Velosipedchi ayol
Foto: “Xalq so‘zi”
Andijon viloyatida velosiped minib ketayotgan ayollarni ko‘rsangiz, aslo ajablanmang. Sababi, hududda bu odatiy holga aylangan. Biroq, velosiped yasaydigan ayolni, ochig‘i, hadeganda uchratish qiyin.
Andijon tumani Baxt mahallasida “Usta Boqiyevlar oilasi” desangiz, kattayu kichik biladi. Chunki bu oila aʼzolari 30 yildan oshibdiki, velosiped taʼmirlash ustaxonasini boshqaradi. Uy sohibi Dilmurod aka Boqiyev shu hunarni o‘rgandiyu turmush o‘rtog‘i Mavluda opa darrov shogird tusha qoldi. Ayol kishi latta-puttaga moyil bo‘lgani boismi, avvaliga, bu atrofdagilarga biroz erish tuyuldi.
-Umr yo‘ldoshim Andijon shahridagi “Eski shahar” dehqon bozorida velosiped taʼmirlash va ehtiyot qismlarini sota boshladi, - hikoya qiladi ayol. –Bu kishining mehnatini ko‘rib, topganiga shunchaki sherik bo‘lib o‘tirishni xohlamadim. Qars ikki qo‘ldan chiqadi, deganlaridek, aravani ikkimiz tortsak, ro‘zg‘orimizga baraka kirar, deb o‘yladim. U kishiga shogird tushib, velosiped taʼmirlashni o‘rgandim. Xo‘jayinim ishdan kelguncha uyda ertalik mahsulotni tayyorlay boshladim. Qarabsizki, ishimiz yurishib ketdi.
-Mavluda opangiz mening ilhom parimga aylangan, - kulimsiraydi Dilmurod aka. –Agar u yonimda bo‘lmasa, qo‘lim ishga bormaydi. Yonimda bo‘lsa, albatta, foydali maslahati bilan yangidan-yangi ixtirolarga asos soladi.
Mavluda opa hamma ishda ayollarga xos taʼbi noziklik bilan yondashadi. Bir paytlar erining dastyori, keyinchalik shogirdi, vaqti kelib hamkasbiga aylangan opaxon bugungi kunda velosipedning yangi turini ixtiro qilgan. Shu kungacha 30 dan ortiq turdagi mahsulotlarning muallifi.
-Bizga asosan yoshi katta ayollar, erkaklar murojaat qiladi,-deydi Mavluda opa. –Ular harakatdan biroz chetlanib qolgani bois ikki g‘ildirakli velosipedlarni minishga qiynalishadi. Shu bois uch g‘ildirakli velosipedga buyurtma berishadi. Men mahsulotni tayyorlashga kirishishdan oldin buyurtmachining jismoniy holatini, bo‘yini, salomatligini hisobga olaman. U vositani nafaqat qulay boshqarishi kerak, balki sog‘ligiga ham foydasi bo‘lishi lozim.
Velosipedchi ayol mahsulotni tayyorlashda tayyor ehtiyot qismlardan kam foydalanadi. Imkon qadar zarur moslamalarni ustaxonada o‘zi tayyorlaydi. Uning sifatiga alohida eʼtibor beradi.
-Amaliyotda uch g‘ildirakli velosipedlar mavjud,-deydi Mavluda opa suhbatda davom etar ekan. –Ularning barchasi bitta o‘qdan iborat. Bu ayrim silkinishlarda nosozlikni yuzaga keltirib chiqarayotgani uchun men yasagan velosipedlar ikkita alohida o‘qdan tarkib topadi. Ularni buyurtmachining ehtiyojiga qarab moslash bilan bir qatorda har ehtimolga qarshi ikkinchi imkoniyatini ham yaratamiz. Masalan, 250 kg.gacha yuk tashishga mo‘ljallangan yukxonaagi to‘siqlarni tushirsangiz, yo‘lovchilar o‘tirishi mumkin bo‘lgan o‘rindiqqa aylanadi. Salomatligida muammosi bor buyurtmachilar uchun maxsus velosipedimiz esa inson organizmining faol harakatlanishini taʼminlashga moslashgan.
Mavluda opa tayyorlagan velosipedlarning bugun xaridori ko‘p. Hatto qo‘shni Qirg‘izistondan ham buyurtmachilari bor.
Aksariyat erkaklarning qo‘lidan kelmaydigan ishning uddasidan chiqib, temir bilan tillashayotgan opaxonning faoliyatini kuzatarkanman, ertalabdan kechgacha idoralarning ostonasida o‘tirib, nimanidir undirish ilinjida bo‘lgan ayrim xotin-qizlarga shu ayolning manzilini ko‘rsatgim keladi. Shuncha yumushdan ortib, yana 8 ta ish o‘rni yaratish uchun puxta loyiha tayyorlagan zamondoshimizning g‘ayrat-shijoati boshqalarda ham bo‘lganida edi, muhtojlikdan olib chiqishga ko‘maklashuvchi “Temir daftar”larga ham hojat qolmas edi...
Saminjon HUSANOV, “Xalq so‘zi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Abduqodir Husanov yana bir bor “Real Madrid”ga qarshi oʻynaydi
- Bolalar saratoniga qarshi kurash: xalqaro hamkorlikdagi muhim qadam
- Superliganing 2026-yilgi mavsumi boshlanmoqda
- Har burchagida tarix yashiringan shahar — Londondan fotoreportaj
- Dzyudo boʻyicha Toshkent “Katta dubulgʻa” musobaqasi boshlandi
- 1-mart — Zulfiya tavallud topgan kun. “Bugun tunda kelarmish bahor”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring