Toʻy boylikni namoyish etish vositasi emas

16:00 05 Sentyabr 2025 Jamiyat
209 0

Jamiyatimizda anchadan buyon qizgʻin muhokamalarga sabab boʻlayotgan toʻylar va boshqa oilaviy tadbirlarni ixchamlashtirish masalasi nafaqat yurtdoshlarimizning shaxsiy daromadlari barqarorligini saqlash, balki har bir xonadonning tinchligi va osoyishtaligi, qolaversa, yoshlarimiz kelajagi bilan bogʻliq dolzarb muammodir. Unga hamma uchun maʼqul boʻlgan samarali yechim topish chuqur ilmiy yondashuvni, sotsiologik tadqiqotlarni talab etadi.

Shundan kelib chiqib, Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti tashabbusi bilan “Yangi Oʻzbekistonda toʻy, oilaviy tantana, maʼraka va marosimlarni ixcham va kamxarj oʻtkazishning oilalar iqtisodiyotiga huquqiy va maʼnaviy taʼsirini tahlil qilish” mavzuida oʻrganishlar olib borildi.

Loyiha doirasida toʻy, oilaviy tantana, maʼraka, marosimlarning jamiyat rivojiga taʼsiri hamda ularni milliy qadriyatlar, urf-odatlar asosida ixcham va kamxarj oʻtkazish, dabdababozlikka yoʻl qoʻymaslik yuzasidan yurtdoshlarimizning fikrlarini oʻrganish maqsadida sotsiologik soʻrovnoma oʻtkazildi. Xulosalar kattalar va yoshlarning bu boradagi qarashlarida anchagina farq borligi, mamlakatimizda mazkur yoʻnalishda olib borilayotgan targʻibot ishlari hamma joyda ham birdek natija bermayotganini koʻrsatdi.

Muammoning ildizi qayerda?

Muammoning ildizi xalqimizning azaldan toʻylarni katta dabdaba bilan oʻtkazishga odatlangani, bu anʼana qon-qonimizga singib ketganiga borib taqaladi. Hashamatli toʻyu tantanalar, turli maʼraka va marosimlar, hatto kishining vafoti bilan bogʻliq tadbirlar ham jamiyatda oilaning obroʻsini koʻrsatish vositasi sifatida qabul qilinadi. Koʻpchilik oilalar esa boshqalardan qolishmaslik uchun katta xarajatga qoʻl urishadi. Toʻylar va shu kabi yigʻinlar orqali oilalar oʻzining ijtimoiy maqomini baland koʻrsatishga intiladi.

Sirasini aytganda, toʻylarga oilaning boyligi va mavqeini namoyish etish vositasi sifatida qaraladi. Oqibatda soʻnggi yillarda toʻylarga boʻlgan xarajatlarning keskin oshib ketishi, isrofgarchilik va ortiqcha marosimlarning urfga kirishi koʻplab oilalar uchun jiddiy muammolarni keltirib chiqarmoqda. Hukumat va jamoatchilik tomonidan toʻylarni ixchamlashtirish boʻyicha olib borilayotgan saʼy-harakatlarga qaramay, bu masala hamon dolzarbligicha qolmoqda.

Oʻtkazilgan soʻrovnomada bu masalaga yondashuvlar turlicha ekanligi aniqlandi. Sotsiologik tadqiqot 9 ta hududda — Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Qashqadaryo, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida oʻtkazildi. Har bir hududning oʻziga xos xususiyatlari eʼtiborga olinib, soʻrovnoma toʻrtta alohida guruhda — nikohlanuvchi shaxslar, yosh oilalar, ota-onalar va mahalla faollari oʻrtasida tashkil etildi. Joriy yilning aprel — iyul oylarida oʻtkazilgan mazkur tadbirda 2 mingga yaqin respondentlar qatnashdi. Savollar xalqchil, samimiy boʻlib, respondentlarning bu boradagi qarashlarini, pozitsiyalarini aniq bildira olishlariga qaratildi. Har bir guruhdagi ishtirokchilar uchun alohida 25 — 30 tadan savol tuzildi. Savollar marosimlarni oʻtkazishda oila byudjeti va daromadlarini hisobga olish qanchalik muhimligi, tadbirlarda mahalla faollarining oʻrni, yashash hududida toʻylar, dafn marosimlari, marhumlarni xotirlash bilan bogʻliq oʻziga xos anʼanalarning mavjudligi, yosh oilalarda uchrayotgan nizoli vaziyatlarda anʼanaviy tadbirlarining taʼsiri kabi yoʻnalishlarni oʻz ichiga oldi.

Sotsiologik soʻrovnomada olingan natijalar institutimizning yosh olimlari bilan birga, tajribali pedagoglar tomonidan umumlashtirildi, tahlil qilindi, tegishli xulosalar chiqarildi. Jumladan, oilashunos Hasanboy Abdusamatovning xulosalariga koʻra, oilaviy tadbirlardagi asosiy maʼnaviy tamoyil ifodalilik, odob, samimiyat va muhabbatdan iborat boʻlishi lozim boʻlsa-da, soʻrovlar va kuzatuvlar koʻpgina toʻy marosimlarida bu tamoyillar eʼtibordan chetda qolib, uning oʻrnini oʻzini koʻz-koʻz qilishga qaratilgan “instagrambop” formatlar egallayotganini koʻrsatmoqda. Respondentlarning Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi Kengashlarining “Toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar oʻtkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qoʻshma qarori haqida xabardorlik darajasi oʻrganildi.

Soʻralganlarning 60 foizi bu hujjat haqida xabardor, ammo qolgan 40 foizining bu boradagi bilimlari yetarli emas. Shuningdek, toʻylarni tartibga solish masalasini faqat “shaxsiy ish” sifatida baholovchilar ham kam emas. Respondentlarning taxminan 35 — 40 foizi bu borada jamoatchilik yoki davlat aralashuviga ehtiyoj yoʻq, deb hisoblaydi. Bu esa shaxsiy manfaat va umumjamiyat ehtiyojlari oʻrtasidagi nomutanosiblikni koʻrsatadi.

Shu oʻrinda taʼkidlash kerakki, toʻylar orqali jamiyatimizda mavjud bir qator ijtimoiy muammolar ham namoyon boʻlayotir. “Falonchi shunday toʻy qildi, biz ham undan kam boʻlmasligimiz kerak” degan fikr raqobatga asoslangan stereotiplarni kuchaytiradi. Odamlarning chinakam insoniy fazilatlari, aql-idroki emas, ularning qanday toʻy qilgani koʻproq diqqat markazida boʻlmoqda. Bu esa inson qadrining moddiylik bilan oʻlchanishiga olib keladi. Soʻrovnoma xulosalariga koʻra, koʻplab insonlarning ixcham, samimiy tadbirlarni maʼqul koʻrayotgani ijobiy hol, albatta. Bunday marosimlarda mehmonlar soni cheklanadi, ortiqcha dabdaba-yu tansiq taomlar emas, balki ruhiy yaqinlik, oʻz xursandchiligini samimiy, koʻngilga yaqin insonlar davrasida nishonlashga eʼtibor qaratiladi. Muhimi, tadbir haqida insonlarning qalblarida ezgu xotiralar qoladi, oilalar oʻrtasida qadr-qimmat, oʻzaro muhabbat va hamjihatlik mustahkamlanadi.

Sotsiologik soʻrov joylardagi jamoatchilik kengashlari faoliyatini ham yana bir bor koʻrib chiqish lozimligini koʻrsatmoqda. Respondentlarning faqat 30 foizi ularning faoliyatidan xabardor. Ayniqsa, yoshlar va yosh oilalar bunday tuzilmalar haqida deyarli maʼlumotga ega emas. Mamlakatimizda toʻy va maʼrakalarni tartibga solishga qaratilgan huquqiy baza mavjud, faqat uning ijrosini taʼminlash mexanizmlarini kuchaytirish, yangi modulli dasturlar ishlab chiqish talab etiladi. Shu bilan birga, soʻrov ishtirokchilarining 72 foizi toʻylarni ixchamlashtirish boʻyicha qoʻshimcha qonunchilik choralarini qoʻllab-quvvatlashni bildirgan. Bu esa jamiyatning aksar qismi marosimlarni meʼyorlashtirishni ijobiy qabul qilishga tayyor ekanini koʻrsatadi.

Tahlillar nimani koʻrsatdi?

Sotsiolog Shohida Sodiqovaning tahlillariga koʻra, toʻy va maʼrakalarning shakllarini oʻzgartirish — davr talabidir. Sababi, dabdabali toʻylar oqibatida oilaning iqtisodiy ahvoli yomonlashib, yoshlar va qudalar oʻrtasida turli nizolarning kelib chiqishiga sabab boʻlmoqda. Soʻrovnomada toʻy uchun kredit olish qarori haqida soʻralganda, 22 foiz respondent bu yaxshi variant ekanini taʼkidlagan. 12 foizi esa toʻy bir marta boʻladi, shuning uchun ham qarz yoki kredit olib boʻlsa-da, toʻyni bugungi kun talablariga asosan yaxshi oʻtkazish tarafdori. Afsuski, amaliyotda bu kabi qarorlar oila byudjetiga salbiy taʼsir koʻrsatib, keyinchalik kreditni qaytarish uchun chet elga ishga ketayotgan muhojirlar sonining oshishiga ham sabab boʻlmoqda.

Toʻy xizmatlari bozoridagi narxlarning oshib ketishi va turli xil yangi takliflarning paydo boʻlishi xarajatlarni yanada oshirmoqda. Toʻygacha va toʻydan keyin tashkil etilayotgan “Marry me”, “Love story”, “Bride party” kabi qoʻshimcha tadbirlar yoshlar orasida urfga aylanmoqda. Bundan toʻylarni tashkillashtirishga ixtisoslashtirilgan firmalar va shou biznes vakillari manfaatdor. Shu sababli, ijtimoiy tarmoqlarda bu kabi tadbirlar bilan bogʻliq roliklar tez-tez koʻzga tashlanmoqda. Soʻrovnomada ishtirok etgan yosh respondentlar fikri bu borada ikkiga boʻlinadi. Auditoriyaning yarmi bu xildagi zamonaviy “party”lar oʻzi uchun unchalik ahamiyatga ega emasligini, aksincha ularga sarflangan xarajatlarni toʻydan keyin oilaviy dam yoki taʼlim olishga sarflashni afzal koʻrishini bildirsa, ayrim yoshlar toʻylardagi tadbirlarni ijtimoiy tarmoqlarga qoʻyish uchun ham oʻtkazishga harakat qilishini bildirgan.

Eʼtiborlisi, yoshlar orasida ham masalaga toʻgʻri yondashib, toʻy, marosimlarni ixchamlashtirish evaziga tejab qolingan mablagʻlardan oqilona foydalanish lozimligini tushunayotganlar soni ortib borayotgani quvonarli hol. Ammo baʼzi oʻrinlarda yoshlar oʻz ixtiyoriga qarshi borgan holda kattalarning majburlashi oqibatida dabdabali toʻylar qilinayotganini ham taʼkidlab oʻtishgan.

“Oddiy toʻy — baxtli oila”

Sotsiologik soʻrov natijalari bizni ayrim dolzarb xulosalar chiqarishga undaydi. Yaʼni toʻy va marosimlarni kamxarj, samimiy ruhda oʻtkazish faqat moddiy yoki huquqiy masala emas. Bu jamiyatdagi insoniy munosabatlar madaniyati, yoshlarning katta hayotga tayyorligi, axloqiy normalar, milliy qadriyatlarimiz bilan bogʻliq murakkab masaladir. Shundan kelib chiqib, mutaxassislarimiz tomonidan, avvalo, oliy va oʻrta taʼlim muassasalarida toʻylar, nikoh, oilaviy masʼuliyat mavzulariga bagʻishlangan darslar va treninglar tashkil etish taklif qilinyapti. Aholi, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida ijtimoiy tarmoqlarning ommalashganini hisobga olib, “Oddiy toʻy — baxtli oila” xeshtegi ostida vaynlar, videoblog, podkast va real hayotiy keyslarni tarqatish ham yaxshi samara berishi mumkin.

Ixcham va ibratli boʻlsin

“Toʻy raqobat emas, ibrat” shiori ostida ijtimoiy chellenjlar uyushtirish, mashhur inflyuyenserlar ishtirokida #maʼnaviyToʻy mediakompaniyasini joriy etish ham mutaxassislarimiz tomonidan taklif etilayotgan zamonaviy yechimlardan biri. Jamiyatda toʻylar va shu kabi ommaviy tadbirlarni shaxsiy ish emas, ijtimoiy masʼuliyat sifatida qabul qilinishiga erishish uchun har bir hududda “Ixcham va ibratli toʻy” namunaviy tajribalar toʻplamlarini yaratish ham ijobiy tashabbuslardan biri sifatida eʼtirof etildi. Chunki bugungi kunda oramizda toʻylarni ixchamgina oʻtkazib, kelin-kuyovni dam olishga yuborayotgan yoki ular uchun yangi uy olishga toʻlov qilayotgan oilalar ham anchagina. Ixcham toʻylar oilalar uchun iqtisodiy jihatdan foydaliligi, ortiqcha xarajatlardan voz kechish oila byudjetini tejash va bu mablagʻni yoshlarning kelajagiga yoʻnaltirish imkonini berishini aynan shu misollar orqali yanada kuchaytirish mumkin.

Yana bir muhim yoʻnalish sifatida ekspertlarimiz toʻy xizmatlari bozorini tartibga solish, narxlarni nazorat qilish va xizmatlar sifatini oshirish muhimligini taʼkidlamoqda. Ilmiy sotsiologik soʻrovnoma natijalari asosida ishchi guruhi tomonidan bir necha yoʻnalishlarda uslubiy qoʻllanma va bukletlar, fleyerlar ham tayyorlanmoqda. Ular yurtimizdagi 9 mingdan ortiq mahallalarning har biriga yetkazib beriladi.

Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash veb-platformasi ham (https://oilaqadriyat.uz) yaratildi, unga 5 ta yoʻnalishda 100 ga yaqin oilaviy maʼnaviy qadriyatlar haqida maʼlumot beruvchi “Oilaviy qadriyatlar katalogi”, oʻndan ortiq millat vakillarining oilaviy qadriyatlar tizimi tahlili asosida “Yangi Oʻzbekiston — koʻp millatli oila” rukni, dunyo mamlakatlaridagi oilaviy qadriyatlar tahlili, infografikalar va foydali resurslar joylashtirildi. Aholiga qulaylik yaratish maqsadida “Mening oilam” mobil ilovasi ishlab chiqildi va unga aholi uchun foydali boʻlgan 70 dan ortiq maʼlumotlar, videorolik, buklet hamda fleyerlar joylashtirildi. Masʼuliyatli ota-onalik mezonlari ishlab chiqildi hamda respublikaning barcha tuman va shaharlariga tatbiq etildi. Institut tomonidan 2024-yilda 14 ta oʻquv-uslubiy qoʻllanma, 14 ta buklet — umumiy sonda 231 300 nusxada nashr qilindi. Bu qoʻllanmalar “Kitoblar karvoni” loyihasi doirasida mahallalarga yetkazildi.

Toʻylarni ixchamlashtirish Yangi Oʻzbekiston jamiyati uchun muhim va dolzarb vazifadir. Bu vazifani muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun hukumat, davlat va jamoat tashkilotlari, har bir oila birgalikda harakat qilishi zarur. Shundagina biz isrofgarchiliklarning oldini olish, oilalarning iqtisodiy farovonligini oshirish va jamiyatda ijtimoiy adolatni taʼminlashga erisha olamiz.

Farida ABDURAHIMOVA,

Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti boʻlim boshligʻi,

pedagogika fanlari nomzodi, professor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер