Tulpor mingan Parvina
Sijjak – poytaxtdan oʻnlab chaqirim uzoqlikda, dengiz sathidan yuzlab metr balandlikda joylashgan togʻli qishloq. Boʻstonliq tumanidagi bu xushmanzara va bahavo mahallada ham ijtimoiy himoya boʻyicha davlat siyosati izchil amalga oshirilmoqda. Har bir xonadonga beminnat ijtimoiy xizmat koʻrsatilmoqda.
Kumush qish oʻz ziynati bilan atrofni qorga burkab turgan shu kunlarda yoʻllar qalin qor bilan qoplanib, qatnov murakkablashishi tabiiy. Ayniqsa, Sijjakda bunday ob-havo sharoiti shahardagidan bir necha baravar farq qiladi. Shunga qaramay, ijtimoiy koʻmak qishloq boʻylab uzluksiz davom etmoqda. Mazkur mahallada yashovchi Xayrullo Pirmetovning oilasida uch farzand bor. Taqdir ekan, bolalarning kenjasi Umidjon Izzatullayev tugʻma nogironlik bilan dunyoga kelgan. Sogʻligʻining zaifligi va boshqa sabablar tufayli Umidjon maktabning 1-sinfiga bir yil kech borgan.
X.Pirmetov farzandining taʼlim olishini taʼminlash uchun Sijjak mahallasidagi ijtimoiy xodim tomonidan bolaga psixologik yordam koʻrsatilib, 125-maktabdan oʻqituvchi jalb qilindi. Shuningdek, bolaning onasi chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, uy sharoitida harakatlanishi uchun tayanch moslama, tashqarida yurishi uchun esa elektron arava yetkazildi.
– Bizning vazifamiz faqat hujjat rasmiylashtirish, yordam yetkazish bilangina cheklanib qolmaydi, – deydi Sijjak mahallasida kompleks ijtimoiy xizmat koʻrsatuvchi xodim Parvina Ashurmetova. – Xizmat majburiyatimizda insonni tinglash, uning dardini tushunish va hayotga boʻlgan ishonchini mustahkamlash ham bor. Baʼzan birgina eʼtibor, bir ogʻiz shirin soʻz ham odamlarni hayotga qaytaradi, soʻnib borayotgan umid shamlarini alangalatadi. Hayotga qaytgan mahalladoshlarimni koʻrsam, oʻz kasbimdan faxrlanaman.

Mahallada istiqomat qiluvchi Hilola Turgʻunboyevaning oilasi ham ijtimoiy xodim tomonidan oʻrganilgan. Hilola opa II guruh nogironligi boʻlgan shaxs sifatida roʻyxatga olingan va unga psixologik yordam va huquqiy xizmat koʻrsatilgan. Opa bilan birga 80 yoshdan oshgan ota-onasi istiqomat qilgani bois, ularga qarab turish uchun tegishli dalolatnoma rasmiylashtirildi. Shuningdek, Hilola opa faol hayotga jalb etilib, adaptiv sport bilan shugʻullanishi yoʻlga qoʻyildi. Ijtimoiy loyiha doirasida H. Turgʻunboyevaga tikuvchilik bilan shugʻullanish va shogird tayyorlash boʻyicha amaliy yordam koʻrsatildi hamda tirsakli qoʻltiq tayoq yetkazildi. Qoʻli gul chevar hozirgi kunda sijjaklik qiz-juvonlardan shogirdlar tayyorlamoqda, holati esa ijtimoiy xodim tomonidan doimiy nazoratda.
Sijjak mahallasida yashovchi Joʻraboy Abdullayevda esa I guruh nogironligi boʻlgani uchun doimiy parvarishga muhtoj. Uning uchun hamshira biriktirilib, chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrik tashkil etildi. Joʻraboy aka adaptiv sport, xususan, shashka bilan shugʻullanishga jalb qilindi. Kelini tomonidan parvarish qilinishi boʻyicha dalolatnoma tuzilib, sayr qilishi uchun maxsus arava yetkazildi.
Moviy togʻlar bagʻridagi Sijjak mahallasida ijtimoiy xizmatlarni yetkazish oson emas, albatta. Shunga qaramay, Parvina Ashurmetova qishning qorli-qirovli kunlarida ham ot minib, chekka xonadonlarga borib, ehtiyojmand fuqarolarga zarur ijtimoiy xizmatlarni yetkazmoqda. Mahalladoshlari tulpor mingan Parvina Ashurmetovani uchratib qolsa, uning boʻynida el-yurti uchun har qanday sharoitda ham fidoyilik koʻrsatgan Toʻmarisning tumori qish quyoshida yaltirab turganini koʻrgandek boʻladi.
Otabek ISROILOV
(«Xalq soʻzi»).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Prezident Oʻzbekiston bojxona sohasi xodimlariga tabrik yoʻlladi
- “Nigilist pingvin”. Ruhan ezilgan va hayotdan maʼno izlayotganlar uchun noodatiy mem ommalashmoqda
- Tarix va zamonaviylik uygʻunlashgan shahar — Turkiya poytaxtidan fotoreportaj
- Shimol yogʻdusi — moʻjiza emas dahshat. Quyoshda X toifali kuchli chaqnash sodir boʻldi
- Oʻzbekiston armiyasi Markaziy Osiyoda birinchi o'rinda — dunyo armiyalari reytingi eʼlon qilindi
- Toshkentda Osiyo Olimpiya kengashiga yangi rahbar saylandi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring