Yangi rekord: Oʻzbekistonning xalqaro zaxiralari 60 milliard dollarga yaqinlashdi

22:02 10 Noyabr 2025 Iqtisodiyot
413 0

2025-yilning 1-noyabr holatiga koʻra, Oʻzbekistonning rasmiy zaxira aktivlari 59,3 milliard dollarni tashkil qildi. Bu haqida Markaziy bankning Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro zaxiralari toʻgʻrisidagi hisobotida keltirildi.

Bunday yuqori koʻrsatkich respublika tarixidagi mutlaq rekord sanaladi. Jahon bozorida oltin narxlari yil boshidan beri qariyb 50 foizga oshdi. Oʻzbekiston oltin-valyuta zaxiralari bir oyda 4,3 milliard dollarga, joriy yil boshidan beri qariyb 18,2 milliard dollarga oshdi.

Maʼlumotlarga koʻra, oktyabr oyi davomida zaxiralarning valyuta qismi 731 million dollarga oʻsgan. Shuningdek, oltin qismining qiymati 3,6 milliard dollarga oshib, 47,8 milliard dollargacha ortgan.

Bundan tashqari, zaxiralar tarkibida oltinning fizik hajmi ham 11,6 million troya unsiyadan 11,9 million troya unsiyaga koʻpaygan.

Jahon bozorida oltin narxlarining oshib borishi fonida yil boshidan beri Oʻzbekistonning oltin-valyuta zaxiralari sezilarli darajada koʻpaygan. Markaziy bank tomonidan xarid qilingan qimmatli qogʻozlarning qiymati oʻtgan oyda biroz oshib, 1 milliard 23 million dollarga yetgan.

Bildirilishicha, oltin narxining yil boshidan beri keskin koʻtarilishi global bozorlar bilan bevosita bogʻliq. Fevral–may oylarida jahon miqyosida geosiyosiy tangliklar va AQSH federal rezerv siyosati tufayli oltin narxi keskin qimmatlagan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?