Uch kun ishlamagan UzCard davlatga va jamiyatga qancha zarar yetkazdi?

Moliya vazirining birinchi oʻrinbosari Moʻbin Mirzayev ilk bor Yagona umumrespublika protsessing markazi(UzCard) ishida uch kun davomida roʻy bergan nosozliklar oqibatida davlat va fuqarolarga yetkazilgan zarar haqida gapirib oʻtdi.
Uning aytishicha, terminallar orqali amalga oshiriladigan toʻlovlarning bir kunlik aylanmasi qariyb 180 mlrd. soʻmni tashkil etadi.
“Agar ulardan 5 foizi byudjetga kelib tushsa, demak bir kunda byudjetga 9 mlrd. soʻm, uch kunda 27 mlrd. soʻm kelib tushmagan. Bu oddiy matematika. Bu faqat toʻgʻridan-toʻgʻri zarar. Shu bilan birga boshqa pozitsiyalar ham bor. Aholiga yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zarar bundan ham koʻp boʻlishi mumkin. Uni hisoblab chiqish qiyin”, - degan u Moliya vazirligida jurnalistlar bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda.
Masalan, 12 soatlik uzilish tufayli Oʻzbekiston elektron tijorat tizimida 384 mingta onlayn tranzaksiya(mobil ilovalar, Telegram-botlar va hokazo) amalga oshmay qolgan.
Vazirning birinchi oʻrinbosari yana shuni qayd etdiki, bu koʻngilsiz voqeaga nisbatan aks-sado kuchli boʻlgan. Jumladan, davlat rahbari 19 sentyabr kuni “Milliy toʻlov tizimini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorni qabul qildi.
Unda chakana toʻlovlarni qayta ishlash boʻyicha davlat protsessing markazining mavjud emasligi milliy toʻlov tizimining xavfsizligi darajasini kamaytirayotgani, toʻlov infratuzilmasining yagona integrallashuviga erishish imkonini bermayotgani hamda bir monopol tizimning mutlaq ustun boʻlishiga olib kelayotgani qayd etib oʻtildi. Bundan tashqari, toʻlov tizimlari operatorlarining faoliyati qonunchilik darajasida tartibga solinmaganligi ularning rivojlanishini cheklayotgani va mazkur tizimlarning ishonchli ishlashiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgani taʼkidlandi.
Binobarin, hujjatda toʻlovlarni amalga oshirish uzluksizligini taʼminlash, innovatsion mahsulotlarni joriy qilish, bank xizmatlarining ommabopligini taʼminlash hamda toʻlov xizmatlari bozorida raqobat muhitini rivojlantirish, shuningdek, 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Axborotlashtirish bosh markazi” davlat unitar korxonasi Milliy banklararo protsessing markazini (keyingi oʻrinlarda Milliy banklararo protsessing markazi deb yuritiladi) tashkil qilish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berildi.
Xususan, Markaziy bank 2020 yil 1 iyulga qadar mamlakatdagi barcha protsessing markazlarining, shu jumladan, xalqaro toʻlov tizimlarining bevosita Milliy banklararo protsessing markazining yagona shlyuzi orqali ishlashini; bank toʻlov infratuzilmasi doimiy ravishda yaxshilanishini, bankomatlar va oʻziga oʻzi xizmat koʻrsatuvchi koʻp funksiyali terminallar tarmogʻining, shu jumladan, oʻz tasarrufidagi korxona va tashkilotlarni jalb qilgan holda kengaytirilishini taʼminlashi koʻrsatib oʻtildi.
“Yangi tizimning asosiy farqli jihati — unda toʻlovlarni ham xorij valyutasida, ham soʻmda amalga oshirish mumkin. Chet elliklarda dollarni soʻmga aylantirishlariga hojat qolmaydi. Ular valyuta kartalarida mahsulot sotib olishlari mumkin, konvertatsiya esa avtomatik ravishda amalga oshiriladi”, - dedi M.Mirzayev.
Eslatib oʻtamiz, Markaziy bank tomonidan yangi chakana toʻlov tizimlariga nom tanlash boʻyicha tanlov eʼlon qilingandi. Hozirgacha 2,5 mingga yaqin taklif kelib tushdi. Ulardan eng mashhurlari HUMO, ADRAS va ANORdir.
Mazkur tanlovning ikkinchi bosqichi yaqinda yakuniga yetdi. Uning natijalari hali eʼlon qilinmadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasida Samarqand maktabining yangi nafasi
- Ish bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar va kasbga oid kasalliklar haqidagi maʼlumotlarning yaxlit tizimi yoʻqligi koʻrsatib oʻtildi
- Toshkentda diplomatik vakolatxonalar va xalqaro tashkilotlar oʻrtasida XІX xalqaro mini-futbol turniri tashkil etildi
- Har bir hududda “Kasaba uyushmalari bogʻlari” tashkil etiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring