodiyot”ni samarali yoʻlga qoʻyish uchun quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish zarur:

Birinchidan, iqtisodiy oʻsish va ekologik barqarorlik uygʻunligi – moddiy neʼmatlarni yaratishda tabiat va atrof-muhitga zarar yetkazmasdan ishlab chiqarish jarayonlarini tashkil etish;

Ikkinchidan, energiya resurslari manbalarida diversifikatsiya — qayta tiklanadigan energiya manbalari hissasini oshirish, jamoat transportini elektr energiyasiga oʻtkazish, energiya tejovchi binolarni qurish;

Uchinchidan, ekologik toza texnologiyalar va mahsulotlar — zararli chiqindilar chiqarmaydigan, atrof-muhitni muhofaza qiluvchi texnologiyalarni rivojlantirish va mahsulotlar ishlab chiqarish;

Toʻrtinchidan, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish — cheklangan resurslar va cheksiz ehtiyojlar oʻrtasidagi muvozanatni taʼminlash;

Beshinchidan, ishlab chiqarishni oqilona rejalashtirish — qancha va qanday ishlab chiqarish kerakligini, kimga moʻljallashni atrof-muhitni hisobga olgan holda belgilash.

Xulosa qilib aytganda, yashil iqtisodiyot — bu kelajak iqtisodiyotidir. U inson, tabiat va iqtisodiyotning uygʻunligini taʼminlashga qaratilgan boʻlib, barqaror rivojlanishning asosiy yoʻli sifatida eʼtirof etilmoqda. Bu sohadagi islohotlar faqat iqtisodiy emas, balki ijtimoiy va ekologik samaradorlikni ham taʼminlashi bilan muhimdir.

Oʻzbekiston ham mazkur jarayonda faol ishtirok etmoqda. “Yashil iqtisodiyot”ga oʻtish strategiyasi, yashil energetikaga oid loyihalar, ish oʻrinlari va yangi talablarning paydo boʻlishi mamlakatimizda barqaror taraqqiyotga erishishga xizmat qilmoqda.

Aziza IRMATOVA,

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti

Mehnat iqtisodiyoti kafedrasi professori,

iqtisodiyot fanlari doktori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер