Vashingtonda Orolboʻyi mintaqasini qoʻllab-quvvatlash uchun xayriya tadbiri boʻlib oʻtdi
Foto: Tashqi ishlar vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Vashington shahrida Orolboʻyi mintaqasini qoʻllab-quvvatlash uchun mablagʻ yigʻish boʻyicha xayriya tadbirida ishtirok etdi.
Oʻzbekiston Respublikasining AQShdagi Elchixonasi tomonidan “Project C.U.R.E.” xayriya tashkiloti bilan birgalikda tashkil etilgan tadbirda AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID), Amerikaning “Vector Medical Group” (tibbiy asbob-uskunalar yetkazib beruvchi), “Bollore” (aviatsiya logistikasi), “Boeing Company” (aviatsiya, kosmik va harbiy texnika), “Rotary International” (xayriya tashkiloti),“Winn-Marion Companies” (texnologiya kompaniyasi) kabi kompaniyalari vakillari, Amerika-Oʻzbekiston Savdo palatasi aʻzolari, shuningdek AQSH ommaviy axborot vositalari jurnalistlari qatnashdilar.
Tadbir keng Amerika jamoatchiligi, ishbilarmon va akademik doiralarini Orol dengizi zonasidagi ekologik vaziyat, Oʻzbekiston Rahbariyati tomonidan ekologik falokatning salbiy oqibatlarini yumshatish boʻyicha olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida xabardor qilishga qaratilgan.
Ishtirokchilarning yakdil fikricha, Orol dengizi ekotizimini tiklash va suv resurslaridan oqilona foydalanish Markaziy Osiyoning barqaror taraqqiyoti va atrof-muhitni muhofaza qilishga koʻmaklashadi. Bu borada Markaziy Osiyo mamlakatlari, balki butun dunyo hamjamiyatining saʻy-harakatlarini birlashtirish zarurligi taʻkidlandi.
Tadbir doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norovning “Project C.U.R.E.” Prezidenti Duglas Jekson bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Muloqot chogʻida navbatdagi gumanitar yuklarni Oʻzbekistonga yetkazib berish va hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. “Project C.U.R.E.” Orolboʻyi mintaqasidagi vaziyatni yaxshilashga qaratilgan saʻy-harakatlarni qoʻllab-quvvatlash uchun AQShdan donorlarni jalb qilish boʻyicha saʻy-harakatlarni davom ettirishga tayyorligi maʻlum qilindi. “Moliyalashtirishni oʻrganayotgan koʻngillilarimiz navbatdagi gumanitar yordam konteynerlarini etkazib berish uchun mablagʻ yigʻishda davom etmoqdalar”, dedi D.Jekson.
“Project C.U.R.E.” rahbari bilan muzokaralar yakunida Oʻzbekiston ehtiyojlari uchun tibbiy buyumlar bilan 1,5 million dollarlik yangi konteyner joʻnatishga kelishib olindi.
Eslatib oʻtamiz, ilgari Qoraqalpogʻistonga 3 million dollarlik tibbiy asbob-uskunalar va sogʻliqni saqlash buyumlari yetkazib berilgan edi. 2022-yil iyul oyida Qoraqalpogʻiston tibbiyot muassasalariga berilgan 2,9 ming dona tibbiy buyumlarni oʻz ichiga olgan umumiy ogʻirligi 16,8 tonna boʻlgan yana toʻrtta konteyner yetkazib berish tashkil etildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Doʻstlik va hamkorlikni kengaytirgan forum (+fotoreportaj)
- «Yevroosiyo Banki» Aksiyadorlik jamiyatining tugatish komissiyasi xabari
- Namangan – yangilanish va goʻzallik shahri
- Oʻzbekiston yoki Misr. Qaysi terma jamoa kuchli?
- Yangilanayotgan Markaziy Osiyo: birlik, doʻstlik va hamkorlikning yangi bosqichi
- Nogironligi boʻlgan fuqarolarga 30 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring