Turkiya va Suriyada yuz bergan zilzila qurbonlar soni 11200 kishidan oshdi

19:15 08 Fevral 2023 Dunyo
970 0

Foto: AP

Turkiya va Suriyada yuz bergan zilzila qurbonlari soni tez surʼatlar bilan oʻsib bormoqda va allaqachon 11 200 kishidan oshdi. Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, tabiiy ofat oqibatida Turkiyada 8,5 ming nafardan ortiq odam halok boʻlgan, 49 ming nafardan ortiq kishi jarohatlangan.

Qoʻshni Suriyada hukumat nazorati ostidagi hududda kamida 1200 kishi halok boʻlgan, 1400 ga yaqin kishi jarohatlangan. Shimoli-gʻarbdagi isyonchilar nazoratidagi hududlarda 1400 dan ortiq odam halok boʻlgani, 2300 nafardan ortiq inson tan jarohati olgani aytilmoqda.

Turkiya janubida va Suriya shimolida qutqaruv ishlari davom etmoqda. Biroq past harorat va buzilgan yoʻllar bunga toʻsqinlik qilmoqda. Gap shundaki, ayni paytda beton plitalarni koʻtarish uchun uskunalar yetkazib berish murakkab. Turk hamkasblariga yordam berish uchun dunyoning turli burchaklaridan qutqaruvchilar yetib kelmoqda.

Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan jabrlangan 10 ta viloyatda uch oylik favqulodda holat eʼlon qildi, bu esa zilzila oqibatlarini bartaraf etishni osonlashtirishi kerak. Prezidentning soʻzlariga koʻra, mamlakatning 85 million aholisidan 13 million nafari zilziladan jabr koʻrgan.

“Jamoatchilikka shuni eslatib oʻtmoqchimanki, zilzila zonasiga olib boruvchi va uning ichiga olib boruvchi yoʻllardan, oʻta zarurat boʻlmasa, hech kim foydalanmasligi kerak, telefon qoʻngʻiroqlari esa favqulodda holatlardan tashqari amalga oshirilmasligi kerak”, dedi prezident.

Chorshanba kuni tushdan keyin davlat rahbari zilzila epitsentri Qahramonmarash shahriga yetib keldi. Turkiya rahbari tabiiy ofatdan jabr koʻrgan 10 viloyatda uy-joyidan ayrilgan odamlar uchun hukumat bir yil ichida uy-joy qurishiga vaʼda berdi.

Agar Turkiyaga yordam asta-sekinlik bilan kelayotgan boʻlsa, qoʻshni Suriyada, ayniqsa shimoli-gʻarbdagi zaif hududlarda logistika nuqtayi nazaridan buni amalga oshirish ancha qiyin. Bunga 11 yildan beri davom etayotgan fuqarolar urushi va amaldagi davlat rahbari Bashar Asad hukumatiga qarshi xalqaro sanksiyalar oʻz taʼsirini koʻrsatmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер