Yangi loyihalar — yangi imkoniyatlar demak
Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida chorva naslini yaxshilash, mahsuldorligini oshirish, hayvonlarni kasalliklardan asrash, ozuqa yerlaridan samarali foydalanish masalalariga bagʻishlangan amaliy seminar oʻtkazildi. Unda bank-moliya tizimi vakillari, Naslchilik milliy markazi, Baliqchilik ilmiy-tadqiqot instituti olimlari va tumandagi yuzdan ortiq chorvachilik yoʻnalishida faoliyat olib borayotgan fermer xoʻjaligi rahbarlari ishtirok etishdi.

-Oʻtgan yil tumanimizda 8,2 ming tonna goʻsht, 8 ming tonna sut, 86,6 mln.dona tuxum, 40,7 tonna baliq,10,6 tonna asal yetishtirilgan. Aholi jon boshiga hisoblaganda koʻrsatkichlarimiz yomon emas. Biroq qancha koʻp mahsulot ishlab chiqarilsa, bu — eng avvalo oʻzimiz va tuman iqtisodiyoti uchun foydali, — dedi tuman veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boʻlimi boshligʻi Alimardon Jumaboyev. – Ayni paytda chorvadorlarimiz ixtiyorida 87 ming 576 gektardan ortiq yer mavjud. Yaylovning oʻzi 69 ming 865 gektardan ortiq. 24 nafar tadbirkorimiz ixtiyoridagi qoʻylar soni ming boshdan 2-3 ming boshga qadar koʻpaygan. Demak bugun biz nafaqat chorvani koʻpaytirish, balki goʻsht va sut mahsulotlarini qayta ishlashni yoʻlga qoʻyishimiz zarur.

Maʼlumotlarga koʻra, bugun Ohangaron tumanida chorvachilik yoʻnalishida jami 327 ta xoʻjaliklar faoliyat yuritmoqda. Joriy yil umumiy qiymati 848 mlrd. soʻmlik 59 ta loyihalar roʻyobga chiqariladi. Natijada mazkur loyihalar doirasida chetdan 6350 bosh naslli qoramollar va 2961 bosh qoʻylar hamda 816 ming bosh naslli parrandalar olib kelinadi. Agar raqamlarga yanada aniqlik kiritadigan boʻlsak, qoramolchilikda 5,6 mlrd. soʻmlik 19 ta, qoʻychilikda 26 mlrd. soʻmlik 20 ta, yilqichilikda 3 mlrd. soʻmlik 2 ta, parrandachilikda 812 mlrd. soʻmlik 6 ta, baliqchilikda 1 mlrd. soʻmlik 1 ta, asalarichilikda 660 mln. soʻmlik 10 ta, sut mahsulotini qayta ishlash borasida 550 mln. soʻmlik 1 ta loyihalar shakllantirilgan va yil yakuniga qadar ishga tushiriladi.
Tadbirda Naslchilik milliy markazi direktori Olimjon Mamatqulov soʻzga chiqib korxonaning bugungi salohiyati va markazning ishlab chiqarish laboratoriyasida zamonaviy nemis uskunalarida tayyorlanib qadoqlangan va chuqur muzlatilgan buqa urugʻlarining sifati, bu borada kafolatli xizmatni yoʻlga qoʻyishning ahamiyati, mutaxassislar malakasini oshirish masalalari boʻyicha oʻz mulohazalarini bildirdi.

-Oʻz kasbini puxta egallagan, malakali seminator xuddi qoʻli yengil va bilimdon vetvrach singari muammoga oʻrin qoldirmaydi. Uni odamlar ham yaxshi koʻradi, ishonadi ham, — dedi Olimjon Mamatqulov. — Biz esa yetkazib berilayotgan buqa urugʻlarining sifatiga shunchaki emas, chuqur nazorat va tahlil natijasiga koʻra kafolat beramiz. Yuqori koʻrsatkichlari tufayli aholini eʼtirofiga sazovor boʻlgan mutaxassislarni doimiy ravishda taqdirlayapmiz. Chunki ishlayman degan odam bahona qidirmaydi, urugʻni harakatchanligiyu sifatini mikroskopda tekshirib oladiyu mijozlarini qidirib ketadi, xonadonbay ishlaydi. Halovatdan kechgan, har bir qoʻngʻiroqqa labbay, deya javob bergan mutaxassislarning daromadini esa Allohning oʻzi qoʻsha qoʻsha beraveradi. Aslida bugungi seminarning maqsadi ham shu – farovonlik yoʻlidagi saʼy harakatlarimizni birgalikda yuqori pogʻonaga koʻtarish. Bu borada bizning eshigimiz hamma va hamma uchun tunu kun ochiq.

Ohangaronlik fermerlarni boshini qovushtirib ularni ochiq muloqotga chorlagan mutasaddilar oʻz telefon nomerlarini eʼlon qilishdi Muammo tugʻilsa yo maslahat zarur boʻlsa, bemalol qoʻngʻiroq qilavering, biz xizmatda deyishdi. Shuning oʻziyoq tadbir shunchaki nomiga emas, balki amaliy hamkorlik tarzida oʻtganidan dalolatdir.
Abdunabi Aliqulov, “Xalq soʻzi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Abduqodir Husanov yana bir bor “Real Madrid”ga qarshi oʻynaydi
- Bolalar saratoniga qarshi kurash: xalqaro hamkorlikdagi muhim qadam
- Superliganing 2026-yilgi mavsumi boshlanmoqda
- Har burchagida tarix yashiringan shahar — Londondan fotoreportaj
- Dzyudo boʻyicha Toshkent “Katta dubulgʻa” musobaqasi boshlandi
- 1-mart — Zulfiya tavallud topgan kun. “Bugun tunda kelarmish bahor”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring