Yaxshi kelsa hut…
Bahorning tabiati qiziq. Quyosh charaqlab turgan onda birdan shamol turadiyu atrofni qora bulut koʻlankasi egallab oladi. Soʻng yomgʻir yogʻadi, u hatto qorga aylanadi. Xuddi shu kecha-kunduzdagidek…
Koʻklamning birinchi oyi ham yarimlab qolgan boʻlishiga qaramay, yurtimizning koʻpgina hududlarida “laylak qor” yogʻib oʻtdi. Dala-dasht oppoq libos kiydi. Ob-havoning bunday injiqligi chorvadorlar, dehqonlar uchun baʼzi muammolarni ham tugʻdirayotgani tabiiy. Ayniqsa, ziroatchilik ortidan daromad topadigan insonlar zudlik bilan ekin-tikinni, mevali daraxtlarni sovuq urishidan asrash choralarini koʻrishi kerak.
Aslida, xalqimiz — dono, sinchi xalq. Ob-havoning turqu avzoyini, turli jonzotlarning xatti-harakatini doim sinchkov kuzatadi, muayyan tahlillar asosida ertangi kunning ob-havosini, hatto yilning qanday kelishini taxmin qiladi. Masalan, qantagʻ ogʻgach, yaʼni toʻqqizinchi fevraldan quyoshning nurlarida taft seziladi. Iliq nasimdan, tuproqda haroratning koʻtarilishidan borliqda ajib bir jonlanish, hayvonot va nabotot olamida uygʻonish roʻy bera boshlaydi. Bu qahraton qishning chekinib, koʻklamga yoʻl boʻshatayotganini bildiradi. Shu bois “Qantar ogʻsa, qor turmas”, deydi odamlar.
Biroq xalqimiz birinchi martdan ayamajuz kirishini ham yaxshi biladi. Havo harorati keskin sovib, aksar hollarda qor boʻronlari avjga minishini chamalaydi, shunga yarasha tadorik ham koʻradi. Uyida olovni oʻchirmaydi, dalasiga, tomorqasiga hozir boʻlib turadi. El bu ayozli, qirovli kunlarni alohida tavoze bilan “aziz momo” deya atashi ham shundan. U bilan hazillashib boʻlmaydi. Chunki aziz momo uch oylik butun qishga qarab aytadimishki, “Toʻqson, bir kunimcha yoʻqsan!»
Bilguvchi bobo-momolarimiz yana taʼkidlaydi:
Aziz momo olti kun,
Qaltirasa — qatti kun.
Sakransa — sakkiz kun,
Toʻqransa — toʻqqiz kun,
Oʻqransa — oʻn kun…
Demak, shu kunlarda yurtimizda kuzatilayotgan sovuq harorat tasodifiy, favqulodda holat emas, balki bahorning birinchi oyida aksar yillarda azaldan roʻy berib kelayotgan tabiat hodisasi. Bundan baʼzi kishilarning, jumladan, dehqonu chorvadorlarning hadik-xavotirga tushib, odatiy rejalaridan chekinishi, kundalik ish tartibini oʻzgartirishi yaramaydi. Bunday vaziyatda xalqimizning qadimiy urf-odat va anʼanalarini, aytimlarini, qadriyatlarini yaxshi bilgan, ulardan tegishli xulosalar chiqarib yashaydigan, ishlaydigan insonlar yutadi, chunki ular har qanday sharoitga doim tayyor turadi.
Tabiatda hech narsa behikmat boʻlmas. Bugungi yogʻingarchiliklar ertamizning qut-barakasi, toʻkinchiligimiz manbai. Yil davomida suv moʻl-koʻl boʻlsa, ekinzorlar qaqrab-qaqshab qolmaydi. Oʻt-oʻlanning zoʻridan chorva mollari ham huzur koʻradi. Axir ajdodlarimiz bilib aytishgan: “Yaxshi kelsa hut — kadi-kadi sut…” Bu yilgi 21-fevraldan boshlangan hut oyi yaxshi kelganini esa ayni kunlardagi qoru yomgʻirlar koʻrsatib turibdi.
Dilshod KARIMOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Prezident Oʻzbekiston bojxona sohasi xodimlariga tabrik yoʻlladi
- “Nigilist pingvin”. Ruhan ezilgan va hayotdan maʼno izlayotganlar uchun noodatiy mem ommalashmoqda
- Toshkentda Osiyo Olimpiya kengashiga yangi rahbar saylandi (+fotoreportaj)
- Oʻzbekiston armiyasi Markaziy Osiyoda birinchi o'rinda — dunyo armiyalari reytingi eʼlon qilindi
- “Yangi Oʻzbekiston yulduzlari” milliy mukofoti xalqaro darajaga koʻtarilmoqda
- Oʻzbekistonda ilmiy laboratoriyalarning sunʼiy intellektga asoslangan yagona ilmiy platformasi ishga tushiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring