Yapon qizini hayratga solgan sanʼat
Oʻshanda yapon qizi Emi Imaxore Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Tarix institutida tadqiqot ishlari olib borish uchun yurtimizga kelgandi. Oʻzbek milliy madaniyati, etnografiyasini oʻrganishga astoydil kirishgan Emi olis Shofirkonning Hovlipoyon qishlogʻiga bordi-yu xalq amaliy sanʼati ustasi Zuhra Obloberdiyevaga ipsiz bogʻlanib qoldi. Uning xonadonida ikki yil istiqomat qilib, oʻzbek tilini, milliy urf-odatlarni, pillachilik va boʻz toʻqish, xususan, kashtachilik sirlarini atroflicha oʻrgandi.
— Shundan buyon Emi oʻz qizimdek boʻlib qolgan, — deydi 23-yil avvalgi voqeani eslarkan Zuhra opa. — Hamkorligimiz hali-hanuz davom etmoqda. Eʼtiborlisi, Shofirkonning qoʻl mehnatiga asoslangan kashtachilik maktabini mukammal oʻrganib, tadqiq qilgan oddiy yapon qizi professor darajasiga yetishdi.
Voqealar rivojidan oʻzib aytish lozimki, yaqinda Tokaya universiteti professori Emi Imaxore Oʻzbekistonga, qadrdon xonadoniga kelib, Zuhra opaga “Kashtachilik ayollar dunyosini qanday oʻzgartiradi?” deb nomlangan kitobini taqdim etdi. Unda nafaqat Shofirkon, balki Nurota, Boysun, Shahrisabz kashtachilik maktablarining Temuriylar davridan boshlab to hozirga qadar boʻlgan rivojlanish tarixi, oʻziga xos jihatlari, bu hunarning xotin-qizlar hayotidagi oʻrni va ahamiyati tadqiq qilingan.
— Zuhra opa va uning shogirdlari qoʻlida jilo topgan soʻzanalar moʻjizaning oʻzginasi, — deydi Emi Imaxore. — Ulardagi naqshlarda, ranglarda yurtingizning betakror tabiati, oʻzbek ayolining qalb kechinmalari, orzu-umidlarini koʻrasiz. Soʻzanalar nafaqat meni, balki vatandoshlarimni ham hayratga solmoqda. 2024-yilda Tokioda Zuhra opaning shaxsiy koʻrgazmasini oʻtkazganimizda bunga yana bir karra shohid boʻlganman. Men kishidan oʻta sinchkovlik, qunt, yuksak did, koʻz nuri va qalb qoʻrini talab etadigan bu sanʼatni Yaponiyada targʻib qilishdan mamnunman.
Shu oʻrinda ildizi olis oʻtmishga borib taqaladigan Shofirkon kashtachilik maktabi va unga qayta hayot bagʻishlagan Z. Obloberdiyeva faoliyati xususida qisqacha toʻxtalish foydadan xoli emas. Institutni tamomlab, faoliyatini oddiy qishloq oʻqituvchisi sifatida boshlagan, bolaligidayoq buvisi Zubaydaxon, onasi Zulayxo ayadan kashtachilik sirlarini oʻrgangan qahramonimiz oʻz taʼbiri bilan aytganida, milliy naqshlar ichida yashab kam boʻlmadi. Viloyat hokimligi hamda BMTning Oʻzbekistondagi doimiy vakili Xolid Malik va boshqa soha fidoyilarining qoʻllab-quvvatlashi bilan Shofirkonda kashtachilik maktabiga asos soldi. Respublikamizning turli goʻshalaridan kelgan oʻnlab yoshlarga hunar oʻrgatdi. Muhimi, bir joyda toʻxtab qolmadi. Hindistonda boʻlib, tabiiy boʻyoqlar tayyorlash sir-asrorini oʻzlashtirdi. Indoneziya, Turkiya, Italiya, Yaponiya kabi davlatlarda tashkil etilgan nufuzli xalqaro koʻrgazmalarda qatnashdi.
— Ona yurtimizning sadaqasi ketay, — deydi Zuhra opa. — Qay bir mamlakatga bormay “Mening Vatanim Oʻzbekiston, Buxoro”, degan chogʻimda odamlarning chehrasi yorishib ketadi. Niyatim xalqimizning boy merosini dunyoga tanitish edi. Maqsadimga yetdim. Qoʻl mehnatiga asoslangan kitobim ham chop etildi. U xalq amaliy sanʼati yoʻnalishida saboq olayotgan talabalar, shu hunarga ixlos qoʻygan yoshlar uchun qoʻllanma vazifasini oʻtayapti.
Darvoqe, har ikki yilda Tokaya universitetining bir guruh talabalari “Doʻstlik” ordeni sohibi Zuhra Obloberdiyeva xonadonida boʻlib, kashtachilik sir-asrorlarini oʻrganishmoqda. Kunchiqar yurt yoshlaridagi ibrat olsa arzigulik qiziqish, intilish va masʼuliyatni koʻrib xonadon bekasi oʻzini qoʻyarga joy topolmay qoladi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga kirish narxlari eʼlon qilindi
- Yaqin Sharqdagi keskinlikning narxi: AQSH, Isroil hamda Eron urush uchun qancha sarflayapti?
- “Barselona” qiyin gʻalabani qoʻlga kiritdi
- Ayollar Osiyo chempionati musobaqasining 3-tur oʻyinlari davom ettirildi
- Tramp Erondagi harbiy operatsiya “deyarli yakunlanganini” maʼlum qildi
- Bugun Eronga juda qattiq zarba berilishi mumkin – Tramp
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring