Yangi yilga tuhfa: Termizda yangi savdo majmuasi ish boshladi

13:45 22 Dekabr 2025 Jamiyat
164 0

Aholi uchun qulay, xavfsiz va tartibli savdo muhitini yaratish, kundalik ehtiyoj mahsulotlarini sifatli va maqbul narxlarda taqdim etish borasida hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar izchil davom etmoqda.

Shu maqsadda Termiz shahridagi “Yashil dunyo” markaziy dehqon bozori hududida barcha zamonaviy talablarga javob beradigan yangi savdo majmuasi tantanali ravishda foydalanishga topshirildi. Yangi yil bayrami munosabati bilan ushbu majmuada aholi uchun zarur boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlari arzonlashtirilgan narxlarda sotuvga chiqarildi.

Tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi Ulugʻbek Qosimov ishtirok etib, yurtdoshlarimizni Yangi yil bayrami bilan qutladi, bolajonlarga bayram sovgʻalari ulashildi.

— Yangi ochilgan savdo joylari keng, toza va juda qulay ekan. Narxlar ham ancha arzon. Oilam uchun kerakli mahsulotlarni ortiqcha ovoragarchiliksiz xarid qildim. Bu xalq uchun katta gʻamxoʻrlik, — deydi bozorga xarid uchun kelgan termizlik fuqaro Mastura Xolboyeva.

Shuningdek, tadbir doirasida “Zoom” platformasi orqali tumanlarda tashkil etilgan Yangi yil yarmarkalari faoliyati yuzasidan mutasaddilar bilan muloqot oʻtkazildi. Unda arzonlashtirilgan oziq-ovqat mahsulotlari savdosini aholi ehtiyojlariga mos, yetarli hajmda va sifatli tashkil etish masalalari atroflicha muhokama qilinib, masʼullarga aniq vazifalar belgilab berildi.

Yangi savdo majmuasining ishga tushirilishi aholi uchun yana bir qulaylik boʻlib, bayram kunlarida bozorlardagi fayz va farovonlikni yanada oshirishi shubhasiz.

Farhod ESONOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?