Tilimiz kambagʻal emas

“DOMOVOY”, “BUKVARI MEXROJ-IMRONA” masʼuliyati cheklangan jamiyatlari tomonidan oʻrnatilgan tashqi reklama davlat tili toʻgʻrisidagi qonun talablariga zid ravishda joylashtirilgani aniqlandi. Har ikkala korxona qonun doirasida jarimaga tortildi. Umuman, viloyat hamda tuman (shahar) hokimliklari, viloyat raqobat boshqarmasi hamda boshqa manfaatdor tashkilotlar vakillaridan iborat ishchi guruhlari oʻtkazgan oʻrganish ishlari natijasida tegishli qonun talablarini buzgan jami 19 ta tadbirkorlik subyektiga nisbatan moliyaviy jarimalar qoʻllanildi.
Ammo adolat nuqtayi nazaridan aytish kerakki, viloyatimizda keyingi paytda tashqi reklama yozuvlarini davlat tili toʻgʻrisidagi qonun talablari asosida yozishga eʼtibor kuchaydi. Vaholanki, yaqin-yaqingacha aksariyat tashqi yozuvlarning ajnabiy tillarda bitilganligi koʻzga tashlanardi. Bunga sohaga oid qonunchilikdagi nomuvofiqliklar asosiy sabab boʻlayotgandi. Negaki, Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni 20-moddasida “Lavhalar, eʼlonlar, narxnomalar va boshqa koʻrgazmali hamda ogʻzaki axborot matnlari davlat tilida rasmiylashtiriladi va eʼlon qilinadi hamda boshqa tillarda tarjimasi berilishi mumkin” deb koʻrsatilgani holda oʻsha paytda amalda boʻlgan “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonunda reklama tilini reklama beruvchining oʻzi belgilashi qayd etilgandi. Shu boisdan aksariyat tadbirkorlar tashqi yozuvlarni tartibga keltirish borasidagi tushuntirishlarimiz chogʻida nisbatan keyinroq qabul qilingan “Reklama toʻgʻrisida”gi qonunga tayanishganini aytishar, huquqiy jihatdan haq ham boʻlib chiqishardi.
Yangi tahrirda qabul qilingan “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonunning reklama tiliga oid 6-moddasida reklama matni davlat tilida yozilishi majburiyligi, tadbirkorning xohishiga qarab uning boshqa tillardagi tarjimasi davlat tilidagi yozuvga nisbatan kichikroq oʻlchamda berilishi belgilandi.
Albatta, yetarlicha huquqiy jihatdan asoslarga ega boʻlganimizdan soʻng tadbirkorlar oʻrtasida reklama va boshqa tashqi yozuvlarni davlat tili talablariga moslashtirish borasida har bir mahalla kesimida targʻibot ishlarini olib bordik. Shuningdek, tashqi reklama vositalarini chop etuvchi va tayyorlovchi har bir tadbirkorlik subyekti bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilib, “telegramm” tarmogʻida alohida uslubiy koʻmaklashuv guruhi tashkil etdik. Tadbirkorlarga buyurtma sifatida kelib tushgan har bir reklama yoki axborot matnini guruhga uzatish yoʻlga qoʻyildi. Tegishli tilshunos mutaxassislardan ijobiy lingvistik xulosa olingandan soʻnggina uni chop etish amaliyoti joriy etildi.
Natijada viloyat hududidagi barcha 6x3 oʻlchamdagi tashqi reklama konstruksiyalari, LED ekranlardagi yozuvlar “Davlat tili haqida”gi va “Reklama toʻgʻrisida”gi qonunlar talablariga toʻla moslashtirildi.
Umuman, birgina joriy yilda xorijiy tilda bitilgan yoki xatoliklar bilan yozilganligi aniqlangan besh mingdan ortiq peshlavha va reklama yozuvlarining barchasi tartibga keltirildi. Albatta, bu borada barcha ishlar yakuniga yetkazildi, degan fikrdan yiroqmiz. Ayrim tadbirkorlar tomonidan doʻkonlari peshtoqida nomlar, koʻrsatilgan xizmat turlarini boshqa tillarda yozish holatlari uchramoqda. Bunga nazarimizda, baʼzi fuqarolarning nomlar va xizmat koʻrsatish turlarining oʻzbekcha muqobiliga koʻnika olishmayotgani sabab boʻlmoqda. Respublika Atamalar komissiyasi tomonidan tasdiqlangan xorijiy soʻzlarning davlat tilidagi muqobilini targʻib etish borasidagi harakatlar zoye ketmaydi, degan umiddamiz.
Shu oʻrinda daho yozuvchimiz Abdulla Qodiriyning bir soʻzini yodga olgan holda maqolaga nuqta qoʻymoqchimiz: “Oʻzbek tili kambagʻal til emas, balki oʻzbek tilini kambagʻal deguvchilarning oʻzi kambagʻal. Ular oʻz nodonliklarini oʻzbek tiliga toʻnkamasinlar”.
Akbar RUSTAMOV,
Buxoro viloyat hokimining maʼnaviy – maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish hamda davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga qatʼiy rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchisi
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring