Turkiya kompaniyasi Fargʻonada tibbiyot sohasi rivoji uchun investitsiya kiritadi

14:13 22 Yanvar 2026 Jamiyat
201 0

Ayni paytda Fargʻona tibbiyoti jahon andozalari darajasida rivojlanib, bu borada AQSH, Germaniya, Janubiy Koreya, Hindiston, Rossiya kabi mamlakatlar bilan hamkorlik koʻlami tobora oshib borishiga erishilayotir.

Hozirgi kunda viloyatda tibbiyot yoʻnalishida ikkita oliy taʼlim muassasasi faoliyati yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, taʼlim jarayoni dunyoning eng ilgʻor tajribalari asosida olib borilyapti. Taʼlim dargohlarida Osiyoning turli davlatlaridan kelgan talabalar oʻqib, ilmiy-amaliy laboratoriyalarda malaka oshirmoqda.

Buning samarasi sifatida viloyatda yildan-yilga tibbiyot turizmi yaxshilanib, qoʻshni davlatlardan davolanish maqsadida kelayotganlar oqimi koʻpayib borayotir. Bu esa, oʻz navbatida, viloyatda ixtisoslashgan tibbiy xizmat sifatini muntazam ravishda oshirib borish hamda moddiy-texnik bazasini yanada yaxshilashni taqozo etadi.

Fargʻona viloyati hokimligida Turkiyadan kelgan investor bilan boʻlib oʻtgan yuzma-yuz muloqotda shu xususda fikr yuritildi. Uchrashuvda tibbiyot sohasida faol hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va birgalikda istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi.

Yevropada taniqli boʻlgan “Kemal Diş Sağlık Ürünleri Üretimi Ltd. Şti.” kompaniyasi uzoq yillar mobaynida asosan tibbiy mahsulotlar ishlab chiqarish va eksport qilish faoliyati bilan shugʻullanadi. Oʻzaro kelishuvga koʻra, endilikda Fargʻona viloyatida mazkur kompaniya tomonidan yangi loyiha hayotga tatbiq etilishi koʻzda tutilmoqda. Uchrashuvda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan loyiha taqdimoti oʻtkazildi.

—Kompaniya bino qurilishidan tortib, xalqaro andozalar boʻyicha jihozlash, zarur uskunalar va tibbiyot mahsulotlari bilan taʼminlashgacha boʻlgan barcha jarayonni toʻliq qamrab oladi,—deydi Sari Uzgur.—Shuningdek, bunday mahsulotlarni ishlab chiqarish hamda malakali mutaxassislar tayyorlashda ham koʻmaklashiladi.

Shu bilan birga, korxonada ishlab chiqarilgan mahsulotlar nafaqat mahalliy ehtiyojni taʼminlaydi, balki uzoq-yaqin xorij davlatlariga ham eksport qilinadi. Natijada bir necha bosqichlarda yuzlab yangi ish oʻrinlari yaratilishi mumkin.

Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov ushbu loyiha gʻoyatda muhim va istiqbolli ekanligini taʼkidlab, ayni jarayondagi hamkorlik masalalari boʻyicha bir qator taklif va tavsiyalarini berdi.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?