To‘qqiz oylik faoliyat sarhisob va kelgusidagi ustuvor vazifalar

“O‘zbekgidroenergo” AJ Boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov rahbarligida Jamiyat faoliyatining 2024-yil 9 oylik natijalari tahlili hamda 2025-yilga puxta hozirlik ko‘rish bo‘yicha kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tkazilgan yig‘ilishda Jamiyat ijro apparati xodimlari, tizim korxona va tashkilotlari rahbarlari va mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda Jamiyat va tizim korxonalarida joriy yilning 9 oyi davomida belgilangan rejaviy ko‘rsatkichlar asosida amalga oshirilgan ishlar samaradorligi, erishilgan natijalar hamda yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar tanqidiy jihatdan ko‘rib chiqildi.
Boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov qator yo‘nalishlar bo‘yicha erishilgan natijalarga to‘xtalib o‘tar ekan, barcha yutuqlar o‘zimizniki ekanligi, lekin xato va kamchiliklardan aslo ko‘z yumib bo‘lmasligini, ayniqsa, energiya hosil qiluvchi korxonalarga yaratib berilgan qulay sharoit va keng imkoniyatlardan unumli foydalana olmagan hamda belgilangan rejaviy ko‘rsatkichlarni bajara olmagan rahbarlarni qattiq ogohlantirib, ularni yil yakuni bilan o‘z lavozimiga loyiqligi masalasini ko‘rib chiqish zarurligini bildirdi.
Tahlillarga ko‘ra, joriy 9 oylikda belgilangan reja ko‘rsatkichlarni bajarishda ayrim sohalar bo‘yicha mas’ullar tomonidan qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan.
Jumladan, hisobot davrida investitsiya loyihalari doirasida qurilish-montaj ishlari, suv omborlari xavfsizligi va modernizatsiyasi, asosiy faoliyatdan tashqari qo‘shimcha daromad hamda ayrim aksiyadorlik jamiyatlari biznes reja ko‘rsatkichlari bajarilmagan. Shu bilan birga, loyiha ishlarini hamda obyektlarni Davlat va Ishchi qabul komissiyalarini rasmiylashtirish ishlari ham ortda qolmoqda.
Yig‘ilishda energiya hosil qiluvchi tizim korxonalarining ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari tahlil qilindi.
GES va Kaskadlar tomonidan 2024-yil yanvar — sentyabr oylarida 6 482 mln. kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, reja 108 foizga, o‘tgan yilga nisbatan esa 116 foizga bajarildi. Umumiy kesimda rejaviy ko‘rsatkichlar bajarilgan bo‘lsa-da, biroq, hisobot oyida Samarqand GESlari kaskadi (89 foiz), Andijon GES (96 foiz), Ohangaron GES (89 foiz), Hisorak GES (82 foiz) va Qamchiq GES (96 foiz) tomonidan elektr energiya ishlab chiqarish rejaviy ko‘rsatkichlari bajarilmagan.
Tahliliy natijalarga ko‘ra, quyidagi GESlar tomonidan o‘tgan yilning shu davriga nisbatan ishlab chiqarish ko‘rsatkichi 72 mln kVt.soatga kam ishlab chiqarilgan. Jumladan:
1. GES-2B (Samarqand) – 18,1 mln kVt.soatga kam;
2. Ohangaron GES – 8 mln kVt.soatga kam;
3. GES-23 (Quyi Bo‘zsuv) – 5,7 mln kVt.soatga kam;
4. Qamchiq GES – 2,5 mln kVt.soatga kam;
5. GES-11 (Qodiriya) – 2,4 mln kVt.soatga kam.
Bu esa, o‘z navbatida, o‘rnatilgan quvvatlardan foydalanish koeffitsiyenti (KIUM) ko‘rsatkichiga salbiy ta’sir qilgan.
Hisobot davrida KIUM o‘rtacha 45 foiz ni tashkil etgan. Bu so‘nggi yillar bilan solishtirganda eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Shu bilan birga, quyidagi GESlarda KIUM o‘rtachaga nisbatan tushib ketgan. Xususan:
1. GES-3B mikroGES (Samarqand) – 28 foiz, Urgut GES – 12 foiz va Shaudar GES – 30 foiz;
2. Oltinko‘l mikroGES (Shahrixon) – 10 foiz va Vodil mikro GES – 15 foiz;
3. Ertoshsoy GES (Ohangaron) – 26 foiz;
4. Hisorak GES – 21 foiz.
GESlarning o‘rtacha foydali ish koeffitsiyenti (FIK) 90-95 foizni tashkil etgan bo‘lsa, quyidagi GESlarda FIK ko‘rsatkichlari loyiha quvvatiga nisbatan ancha past koeffitsiyentni tashkil etgan.
Jumladan, Samarqand GESlar kaskadi korxonasi tarkibidagi qariyb barcha GESlar loyiha doirasidagi belgilangan FIKga chiqmagan, o‘rtacha FIK – 70 foizni tashkil etib, o‘rnatilgan quvvatlarga nisbatan — 16 foizga tushib ketgan.
Shuningdek, Shahrixon GES tarkibidagi Oltinko‘l mikroGES (75 foiz – 17 foizga kam) va Vodil mikroGES (72 foiz – 17 foizga kam), Ohangaron GES tarkibidagi Ertoshsoy GES (78 foiz – 17 foizga kam) foydali ish koeffitsiyenti keskin tushib ketgan.
Yig‘ilishda mikroGESlar faoliyatiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.
Aytish joizki, mikroGES loyihalarini amalga oshirishdan ko‘zlangan asosiy maqsad, mavsumning suv kam yoki tanqis bo‘lgan vaqtlarida, elektr energiyasi ishlab chiqarishning uzluksizligi va barqarorligini saqlab qolish ko‘zda tutilgan. Biroq, bu borada amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar kutilgan natijani bermayapti, deyish mumkin.
Shuningdek, yig‘ilishda hisobot davrida mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi bo‘yicha qoidabuzarlikka yo‘l qo‘yilgani tanqid qilindi. Bu holatlar – “Hisorak GES”, “Samarqand GESlar kaskadi”, “Andijon GES”, “Ohangaron GES”, “O‘rta Chirchiq GES” hamda “Chirchiq GESlar kaskadi”da kuzatilgan. Mazkur korxonalar rahbarlari va mas’ul xodimlari jiddiy ogohlantirilib, bu holatlarni oldini olish bo‘yicha zaruriy topshiriqlar berildi.
“Yashil makon” umummilliy dasturi doirasida hududlarda obodonlashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirilishida ham kamchiliklar kuzatilmoqda.
Jamiyat tegishli buyrug‘iga asosan belgilangan barcha tadbirlar joriy yilning iyun oyiga qadar (4 oy oldin) to‘liq yakunlanishi belgilangan bo‘lsa-da, barcha tegishli mablag‘lar o‘z vaqtida moliyalashtirib berilganligiga qaramasdan korxonalar rahbarlari e’tiborsizligi bois, “O‘rta Chirchiq GESlar kaskadi”, Shahrixon GESlar kaskadi, “Ohangaron suv ombori”, Qamchiq GES tomonidan hozirga qadar sug‘orish tizimini o‘rnatish ishlari to‘liq yakuniga yetkazilmagan. Eng achinarlisi, korxonalarda doimiy suv bo‘lishiga qaramasdan, ekilgan ko‘chatlarning qurib qolish holatlari hamon davom etmoqda.
Yig‘ilishda yil yakuniga qadar 3 oydan kamroq vaqt qolganligini inobatga olib, nafaqat 2024-yil 4-choragini, balki 2025-yil uchun istiqboldagi rejalarni belgilash va ularni amalga oshirish maqsadida hozirdanoq zamin yaratish muhimligini inobatga olib, qator masalalar muhokama qilindi.
Tadbir yakunida kun tartibidagi masalalar yuzasidan tegishli mas’ul rahbarlarning hisobotlari tanqidiy-tahliliy muhokama qilindi hamda mavjud kamchiliklarni bartaraf qilish bo‘yicha zaruriy topshiriqlar berildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring