Uchquduqda saksovulzorlar barpo etilmoqda

18:35 14 Dekabr 2023 Jamiyat
656 0

Foto: Xalq soʻzi

Qizilqumning injiq tabiatiga dosh beradigan oʻsimliklar ichida eng chidamlisi saksovul hisoblanadi. Boisi saksovullarda suv talab qiladigan barglar deyarli yoʻq — bu vazifani uning bir yillik novdalari oʻtaydi. Aynan shu novdalar yordamida bir gektar maydondagi saksovul bir oy mobaynida 70 kub metr kislorod ishlab chiqarish imkoniyatiga ega. Uning namlikkacha yetgan ildizlari orqali esa tegrasidagi ikki kvadrat metr atrofidagi mavsumiy giyohlar oziqlanadi.

Saksovulni oʻziga xos biolaboratoriyaga ham qiyoslash mumkin. Uning tanasida jon saqlab koʻpaygan trixogrammalar choʻlni bir qator zararli hasharotlardan tozalaydi.

— Eng muhim xususiyati saksovul kuchli shamolda qum koʻchishlarini susaytirib, madaniy hudud va adirliklarni uning toʻfonidan asraydi, — deydi Navoiy viloyati Qorakoʻlchilik va yaylov xoʻjaligini rivojlantirish uyushmasi raisi Ulugʻbek Halilov. — Shuningdek, saksovul choʻl sharoitida mol ozuqasi ham hisoblanadi. Oktyabr oylarida doni toʻkilgan paytda yaylovdagi qoʻy-qoʻzilarimiz shu donni yeb oʻzlarini qish oldidan tiklab oladi.

Xullas ana shunday beqiyos xosiyatlarga ega oʻsimlikni asrab-avaylash va koʻpaytirishni hayotning oʻzi taqozo etadi. Shu tufayli bu yumushga davlat miqyosida eʼtibor qaratilib, Qizilqum shimolidagi Uchquduq tumani hududida ham yashil himoya oʻrmonzorlarini barpo etish vazifalari belgilangan.

— Respublika Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 24-noyabrdagi “Respublika hududlarida oʻrmonzorlar, shuningdek, Orol dengizi va Orolboʻyi hududlarida “yashil qoplamalar” barpo etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori asosida 2022 — 2026-yillarda 100 ming gektar maydonda saksovulzorlar barpo etish vazifasi yuklatilgan, — deydi Uchquduq tuman oʻrmon xoʻjaligi rahbari Ilhom Saidov. — Joriy yilning erta koʻklamida shu rejaga asosan, 5,5 ming gektar hududga saksovul urugʻlarini ekib, kuzgi ekish mavsumi uchun 71,6 tonna saksovul urugʻi yigʻdik. Shu kunga qadar rejadagi 13 ming gektar maydonda ekishni tugallaganmiz, yangi yilgacha qolgan 7 ming gektarda ham bu yumushlarni nihoyasiga yetkazamiz.

Tumanning “Shalxar” ovul fuqarolar yigʻinida boʻlib oʻtgan koʻrgazmali seminar Qizilqumda saksovulzorlar barpo etishning dolzarb masalalariga bagʻishlanib, uni tabiiy va inson omili bilan bogʻlik nobudgarchiliklardan asrash yuzasidan tavsiyalar berildi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?