Umra tadbirlarini tashkil etishda reklama qonunchiligini buzgan shaxslarga chora koʻrildi

10:37 03 Oktyabr 2025 Jamiyat
151 0

Umra tadbirlarini tashkil etishga oid reklama qonunchiligi buzilishi yuzasidan tegishli choralar koʻrildi. Bu haqida Raqobat qoʻmitasi maʼlumot berdi.

Xabarda aytilishicha, qoʻmitaning Fargʻona, Andijon va Buxoro viloyatlari hududiy boshqarmalari tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishlar davomida “Umra” tadbirlariga oid reklama qonunchiligi buzilish holatlari aniqlangan.

Jumladan, Fargʻona viloyatida oʻtkazilgan oʻrganishlar davomida fuqaro X.S oʻzining “Umra” Telegram sahifasida tegishli litsenziya va ruxsatnomalarsiz safar xizmatlariga oid reklamalar tarqatganlik holatlari fosh qilingan. Amaldagi “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonunning 16-moddasiga koʻra, litsenziya va maxsus ruxsatnoma talab etiluvchi xizmatlarni hujjatlarsiz reklama qilish qatʼiyan taqiqlanadi.

Hozirda ushbu holat yuzasidan hududiy boshqarma tomonidan fuqaroga nisbatan maʼmuriy javobgarlik chorasi koʻrishi boʻyicha maʼlumotlar sudga yuborilgan.

Shu kabi yana bir holat Andijon viloyatida ham kuzatilgan. Oʻrganish jarayonida “Abu Zubayr trevel” MCHJ litsenziya va ruxsatnomalarsiz “Umra” tadbirlarini tashkil etish bilan shugʻullanib, Telegram ijtimoiy tarmogʻida ularni keng targʻib etganlik holatlari aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan “Abu Zubayr trevel” MCHJga nisbatan “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonunining tegishli moddalari talablari buzilishi bilan ish qoʻzgʻatilib, ishni koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha moliyaviy jarima qoʻllash yuzasidan qaror qabul qilingan.

Bundan tashqari, Raqobat qoʻmitasi Buxoro viloyati Hududiy boshqarma tomonidan oʻtkazilgan tahlillar davomida “Sokin turizm Bukhara” MCHJ tomonidan ham tegishli litsenziya hujjatlari mavjud boʻlmagan holda “Umra” tadbirlariga oid reklamalar tarqatilgani maʼlum boʻlgan.

Hududiy boshqarma komissiyasi tomonidan “Sokin turizm Bukhara” MCHJga nisbatan “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonunining tegishli moddalari talablari buzilishi yuzasidan ish qoʻzgʻatilib, ishni koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha moliyaviy jarima qoʻllash qarori qabul qilingan.

Raqobat qoʻmitasi fuqarolar va tadbirkorlik subyektlariga litsenziya yoki maxsus ruxsatnoma talab etiluvchi xizmat va mahsulotlarni hujjatlarsiz reklama qilish qonunbuzilish hisoblanishini eslatib oʻtgan.

“Norasmiy reklama isteʼmolchilarni chalgʻitishi va insofsiz raqobatga olib kelishi mumkin. Shuningdek, qonunga zid holatlarda moliyaviy jarima va boshqa huquqiy choralar qoʻllanishiga olib keladi. Barcha fuqarolar va tadbirkorlardan reklamada qonun talablariga qatʼiy rioya etishni soʻraymiz”, — deyiladi qoʻmita xabarida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер