Trampni dabdabali kutib olgan Britaniya nimaga erishdi?
AQSH prezidenti Donald Trampning Buyuk Britaniyaga qilgan davlat tashrifi Qoʻshma Shtatlar va London oʻrtasidagi munosabatlar uzilmas ekanini yana bir bor koʻrsatdi.
Biroq tashrif Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer uchun oson boʻlmadi. Chunki Tramp kelishi arafasida u Piter Mandelsonni Vashingtondagi elchi lavozimidan ozod etgan edi. Sabab sifatida Mandelsonning voyaga yetmaganlarning jinsiy savdosida ayblangan Jeffri Epshteyn bilan aloqalari tilga olindi. Tramp oʻz navbatida Epshteyn bilan 2000-yillarda aloqalar uzilganini va 2019-yilda qamoqda vafot etgunga qadar u bilan yillar davomida gaplashmaganini aytdi.
Faollar Tramp kelishi oldidan Vindzor qasri yonida uning Epshteyn bilan suratlarini chiqarishdi, ammo keyinchalik hibsga olindi. Prezident tashrif davomida norozilik namoyishlari va savollardan iloji boricha uzoqda saqlandi. Hatto matbuot anjumanida jurnalistlar Starmerga Epshteyn haqida faqat bitta savol berish bilan cheklandi. Hukumat Trampni shu tariqa kutdi, ziyofat berdi va hech qanday katta inqirozsiz kuzatib qoʻydi. Ammo Britaniya ushbu tashrifdan qanday foyda koʻrdi?
Investitsiyalar va texnologiyalar
Starmer eʼlon qilgan eng yirik natija — “Tech Prosperity Deal”. Bu kelishuvga koʻra, AQSH kompaniyalari Britaniyaga 150 milliard funt sterling sarmoya yoʻnaltiradi. Shu jumladan, 31 milliard funtdan ortiq mablagʻ sunʼiy intellekt va texnologik infratuzilmani rivojlantirishga sarflanadi. Keyingi 10-yil ichida esa asosiy sarmoya — 90 milliard funt “Blackstone” xususiy kapital firmasi orqali kiritiladi.
Hukumat bu sarmoya tufayli 7600 ga yaqin ish oʻrni yaratilishini aytmoqda. Ammo mutaxassislar sarmoyalarning katta qismi avvaldan rejalashtirilgan boʻlganini, faqat Tramp tashrifi bilan bogʻlab eʼlon qilinganini qayd etmoqda.
Britaniyaning sobiq vitse-premyeri, keyinchalik Metaʼda yuqori lavozimda ishlagan Nik Klegg mamlakat AQSH texnologiyasiga tobelik kuchayib borayotganini tanqid qildi.
“Nvidia” bosh direktori Jensen Xuangning fikricha, SI infratuzilmasi Britaniyadan energiya taʼminotini kuchaytirishni talab qiladi. Tramp esa Britaniyaning mahalliy neft va gaz qazib chiqarishni toʻxtatish rejalarini doim tanqid qilib kelgan, bu esa keyinchalik SI maʼlumot markazlarini quvvat bilan taʼminlashga yordam berishi mumkin.
Atom energetikasi va savdo
Ikki davlat atom energetikasida hamkorlikka kelishdi. AQSH va Britaniyada atom elektr stansiyalari qurilishini yengillashtirish boʻyicha bitim imzolandi. Biroq bu bitimning iqtisodiy samaralari uzoq muddatda koʻrinadi.
Savdoda esa Britaniya AQSH bilan bojdan keyingi kelishuvga erishgan birinchi davlat sifatida faxrlanishi mumkin. Tramp Britaniya tovarlariga 10 foizlik tarif joriy qildi, bu Yevropa Ittifoqiga nisbatan qoʻyilganidan pastroq. Ammo 10% hali ham katta raqam hisoblanadi.
London Tramp tashrifi oldidan AQSHga poʻlat eksporti uchun qoʻllanilayotgan 25 foizlik tarif bekor qilinishiga umid qilgan edi, ammo bu masalada oʻzgarish boʻlmadi.
Tashqi siyosat
Starmer tashqi siyosatda ham tortishuvlarni yumshatishga muvaffaq boʻldi. Tramp Britaniyaning Falastin davlatini tan olish rejasiga qarshi ekanini aytdi, biroq Starmerni ochiq tanqid ham qilmadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- “Matonatli Maryam” filmi keng jamoatchilikka taqdim etildi
- FIDE jahon kubogi chempioni Javohir Sindarovni kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring