Toʻlovlarda aniqlik, tizimda shaffoflik taʼminlanadi
Inson tabiati qiziqda, hayot uchun suvning qanchalik muhim ekanligini bilsa-da, bu neʼmatni qadriga har doim ham yetavermaydi. Uni ishlatishda esa meʼyorni koʻpincha unutib qoʻyadi. Goʻyo obihayot chek-chegarasiz — tekin, qadri yoʻq. Baʼzan eshikni taqillatib nazoratchi “ ichimlik suvi uchun pulni toʻladingizmi”, deya soʻraganda, aftimiz bujmayadi. U koʻzimizga dushmandek koʻrinadi.
Endi bu hol barham topadi. Avvalo, poytaxtda. “Toshkent shahar suv taʼminoti” AJ masʼul xodimi Ravshan Yoqubjonovning maʼlum qilishicha, Markaziy Osiyo suv boshqaruvida yangi davr boshlandi. Toshkentda keng koʻlamli “aqlli” sovuq suv hisoblagichlari oʻrnatish dastlab tajriba tariqasida Shayxontohur, soʻng Yangi Hayot tumanida ommaviy tarzda davom ettirildi.

“Diehl Metering” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan mazkur zamonaviy hisoblagichlarning 670 ming donasi keyingi besh yil ichida aholiga bepul oʻrnatib berilishi rejalashtirilgan. Aslida, bu — hayotiy ehtiyoj. Negaki, poytaxt aholisi yangidan-yangi mavzelar paydo boʻlayotgani, yuzlab koʻp qavatli uylar qad rostlayotgani asnosida kun sayin ortib boryapti. Bu, oʻz navbatida, ichimlik suviga boʻlgan talabni keskin kuchaytirdi.
— Aholi masʼullar bilan muloqot chogʻida koʻpincha suv bosimi pasayib ketayotgani haqida nolib gapiryaptiyu, ammo isrofgarchilik, oʻzboshimchalik bilan tarmoqqa ulanib olish haqida lom-mim demaydi. “Aqlli” hisoblagichlar tizimiga oʻtish shu kabi tushunmovchiliklarga butkul nuqta qoʻyadi, — deydi Ravshan Yoqubjonov. — Har bir tarmoq elektron nazoratda, har tomchi suv markaziy kompyuter miyasida aks etadi.
Bu innovatsion yondashuv davlatimiz rahbarining 2022-yil 18-noyabrdagi 428-sonli qaroriga muvofiq, “Oʻzsuvtaʼminot” AJ bilan Fransiyaning “SUEZ International SAS” kompaniyasi bilan xalqaro hamkorlik doirasida boshlangan edi. Loyihaning umumiy qiymati 218,8 mln. yevroni tashkil etadi.

— Radiomodulli hisoblagichlar dunyoning koʻpchilik davlatlarida yuqori natija bergan. Shu bois Oʻzbekistonda ham mazkur kompaniya mahsulotlarini oʻrnatyapmiz, — deydi “SUEZ International SAS” kompaniyasi loyihasi direktori Fulk de Sal de Baniyeres. — Fuqarolar bu yangilikning afzalliklarini tezda his etmoqda: toʻlovlarda aniqlik, tizimda shaffoflik bor.
Poytaxt hokimligi “aqlli” hisoblagichlarni mahalliylashtirishga jiddiy eʼtibor qaratgan. Hademay, “Texnopark” sanoat majmuasida zamonaviy hisoblagichlarni yigʻish liniyasi ishga tushiriladi. Bu esa kommunal sohadagi loyihalar samaradorligini yanada oshirishga turtki beradi.
Abdunabi ALIQULOV
(“Xalq soʻzi”).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- Komiljonov Muxammadsolih Sobirjon oʻgʻlining “Salomatlik landshaftlarini tashkil etish tamoyillarini ishlab chiqish” mavzusidagi (arxitektura fanlari boʻyicha) falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasining himoyasi eʼloni
- Ukrainada jurnalistlarni olib ketayotgan avtomobil dronlar hujumiga uchradi
- Rossiya yangi urushga tayyorgarlik koʻrmoqda — Germaniya mudofaa vaziri
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring