Yangi zamonaviy suzish havzalarini qurish xarajatlari qoplab beriladi

17:41 28 Yanvar 2026 Hujjatlar
768 0

Hukumatning 2026-yil 27-yanvardagi qarori bilan “Yangi zamonaviy suzish havzalarini (basseyn) qurish va ishga tushirish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatish”ning maʼmuriy reglamenti tasdiqlandi. Bu haqida “Huquqiy axborot” Telegram-kanali xabar berdi.

Mazkur reglamentga muvofiq, talabgorlar tomonidan taqdim etilgan dastlabki 100 ta suzish havzasini qurish va ishga tushirish bilan bogʻliq xarajatlar qoplab berilishi rejalashtirilgan.

Bunda mablagʻlar 2026-yil 1-fevraldan 2028-yil 1-yanvargacha suzish havzalarini tashkil etish xarajatlarining 50 foizigacha, lekin 100 million soʻmdan oshmagan qismi uchun ajratiladi.

Talabgor quyidagi talablarga javob berishi lozim boʻladi:

  • soliq va yigʻimlar boʻyicha qarzdorligi boʻlmasligi;
  • qayta tashkil etish yoki tugatish jarayonida boʻlmasligi;
  • faoliyati qonunchilikda belgilangan tartibda vaqtincha toʻxtatilgan boʻlmasligi;
  • sud qarori asosida toʻlovga qobiliyatsiz deb eʼlon qilingan boʻlmasligi.

Shuningdek, talabgor xarajatlarni qoplash uchun Davlat xizmatlari markaziga yoki YAIDXP orqali Turizm qoʻmitasiga ariza bilan murojaat qiladi.

Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:

  • suzish havzasining loyiha hujjatlari nusxasi;
  • suzish havzasini qurish va ishga tushirish uchun tuzilgan pudrat shartnomasi nusxasi;
  • shartnomaga asosan toʻlov amalga oshirilganini tasdiqlovchi elektron hujjat nusxalari.

Qoʻmita xarajatlarni qoplash toʻgʻrisida qaror qabul qilgan kundan boshlab 10 ish kuni mobaynida mablagʻlar talabgorning hisobvaragʻiga oʻtkazib beriladi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?