Toshkent va Qashqadaryo viloyatlarida narkotik moddalar savdosining oldi olindi

10:51 29 Avgust 2025 Jamiyat
112 0

Internet tarmogʻi orqali sintetik narkotiklar savdosi bilan shugʻullanuvchi jinoiy guruhning faol aʼzosi qoʻlga olindi. Bu haqida “Xavfsizlik” Telegram-kanali xabar berdi.

Unda aytilishicha, oldindan kuzatuvga olingan, Toshkent viloyatining Qibray tumanida yashovchi, 2002-yilda tugʻilgan shaxs oʻzining “Spark” rusumli avtomashinasida narkoguruh tashkilotchilari tomonidan berilgan topshiriqqa koʻra, Toshkent tumaniga borib, muqaddam narkokurerlar tomonidan dala maydonidagi xufiya joyga yashirib qoʻyilgan 4 kg 300 gr “alfa-PVP” moddasini qabul qilib olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi.

Maʼlum boʻlishicha, mazkur shaxs Toshkent shahridagi xususiy oliy taʼlim muassasasining 3-kurs talabasi hisoblanadi. Hozirda holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan. Tergov harakatlari doirasida uning jinoiy sheriklarini aniqlash va tergovga jalb qilish boʻyicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, Qashqadaryo viloyati Nishon tumanida istiqomat qiluvchi, 2001-yilda tugʻilgan fuqaro oʻz akasining nomida boʻlgan, paxtachilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjalikning 20 sotix yer maydonida jami 247 tup kannabis oʻsimligi yetishtirayotgani aniqlangan. Shuningdek, 27 kg 708 gr marixuana ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilgan.

Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.

Bundan tashqari, Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bojxona qoʻmitasi bilan hamkorlikda Oʻrtachirchiq tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda “Boʻka-Toshkent” yoʻnalishida harakatlanayotgan, Qashqadaryo viloyatining Koʻkdala tumanida yashovchi, 1970-yilda tugʻilgan sobiq ichki ishlar xodimi boshqaruvidagi “Lacetti” rusumli avtomashina toʻxtatilgan.

Avtotransport vositasi xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganda, unda – 1975-yilda tugʻilgan Qozogʻiston Respublikasi fuqarosi va Boʻka tumanida yashovchi, 1989-yilda tugʻilgan shaxs ketayotganligi maʼlum boʻlib, mashinaning orqa oʻrindigʻi ortidan 979 gr “gashish” moddasi topilgan.

Shundan soʻng, tezkor tadbir davom ettirilib, ularning jinoiy sheriklari boʻlgan Bekobod tumanida yashovchi, 1989-yilda tugʻilgan va 2001-yilda tugʻilgan 2 nafar fuqaro ushlanib, ulardan ham 437 gr “gashish” moddasi olingan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilib, tergov harakatlari boshlab yuborildi.

Toshkent viloyatining Ohangaron shahrida oʻtkazilgan tezkor tadbirda esa Yangiobod MFYda istiqomat qiluvchi, 1988-yilda tugʻilgan, muqaddam sudlangan shaxs va “Birlik” mahallasida yashovchi, 1996-yilda tugʻilgan fuqaro qoʻlga olinib, ulardan 976 gr marixuana topilgan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер