“Yangi Namangan” goʻzallikda tengi yoʻq maskanga aylanmoqda

Bir umr eski shahardagi otasidan qolgan katalakdek hovlida yashab kelgan Abdurashid aka besh yilcha avval kenja qizini poytaxtdagi mahallalardan biriga uzatgan edi. Oʻshanda kelinni tushirib ketishga kelgan qudalarning didi baland ekan chogʻi toʻy kuni guvaladan qurilgan katalakdek uylarga uncha mensimay qarashganday tuyuldi. Bundan ayniqsa, mezbonning birmuncha xijolat boʻlgani hamon yodida. Oʻtgan yili quda buva yana keldi, ikki nafar nabirasini yetaklagan qarindoshni bu safar Namanganning yuqori qismidagi yangi mahalladan olingan shinam xonadonda kutib olishdi. Endi behijolat. Poytaxtlik qudalarning ham yuziga tabassum yoyildi. Chunki gʻir-gʻir shabada esib turadigan daha koʻrku tarovati bilan ularning dilini yayratib yuborgan edi-da.
—Qoyil-yey, jonning rohati boʻpti-yu, bu qoʻnalgʻangiz. Uylarning koʻrkamligini qarang. Osmonoʻparligidan tushib ketmasin deb doʻppimni qoʻlimga oldim, — tan berganini yashirmaydi mehmon. – Qani sanaylik-chi, bir, ikki, uch, toʻrt, besh.... toʻqqiz qavat. Sip-silliq yoʻllar, maktab, bolalar bogʻchasi. Bir qadam narida ishxona. E-e, baxtingiz bor ekan, koʻz tegmasin!
Toshkentlik qarindoshga ham maʼqul tushgan turarjoy dahasi koʻp emas, keyingi uch-toʻrt yil orasida bunyod qilindi, goʻyoki shahar ichidagi shaharcha. Ilgari uning oʻrni odam bormaydigan tashlandiq yerlar boʻlgan, shu yerdan oqib oʻtgan katta ariq yoqasini egallagan qamishzorlarga kechalari yovvoyi it, chiyaboʻrilar oralaganini koʻpchilik yaxshi eslaydi.
Uch bosqichga moʻljallangan loyiha
Yurtimizning goʻzal goʻshalaridan hisoblangan Namanganning xaritasida bunday yangi manzillarni ifoda etuvchi belgilar yil sayin koʻpayib boryapti. Bu hayotiy zarurat. Demografik maʼlumotlarga koʻra, yiliga 25 ming kishiga koʻpayib borayotgan gullar shahrining aholisi 2026-yilga borib, million nafardan ortadi. Hududni aholi turmush darajasining oʻsish surʼatlariga moslashtirish, birinchi navbatda odamlarning turarjoyga boʻlgan ehtiyojini qondirish masalasi ustuvor qilib qoʻyilayotgani shundan.
Davlatobod tumanida tezkorlik bilan barpo etilayotgan “Yangi Namangan” shaharchasi ayni yoʻnalishda roʻyobga chiqarilayotgan yirik dasturlardan hisoblanadi. Ijrosi uch bosqichga moʻljallangan loyihaning birinchi navbati yakunlanib, odamlar zamonaviy xonadonlarga koʻchib kirganiga uncha koʻp boʻlgani yoʻq. Yangi daha viloyat markazidan uncha uzoq boʻlmagan va yaqin vaqtga qadar Ittifoq deya atalib kelingan aholi punkti negizida qad rostladi va “Yuksalish” nomini oldi. Mahalla 330 gektar maydonni egallagan boʻlib, birinchi bosqichda 84 ta koʻp qavatli turarjoy binolari barpo etilishi bilan 3841 oila oʻzining shinam xonadoniga ega boʻldi. Hududning bir paytning oʻzida qurilgan ijtimoiy infratuzilmasi, jumladan, bitta umumtaʼlim maktabi, ikkita bolalar bogʻchasi, ikkita shifoxona, savdo, maishiy xizmat koʻrsatish inshootlari aholi uchun katta qulaylik yaratgan.
“Yuksalish”ga koʻchib kelganlarning bandligi masalasida bu yerda tashkil etilgan uchta kichik sanoat zonasi va erkin iqtisodiy hudud imkoniyatlar eshigini ochgani koʻpchilikning dilidagi ish boʻldi. Ularga joylashtirilgan 3,9 trillion soʻm qiymatidagi loyihalar ishga tushirilishi bilan 26 mingdan koʻproq ish oʻrni ochildi. Joylarni band etgan ishbilarmonlarning koʻpchiligi oʻz biznesini muvaffaqiyatli yoʻlga qoʻyishga ulgurgani bu yerda tayyorlanayotgan mahsulotlar ichki va tashqi bozorda ham oʻrnini topgani misolida koʻzga tashlanmoqda.
— Ayni paytda shaharchaning navbatdagi bosqichi qurilishi jadal davom etmoqda, —deydi “Yangi Namangan” zamonaviy ishbilarmonlik markazi va turarjoylar majmuasini barpo etish davlat unitar korxonasi rahbari Rustamjon Isoqov. – Bu dastlabkisiga qaraganda ancha qamrovli loyiha boʻlib, 340 gektar maydonni egallaydi. Uning 282 gektariga biznes majmualar, mehmonxona va boshqa xizmat koʻrsatish inshootlari joylashtiriladi. 20800 xonadonga ega 171 ta koʻp qavatli turarjoy binolari, shunga yarasha infratuzilma barpo qilinadi. Imoratlarning aksariyati osmonoʻpar, yaʼni, 9, 16, 25 qavatgacha boʻlgan tartibda quriladi. Bunyodkorlik ishlarida birinchi navbatda ularning zilzilabardoshlik koʻrsatkichlari puxta hisob-kitob qilingan – yerning 9 ballgacha boʻlgan silkinishiga dosh bera oladi.
Aytish kerakki, sifat va tezkorlik bilan uygʻunlashgan qurilish texnologiyasi 2028-yilda yakunlanishi koʻzda tutilgan ikkinchi bosqich obyektlaridan koʻpchiligini bitkazish imkonini berdi. Masalan, uchta oliy taʼlim muassasiga moʻljallangan dahada Isʼhoqxon Ibrat nomli chet tillar institutining ming oʻrinli oʻquv binosi foydalanishga topshirildi. Toshkent kimyo texnologiya universiteti filiali oʻquv korpusi, NamDUning innovatsiya fakulteti va ikkita talabalar yotoqxonasi qurilishi jadal davom etyapti.
Bogʻmisan bogʻ boʻlibdi...
Havosi moʻtadilligi bilan aholining mazmunli madaniy hordiq chiqarishiga xizmat qiladigan “Yangi Oʻzbekiston” bogʻi zamonaviy shaharchaning jozibador obyektlaridan hisoblanadi. Quruvchilar uni 58 gektar maydonda barpo etishdi. Bu yerdagi katta yozgi amfiteatrda bir yoʻla 2500 kishi turli madaniy va koʻngilochar tadbirlarni tomosha qila oladi. U oʻtgan yili, eng ulugʻ, eng aziz bayramimizning 33-yilligiga bagʻishlangan viloyat bosh tadbirini nishonlash bilan rasmiy ravishda ochildi. Bogʻdagi 3,6 gektarda mavjlanib turgan sunʼiy koʻl, musiqali favvora yozning jazirama kunlarida ham tanga orom bagʻishlashi bilan barchaga birday yoqib tushmoqda. Istirohat maskanida boʻsh vaqtni mazmunli oʻtkazishga moʻljallangan mini-stadionlar, bouling maydonchasi, moʻjazgina “Vatanparvar” xiyobonining barpo etilgani ham ayni muddao boʻldi.
Bultur “Yangi Namangan”da “Yashil makon rezidensiyasi” turarjoy majmuasini ham tiklashga kirishildi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan marosimda uning sotuv ofisi ish boshladi.
—Xalqaro andozalar darajasida bunyod qilinadigan majmuaning umumiy loyiha qiymati 363 milliard soʻmga teng boʻlib, qurilish ishlari “Castle Town” masʼuliyati cheklangan jamiyati bosh pudratchiligida oshirilmoqda, — deydi Davlatobod tumani hokimi oʻrinbosari Sardor Rahimov. —Ayni paytda binokorlikka ixtisoslashgan tadbirkorlik subyektlari tomonidan 9, 12, 21-qavatli turar-joy obyektlari, mehmonxona va restoranlar, Xitoyning “BYD” kompaniyasida ishlab chiqarilgan avtomobillar sotuv ofisi hamda savdo va xizmat koʻrsatuvchi inshootlarni tiklash ishlari davom etmoqda. Loyiha yakuni bilan bu yerda koʻp qavatli binolarning oʻzida 877 ta shinam xonadonlar qurish rejalashtirilgan. Yangi majmua oʻz nomiga munosib boʻlib, uni yuksak ekologik talablar darajasida barpo etishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Darvoqe, “Yangi Namangan” gullar shahri xaritasiga “aqlli shahar” nomi bilan kiritilmoqda. “Aqlli shahar” deganlari qanday boʻladi? Davlat unitar korxonasi boʻlim boshligʻi Maʼmurjon Jalilov bu haqda shunday deydi:
— Xalqaro shaharsozlik anʼanalarida oʻziga xos inqilob yaratgan bu tushunchaning yuzaga kelganiga nisbatan koʻp boʻlgani yoʻq. U axborot va kommunikatsiya texnologiyalari taraqqiyoti hamda shu sohadagi yutuqlarning sohada keng foydalana boshlanganligi bilan bogʻliq. Yaʼni, AKT va internet imkoniyatlari shaharni, ayniqsa, uning infratuzilmasini zamonaviy usullarda boshqarishga yoʻl ochadi. Bu esa transport, taʼlimdan tortib sogʻliqni saqlash va uy-joy-kommunal xizmatgacha – hamma-hammasi yanada yuqori va mukammal darajaga koʻtariladi, demakdir. Shu tufayli aholining turmush farovonligi keskin oshadi, ularning barcha ehtiyojlari toʻlaroq qondiriladi.
Yana 10 mingta uy toʻyi boʻladi
Shu oʻrinda bugun va kelajak shahri hisoblangan mukammal maskanni bunyod qilish konsepsiyasi Turkining “Studio wertebro” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilib, “Toshkent boshplanLITI” DUK loyihasi asosida qurilayotganini aytib oʻtish lozim. Uning eʼtiborli jihatlari orasida ilgʻor “yashil texnologiya”lardan keng foydalanilganligi, bu yerda nafaqat yashash yoki biznes yuritish, sport bilan shugʻullanish, balki, kundalik turmush uchun eng zamonaviy shart-sharoit yaratilishi diqqatni jalb etadi. Jumladan, xavfsiz shahar sifatida butun hudud maxsus kameralar kuzatuviga olinadi. 30 gektarli botanika bogʻi, manzarali koʻchatlardan yaratilgan yashil belbogʻ, toʻplangan yomgʻir suvlarini qayta ishlatishga moʻljallangan tizim, har bir turarjoy binosi yonida barpo etiladigan va quyosh panellari yordamida ishlaydigan quvvatlash qurilmalari bilan jihozlangan avtoturargohlar. Kimning shunday bekamu koʻst oshyonda yashagisi kelmaydi, deysiz?
— Bobom, otam quruvchi oʻtishgan, men ham qirq yildan ortiq ular anʼanasini davom ettirdim, — deydi mehnat faxriysi Ahmadjon aka Fozilov. – Bugun binokorlik sohasi juda ildamlab ketdi. Bilsangiz, oʻtgan asr oxirlarida Namangan shahrida turarjoy binolarining eng balandi yetti qavatgacha boʻlgan, markazda uchtagina 9 qavatlisi bor edi. Endi “osmonoʻpar”lar kun sayin koʻpaymoqda. Aytishlaricha, “Yangi Namangan” shaharchasida 30-35 qavatlilari ham qad rostlaydi. Bu qurilish industriyasi rivoji, aholining oʻsib borayotgan ehtiyojini qondirish borasidagi amaliy harakatlar samarasi. Yangi uylarda istiqomat qilayotganlarning xursandligini aytmaysizmi. Ular hech birining kechagi kundagi sharoitda yashashga aslo qaytgisi kelmaydi.
Ha, aytgancha, oldinda aqlli shaharcha istiqbolli loyihasining yakunlovchi bosqichi turibdi. Unda eng avvalo, 50 ming xonadonga ega 700 dan ortiq koʻp qavatli turarjoy binolarini barpo etish koʻzda tutilgani, pirovardida “Yangi Namangan” yaxlit holda 200 mingga yaqin oilani bagʻriga olishi bilan ahamiyatli. Davlatimizning insonparvar ijtimoiy siyosati va kun sayin yuksalib borayotgan kuch-qudratining dalolati shunda emasmi?!
Keyingi yillarda yurtimizda kechayotgan hayotbaxsh oʻzgarishlar zamondoshlarimiz koʻz oʻngida, ularning faol ishtirokida yuz berayotgani bilan ahamiyatli. Kecha dastlabki binolarining poydevori qoʻyilgan yangi turarjoy dahalari ifodali aytganda kosmik tezlik bilan tiklanib, yuzlab oilalarni oʻz bagʻriga olmoqda. Ular loyihasi shunday mukammal ishlanganki, bu yerga koʻchib kelgan zahoti munosib turmush kechirish uchun bekamu koʻst sharoit yaratilganiga amin boʻladi, kishi. Maʼlumotlarga qaraganda, Namangan viloyatida keyingi yetti yil davomida 20 ming xonadonga ega 561 ta koʻp qavatli uylar barpo etilgan. Bu shahar va tumanlarda soʻnggi chorak asr mobaynida ayni yoʻnalishda erishilgan koʻrsatkichlarni ortda qoldirishi bilan hayratlanarli. Birgina joriy yilning oʻzida aholining turarjoyga ehtiyojmand qatlami uchun yana 170 ta koʻp qavatli bino tiklanmoqda va tez orada ularda 10 mingdan koʻproq oila uy toʻylarini nishonlaydi.
Qudratilla NAJMIDDINOV.
“Xalq soʻzi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Ekrandagi qabohatning hayotdagi aksi yoki yengil-yelpi seriallar jamiyatga nima beryapti?
- Nyu-York manzaralari
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring