“Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini qoʻllab-quvvatlash choralari toʻgʻrisida”gi Qaror qabul qilindi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini qoʻllab-quvvatlash choralari toʻgʻrisida”gi Qarori eʼlon qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori
Davlat tibbiyot muassasalari xodimlarini ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish, ularning moddiy manfaatdorligini oshirish, samarali ishlashi uchun munosib shart-sharoitlar yaratish maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsadlar
Quyidagilar tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini qoʻllab-quvvatlashning asosiy maqsadlari etib belgilansin:
(a) tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish, ularning moddiy manfaatdorligini oshirish;
(b) aholiga sifatli va samarali tibbiy xizmat koʻrsatayotgan fidoyi xodimlarga qoʻshimcha ragʻbatlantirish choralarini joriy etish;
(v) istiqbolli yosh mutaxassislar oʻz kasbiy malakasini oshirib borishi uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratish;
(g) “shifokor – aholi salomatligi posboni” shiori ostida jamiyatda ularning nufuzini oshirish.
II. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash
2026-yildan boshlab davlat tibbiyot muassasalari xodimlari Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan Tibbiyot muassasalarining moddiy ragʻbatlantirish va rivojlantirish jamgʻarmasi hisobidan har yili mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorida ragʻbatlantirilsin.
Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan har yili quyidagi nominatsiyalar boʻyicha tanlov oʻtkazilsin:
(a) “Eng yaxshi respublika shifoxonasi rahbari”, “Eng yaxshi hududiy sogʻliqni saqlash organi rahbari”;
(b) har bir hududda:
(i) “Eng yaxshi tuman (shahar) sogʻliqni saqlash organi rahbari”, “Eng yaxshi oilaviy poliklinika rahbari”, “Eng yaxshi tuman (shahar) shifokori” va “Eng yaxshi tuman (shahar) oʻrta tibbiyot xodimi”;
(ii) “Eng yaxshi oilaviy poliklinika”, “Eng yaxshi tuman (shahar) shifoxonasi” va “Eng yaxshi hududiy shifoxona”.
Belgilansinki:
(a) tanlov natijalari asosida gʻoliblar quyidagi miqdorlarda Tibbiyotni rivojlantirish davlat maqsadli jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda – Jamgʻarma) hisobidan bir martalik ragʻbatlantiriladi:
(i) tibbiyot muassasalari – 500 million soʻm;
(ii) tibbiyot va rahbar xodimlar – 30 million soʻm;
(b) tanlov gʻoliblari Tibbiyot xodimlari kuni arafasida eʼlon qilinadi, ularni davlat mukofotlariga tavsiya etish hamda xorijdagi nufuzli taʼlim va ilmiy tashkilotlarda Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan menejerlik va boshqa zamonaviy dasturlar asosida oʻqitish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi;
(v) “Eng yaxshi respublika shifoxonasi rahbari”, “Eng yaxshi tuman (shahar) sogʻliqni saqlash organi rahbari” va “Eng yaxshi oilaviy poliklinika rahbari” nominatsiyalari boʻyicha tanlov gʻoliblari “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sogʻliqni saqlash xodimi” faxriy unvoni bilan taqdirlashga tavsiya etiladi.
2026-yil 1-apreldan boshlab davlat tibbiyot muassasalarining ish vaqti rejimi besh kunlik ish haftasiga oʻtkazilsin. Bunda tibbiyot muassasalari ish faoliyatining uzluksizligini taʼminlash uchun bayram va dam olish kunlari navbatchilik asosida ishlash yoʻlga qoʻyiladi.
Belgilab qoʻyilsinki, 2026-yil 1-yanvardan boshlab davlat tibbiyot muassasalarida Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan:
(a) tuman (shahar) darajasida yangi davolash usullarini joriy qilgan va uning ijobiy samarasiga erishgan tuman (shahar) tibbiyot muassasalari shifokorlariga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti beriladi;
(b) davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15-yil ish stajiga ega boʻlgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining farzandlariga respublika hududidagi oliy taʼlim tashkilotlarida bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha yillik kontrakt summasining 30 foizi miqdoridagi, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravaridan oshmaydigan qismi qoplab beriladi;
(v) tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining xalqaro ilmiy-texnik maʼlumotlar bazasida indekslanuvchi va yuqori impakt-faktorli jurnallarda maqolalarni chop etish bilan bogʻliq xarajatlari toʻliq qoplab beriladi;
(g) har yili davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15-yil ish stajiga ega boʻlgan 500 nafar tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini uy-joy bilan taʼminlash uchun ipoteka krediti asosida sotib olinadigan uy-joyning dastlabki badal toʻlovining 25 foizi qoplab beriladi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining milliy akkreditatsiyadan oʻtgan davlat tibbiyot muassasalari xodimlariga 2026-yil 1-yanvardan boshlab lavozim maoshining 10 foizi miqdorida oylik ustama toʻlash toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2026-yil 1-yanvardan boshlab davlat tibbiyot muassasalarining tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga quyidagi qoʻshimcha imtiyozlar berilsin:
(a) davlat tibbiyot muassasalarida kamida 3-yil ish stajiga ega boʻlgan xodimlarga Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan bir yilda bir marotaba bepul yuqori texnologik ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatish;
(b) davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15-yil ish stajiga ega boʻlgan xodimlarga Kasaba uyushmalari federatsiyasi hamda tibbiyot muassasasining mablagʻlari hisobidan bir yilda bir marotaba respublika hududidagi sanatoriylarga bepul yoʻllanma berish;
(v) barcha turdagi davlat xizmatlari uchun toʻlovlar miqdorini ikki barobar kamaytirish.
III. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat qilish
Sogʻliqni saqlash vazirligi bir oy muddatda mazkur qarorda belgilangan imtiyozlarni qoʻllash hamda tanlov gʻoliblarini aniqlash boʻyicha mezon va tartib-taomillarni tasdiqlash choralarini koʻrsin.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2026-yildan boshlab:
(a) mazkur maqsadlar uchun har yili Jamgʻarmaga qoʻshimcha indeksatsiya qilib boriladigan 100 milliard soʻm mablagʻ ajratsin;
(b) Davlat budjeti parametrlarida mazkur qaror bilan belgilangan tadbirlarni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish uchun zarur mablagʻlarning koʻzda tutilishini taʼminlasin.
Sogʻliqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul hamda shaxsiy javobgar etib sogʻliqni saqlash vaziri A.A. Xudayarov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining tibbiyotni isloh qilish boʻyicha oʻrinbosari T.A. Aliyeva zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Sh. Mirziyoyev
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- Turkiya sudi Netanyahuni Gʻazoda genotsid sodir etganlikda ayblab, hibsga olish orderini maʼqulladi
- Rossiya NATOga hujum qilish uchun shay holatda — Bundesver generali
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring