Tender gʻoliblari belgilanmagan, rejadagi ish toʻliq bajarilmagan
Yaqinda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan hududlarda davlat xaridlariga oid oʻtkazilgan oʻrganishlar natijalari hamda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyatiga bagʻishlangan brifing oʻtkazildi. Unda agentlik tomonidan Namangan, Xorazm, Navoiy viloyatlarida davlat buyurmachilari tomonidan amalga oshirilgan davlat xaridlarini amalga oshirish bilan bogʻliq holatlar haqida maʼlumot berildi. Fakt va raqamlardan koʻrinib turibdiki, hududlarda bu borada muayyan kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgan. Xususan, Namangan viloyat hokimligi Injiniring kompaniyasi buyurtmachiligida “tender.mc.uz” maxsus axborot portalida joylashtirilgan umumiy qiymati 4,7 mlrd. soʻmlik 3 ta sogʻliqni saqlash muassasasi oʻrganilganda, ularda tender gʻoliblari belgilanmasdan turib, qurilish ishlari boshlab yuborilganligi aniqlandi. Yaʼni Namangan shahar 9-son oilaviy poliklinikasini mukammal taʼmirlash boʻyicha buyurtmachi tomonidan 2021-yilning 3-avgust kuni “Shaffof qurilish” elektron platformasida 2 mlrd. soʻmlik eʼlon berilgan. 2021-yil 10-avgust kuni ushbu lot boʻyicha loyiha – smeta hujjatlarida bajarilishi koʻzda tutilayotgan ish hajmi joyiga chiqib oʻrganilganida, poliklinika binosida mukammal taʼmirlash ishlari “Barkamol qurilish taʻmir servis” MCHJ tomonidan boshlanib, ish hajmi qisman bajarilganligi maʼlum boʻldi.
Ushbu holat yuzasidan bajarilgan ishlar boʻyicha hisob-varaqa, shartnoma va tender hujjatlari soʻralganida, ularning umuman yuritilmaganligi, ogʻzaki kelishuv asosida pudratchi qurilish tashkiloti pudrat ishlariga jalb qilinganligi, qurilish tashkiloti tomonidan bajarilgan ishlar boʻyicha hisob-varaqalar buxgalteriyada hisobga olinmaganligi maʼlum boʻldi.
Xorazm viloyatida 8 ta holatda jami 3,7 mlrd soʻmlik qurilish va joriy taʼmirlash ishlari (mazkur obyektlarning 5 tasi Turizm va sport (2,6 mlrd soʻm), 2 tasi Maktabgacha taʼlim (680 mln soʻm) va 1 tasi Xalq taʼlimi (490 mln soʻm) vazirliklarining quyi tizimlari hissasiga toʻgʻri keladi. “dxarid.uz” maxsus axborot portali boʻyicha eʼlonalar “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonun talablariga zid ravishda joylashtirilganligi aniqlandi. Jumladan, Yangiariq tumanidagi 10-son MTT (Maktabgacha taʼlim tashkiloti)ning joriy taʼmirlash ishlari uchun 2 ta holatda jami 680 mln. soʻmlik va Urganch tumanidagi 39-son maktabda 490 mln soʻmlik eʼlonlar boʻyicha smetada pul mablagʻlari rejalashtirilmasdan taʼmirlash ishlari boshlab yuborilganligi maʼlum boʻldi.
Navoiy viloyatida esa buyurtmachilar tomonidan 5 ta holatda umumiy qiymati 1,8 mlrd. soʻmlik qurilish-taʼmirlash ishlari tanlov (tender) savdolari oʻtkazilmasdan, pudrat shartnomalari tuzilmasdan bajarilganligi ayon boʻldi. Misol uchun, Navoiy viloyati hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” IK tomonidan RSHTYOIM Navoiy filialida “Kislorod stansiyasini” qurish boʻyicha “tender.mc.uz” saytiga 2021-yil 17-iyulda boshlangʻich bahosi 364 560 153 soʻm boʻlgan eʼlon joylashtirilgan.Tender komissiyasining 2021-yil 29-iyuldagi 3692-sonli yakuniy baholash bayonnomasiga asosan “TAYANCH QURILISH SERVIS” MCHJ tanlov gʻolibi deb topilgan hamda buyurtmachi va jamiyat oʻrtasida 328 136 000 soʻmlik pudrat shartnomasi imzolangan.
Agentlik tomonidan qurilish obyekti joyiga chiqib oʻrganilganida, “Kislorod stansiyasini” qurish ishlari tanlov savdolari oʻtkazilmasdan, pudrat shartnomasi tuzilmasdan 2021-yil mart oyida boshlanib, 2021-yil iyun oyida dalolatnoma asosida toʻliq foydalanishga topshirilganligi va hozirgi kunda stansiya ishchi holatda ekanligi aniqlangan.
Yuqorida koʻrsatilgan holatlarda Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonuni va boshqa qonunchilik hujjatlari talablari buzilganligi qayd etilgan boʻlib, masʼul shaxslarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 1758 –moddasi va boshqa moddalari bilan maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatildi. Shuningdek, ayrim holatlar yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom etmoqda.
Maʼlumki, Prezidentimizning 2020-yil 29-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2020-2021-yillarda barcha davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi (“komplayens-nazorat”)ni bosqichma-bosqich joriy etish vazifasi yuklatilgan.
Prezidentimizning 2021-yil6-iyuldagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida esa 2021-yil 1-oktyabrdan boshlab barcha davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyatini yoʻlga qoʻyish belgilangan.
Mazkur vazifalar ijrosini oʻz vaqtida va sifatli taʼminlash maqsadida, tuzilmasida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi joriy etilishi lozim boʻlgan 100 dan ortiq vazirlik va idoralarda, shuningdek Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyat hokimliklarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari tashkil etildi.
Bundan tashqari, davlat organlari va tashkilotlarida ushbu tuzilmalar faoliyatining samaradorligini baholab borish maqsadida Vazirlar Mahkamasining “Davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi ishlab chiqildi. Ushbu qarorga asosan, 2022-yildan boshlab har yili davlat organlari va tashkilotlari tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini samarali yoʻlga qoʻyilganlik holatini baholaydigan tizim ishga tushirilishi koʻzda tutilgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Abduqodir Husanov yana bir bor “Real Madrid”ga qarshi oʻynaydi
- Bolalar saratoniga qarshi kurash: xalqaro hamkorlikdagi muhim qadam
- Superliganing 2026-yilgi mavsumi boshlanmoqda
- Har burchagida tarix yashiringan shahar — Londondan fotoreportaj
- Dzyudo boʻyicha Toshkent “Katta dubulgʻa” musobaqasi boshlandi
- 1-mart — Zulfiya tavallud topgan kun. “Bugun tunda kelarmish bahor”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring