Toshkent viloyatida yoshlarni harbiy xizmatga tayyorlash va yuborishdagi qingʻirliklar ochiqlandi

14:34 09 Fevral 2024 Jamiyat
245 0

Ijtimoiy tarmoqda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayevning Harbiy-maʼmuriy sektor rahbari sifatida masʼullar bilan fikr almashgani haqidagi video tarqaldi. Unga koʻra, viloyat hokimi joylarda yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni harbiy xizmatga tayyorlash va yuborishdagi qingʻirliklarni ochiqlagan. Jumladan u masʼullarga yuzlanib bunday deydi: “Haqiqiy yigitlik gʻururi uygʻonganlarni 600 ming soʻmga tibbiy koʻrikdan oʻtib kel deb, chetga surib qoʻyayapsizlar. Oyogʻida kalishi bor beva-bechorani bolasini ataylab olib kelasilar, chunki, seniyam, profilaktika inspektoriniyam gaping, kuching shunga yetadi. 17 yoshga kirsayam tirnogʻini onasi olib qoʻyadigan erkatoylarni harbiy xizmatga olib kelayapsizlar. Ular armiyaniyam oʻyin qilib yuborishadi. Orqasidan har kuni koʻrgani borishadi, bir kuni shashlik, bir kun manti...”

Yigʻilishda harbiy xizmatga chaqiriluvchilardan 150 ming soʻmdan 600ming soʻmgacha pul toʻlab tegishli tibbiy koʻrikdan oʻtish talab qilinayotgani faktlari ham ochiqlangan. Yangiyoʻl tumani va Yangiyoʻl shahrida oshqozon-ichak faoliyatini tekshiruvchi FGBS apparatlarida ishlovchi mutaxassis yoʻqligi bois, harbiy xizmatga chaqiriluvchilar xususiy klinikalarga oʻz hisobidan 150 ming soʻm toʻlab tashxis qoʻydirishga majburiy yuborilgan.

— 150 ming soʻmni qanchasi bosh shifokor choʻntagiga tushgani menga qorongʻi, — deydi hokim. — Natijada bu ikkala hududdan 40 nafardan ziyod yigitlar: “harbiy xizmatga borishga xohishim bor, lekin buncha pul toʻlab zont yutishga imkoniyatim yoʻq” — deyishgan.

Ayniqsa, Yangiyoʻl, Oqqoʻrgʻon, Quyi Chirchiq tumanlarida harbiy xizmatga chaqiriluvchilarning sogʻlomlik darajasini belgilash va ularni tegishli harbiy xizmatlarga yoʻnaltirishda soxtakorliklar yuzaga kelgani ham ochiqlangan. Buning oqibatida ushbu hududlarda jismonan baquvvat, sogʻlom fikrli, muddatli harbiy xizmatga yaroqli yigitlar Vatan himoyasiga shay boʻlsada, hujjatlarda ularning sogʻlomlik darajasi soxtalashtirilgani oqibatida mudofaa boʻlimlari bajarishi kerak boʻlgan reja-topshiriqlar past koʻrsatkichlarda qolib ketgan. Hokim bunday illatlarni “tanish-bilishchilik”, “manfaatlar toʻqnashuvi” va “qingʻir yoʻllar” — deb, qoralarkan: “Tomirida Amir Temur, Bobur, Jaloliddin Manguberdi qoni joʻshib turgan mard yigitlar bir chetda qolib ketib, harbiy xizmatga, uning qiyinchilik va masʼuliyatiga chidolmaydigan, nozik jussali, sabrsiz bolalarni yuborganlar mana shu zalda oʻtiribdi” deya, oʻz fikrini davom ettiradi.

Viloyat rahbari zaldagi masʼullarga qarata: “Men har doim davlat xizmatchilariga bir narsani takrorlayman, bu zallarga kirib davlatdan topshiriq olganiga shukr qilib yur. Lavozimingdan ketsang mana shu zallarga kirish ham orzuga aylanadi. Sargʻayib oʻtirsangda, oʻzing xizmat qilgan idoraga kirolmaysan. Xizmat qilgan idorang seni yoʻqlamay qoʻyadi” — deb, uqtirgan.

Yigʻilishda, tuman va shahar hokimliklari va mudofaa boʻlimlariga bu boradagi kamchiliklarni uch kun muddatda tugatish, yoshlarni harbiy xizmatga safarbar etuvchi tibbiy koʻriklarga malakali shifokorlar va tegishli mutaxassislarni jalb etish vazifasi yuklatilgan. Bu ish ijrosini taʼminlash, viloyatning tibbiyot tizimidagi qingʻirliklar tufayli ishdan olingan bosh shifokorlar va tizim rahbari kirdikorlari fosh etilgan yigʻilishdan soʻng oʻz lavozimiga qaytgan, viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasining sobiq rahbari Toʻraqul Arziqulov zimmasiga yuklatilgan.

Shodiyor MUTAHAROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?