Tafakkurning qudratli ildizlari

16:26 29 Mart 2023 Madaniyat
1507 0

Foto: Халқ сўзи

Oʻzbekiston – ilm-maʼrifat oʻchogʻi, ziyo markazi boʻlgan qutlugʻ zamin

Buyuk Ipak yoʻli chorrahasida joylashgan Vatanimiz qadimdan jahon sivilizatsiyasi markazi, maʼrifat oʻchogʻi boʻlib dunyo ilm-fani va madaniyati rivojiga munosib hissa qoʻshib kelgan. Yurtimizda voyaga yetgan ulugʻ allomalar oʻzlarining bebaho asarlari, ibratli faoliyati bilan ikki buyuk Uygʻonishga zamin yaratdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va taʼlim berish boʻyicha ikkinchi butunjahon konferensiyasi ochilish marosimidagi nutqida bu haqda toʻxtalib, jumladan, shunday degan edi: “Diyorimizdan yetishib chiqqan atoqli allomalar, algebra fani va algoritm tushunchasiga asos solgan Al-Xorazmiy, mineralogiya fanining tamal toshini qoʻygan Al-Beruniy, ­dunyoda Avitsenna nomi bilan tanilgan mashhur tibbiyot olimi Ibn Sino, bir ming oʻn sakkizta yulduzning koordinatlarini va harakatini aniq belgilab bergan buyuk astronom Mirzo Ulugʻbek, Nil daryosining sathini oʻlchovchi noyob uskuna yaratgan alloma Ahmad Fargʻoniy kabi ulugʻ ajdodlarimiz oʻzlarining bebaho asarlari, ilmiy va ijodiy kashfiyotlari bilan Oʻrta asrlardagi birinchi va ikkinchi Sharq renessansi rivojiga ulkan hissa qoʻshganlar”.

“Birinchi Renessans allomalari” kitobida dunyo ilm-fanida roʻy bergan ana shunday noyob hodisalar haqida soʻz yuritiladi. Mualliflar jamoasi oʻz oldiga zaminimizda roʻy bergan ikki buyuk Uygʻonish davri, shuningdek, bugungi kunda uchinchi Renessansga qoʻyilayotgan poydevor, yangi tamaddun asoslarini ochib berishga ahd qilgan.

Aslida, loyiha uchta kitobdan iborat boʻlib, “Birinchi Renessans allomalari” uning dastlabkisidir. “Ikkinchi Renessans allomalari”, “Uchinchi Renessans insonparvarlik va ilm-maʼrifat asosiga qurilmoqda” oʻquv qoʻllanmalari asarning mantiqiy davomi boʻlib, ularda Sharq madaniyatining oltin asri va bunda muhim rol oʻynagan sohib­qiron bobomiz Amir Temurning ibratli ishlari, jadid bobolarimizning boy merosi va yangi Oʻzbekiston bosh meʼmori tomonidan olib borilayotgan shiddatli islohotlar haqida hikoya qilinadi.

Tarixiy maʼlumotlar jahondagi eng qadimiy ilmiy maskanlar ham aynan ona diyorimizda paydo boʻlganini tasdiqlamoqda. Bu haqda soʻz yuritilganda, Buxoroda 300 dan ortiq, Samarqandda esa 120 ga yaqin, Xivada 64 ta oʻz davrining universitetlari hisoblangan madrasalar faoliyat koʻrsatganini keltirish kifoya. Birgina Mirzo Ulugʻbek tomonidan tashkil qilingan madrasa butun dunyodan kelgan ilmu tolib va olimlarni bir joyga yigʻib, oʻz davrining jahonshumul yangiliklarini yaratishda bamisoli akademiya vazifasini oʻtagan. Quvonarlisi shundaki, roʻyi zamin sayqali hisoblangan shahardagi Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti ushbu ilmiy dargohning vorisi hisoblanadi.

Qaysi davrda boʻlmasin, yurtimizdagi ilm-fan dargohlarida yetti iqlimdan kelgan toliblarga barcha shart-sharoit va imkoniyatlar yaratilgan. Ular yotoq joy bilan taʼminlanib, hatto kundalik xarajatlari qoplab berilganki, pirovardida dunyo ilm-fani rivojida yangi davrni boshlab bergan buyuk olimlar yetishib chiqqan.

“Birinchi Renessans allomalari” risolasi zaminimizdagi ilk tamaddun bunyodkorlarining ilmiy faoliyati, ular qoldirgan boy meros va uning bugungi taraqqiyotdagi hissasiga bagʻishlanadi.

Maʼlumki, IX — XI asrlarda yurtimizda sivilizatsiyaning yangi davri boshlanib, davlat yuritishdagi va siyosatdagi yangiliklar ilm-fan kishilarini ezgu gʻoyalar tevaragida birlashtirdi. Natijada matematika, astronomiya, kimyo, tibbiyot, huquq, geodeziya singari fanlar ­rivojlanib, birinchi Renessansga asos boʻldi. Bunda oʻz bagʻriga daho mutafakkirlarni toʻplagan oliy dargoh — Xorazm Maʼmun akademiyasi muhim rol oʻynagan.

Dunyo olimlarining eʼtirof etishicha, “Dorul hikma” nomini olgan mazkur ilmiy muassasa nafaqat oʻz mintaqasi, balki butun dunyo uchun akselerator vazifasini oʻtagan. Ushbu dargohda Abu ­Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Abu Mansur ibn Iroq, Abu Sahl Masihiy, Abul Hayr ibn Hammor, Abu Mansur as-Saolobiy, Abu Ali ibn Miskovayh, Abdulhakim ­Muhammad ibn Abdulmalik as-Solih, Al-Xorojiy, Al-Hamdamkiy, Abu Abdulloh al-Biyan al-­Naysaburiy, Ahmad ibn Muhammad ­as-Suhayliy al-Xorazmiy, Ahmad ibn Muhammad as-Sahriy, Mahmud Hamid ibn Xidr al-Xoʻjandiy kabi koʻplab fan namoyandalari ilmiy tadqiqotlar olib borishgani ­fikrimiz tasdigʻidir.

Xorazm Maʼmun akademiyasi olimlari Yunoniston, Yaqin va Oʻrta Sharq, Hindiston ilm-fan yutuqlarini ijodiy, tanqidiy oʻrganib, uni yanada yuksak bosqichga koʻtargan. Ularning ilmiy faoliyati, asarlari tufayli qadimgi badiiy sanʼat, xalq ogʻzaki ijodi, adabiyot, tarix, tibbiyot, geodeziya, mineralogiya, geografiya, etnografiya, astronomiya, matematika, geometriya, sugʻorish madaniyati yutuqlari jahon tamadduni xazinasiga kirgan va butun insoniyat manfaatlariga xizmat qila boshlagan.

Masalan, qomusiy olim Abu ­Rayhon Beruniy asarlari bugun ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan. Jumladan, allomaning “Osori al-boqiya” (“Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”) asari jahon tarixini oʻrganishda noyob manba hisoblansa, ­“Kitob al-jamohir fi maʼrifat al-javohir” (“Qimmatbaho toshlarni bilib olish boʻyicha maʼlumotlar toʻplami”) asari nodir toshlar, ­kamyob metallar, minerallar va ularning fizik (qattiqligi, solishtirma ogʻirligi, rangi, qirralarining tuzilishi va boshqalar), ximiyaviy (tarkibida qanday moddalar borligi, suv va olovga chidamliligi) xususiyatlarini tadqiq etishda nihoyatda muhim qoʻllanmadir.

Kitobda keltirilganidek, Beruniy oʻz kashfiyotlari bilan rivojiga hissa qoʻshmagan fan sohasi boʻlmasa kerak. U birinchi boʻlib, Yer shari globusini yasagan. Bu ixtirodan barcha geograflar, har bir ziyoli bugungi kunda ham bahramand boʻlib kelmoqda. Olimning astronomiya ravnaqiga qoʻshgan hissasi ham beqiyos. U garchi olamning tuzilishiga Ptolemeyning geotsentrik (olamning markazida Yer shari turishi haqida) qarashlaridan turib yondashsa-da, bu masalaga original tarzda, yaʼni Yer sharini harakatlanuvchi tizim, deb biladi. Bunday qarash oʻsha davrlarda Yerni harakatsiz deb hisoblovchi hukmron nazariyalarga zid keluvchi ­ilmiy jasorat edi.

Xorazm Maʼmun akademiyasining yana bir atoqli vakili Abu Ali ibn Sino boʻlib, u dunyo tib ilmining asoschisi deya tan olinadi. Qo­musiy olim deyarli barcha fan sohalari bilan shugʻullangan. U qoldirgan bebaho meros bugungi hayotimizda ham nihoyatda asqatmoqda.

Ibn Sinoning 5 kitobdan iborat “Tib qonunlari” asari tibbiyotning umumiy nazariy va amaliy masalalariga bagʻishlangan. Mazkur noyob asarda tibbiyotning nazariy asoslari, uning predmeti va ­vazifalari, kasalliklarning kelib chiqish sabablari, belgilari, profilaktikasi, dorivor giyohlarning nomi, xususiyatlari, tibbiy malhamlarni tayyorlash va isteʼmol qilish usullari bayon etilgan.

Olimning taʼbiricha, tibbiyotning asosiy vazifasi, “inson ­sogʻligʻini saqlash, agar kasallik paydo boʻlgan boʻlsa, bu kasallikni keltirib chiqargan sabablarni aniqlash va ularni yoʻqotish orqali sogʻliqni tiklashdan iborat”. Alloma tib ilmida nazariy bilimlar va amaliyot oʻzaro bogʻliq boʻlishi, bir-biriga asoslanmogʻi zarurligini, aks holda u rivoj topmasligini qayd etadi.

Abu Ali ibn Sinoning fikricha, “Tib ilmi, avvalo, ikki qismga — nazariy va amaliy qismlarga boʻlinadi... Tibning amaliy qismi ikkiga boʻlinadi. Birinchi qismi sogʻlom tanlarning tadbirini bilish, bu sogʻliqni saqlashga taalluqli boʻlgani uchun sogʻliqni saqlash ilmi deb ataladi. Ikkinchi qismi — kasal tanning tadbirini bilish boʻlib, sogʻlom holatga qaytarish yoʻllarini koʻrsatadi, bu davolash ilmi deb ataladi”. Ibn Sino kasallikni oʻrganishda obyektiv sharoitni har tomonlama bilishga katta ahamiyat berdi, ­muhitdagi turli tabiiy narsalar, suv, havo orqali kasallik tarqatuvchi koʻzga koʻrinmaydigan “mayda hayvonotlar” haqidagi fikrni olgʻa surdi.

“Tib qonunlari” 800-yil davomida hakimlar uchun asosiy qoʻllanma boʻlib keldi. Oʻrta asrlarda kitobdan Sharqdagina emas, balki gʻarb mamlakatlarining universitetlarida ham talabalar uchun tibbiyotdan yagona darslik sifatida foydalanildi.

Istiqlol yillarida Xorazm ­Maʼmun akademiyasining qayta tugʻilishi dunyo olimlari, ilm-fan jamoatchiligi tomonidan olqishlandi. YUNESKOning 2004-yilda ushbu tabarruk ilm dargohining 1000-yilligini nishonlash toʻgʻrisidagi qarori esa Oʻzbekiston ilm-maʼrifat oʻchogʻi, ziyo markazi boʻlganining jahoniy eʼtirofi boʻldi, albatta.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil yanvar oyida ­Xorazm viloyatiga, xususan, Xorazm ­Maʼmun akademiyasiga tashrifi davomida bergan topshiriq va koʻrsatmalari ushbu ilm-fan dargohi fao­liyatida tub burilish yasadi. Yaʼni muassasa Davlat byudjetidan moliyalashtirish tizimiga oʻtkazilib, moddiy-texnika bazasi mustahkamlandi, olimlar uchun barcha shart-sharoit muhayyo qilindi. Bu esa ota-bobolarimiz qoldirgan bebaho ilmiy merosni asrab-avaylash barobarida, ilmiy yangilik va kashfiyotlar qilish, innovatsiyalar ­yaratish, yoshlarni ilmga jalb etib, iqtidorli, dunyo tan oladigan yangi ­avlod olimlari yetishtirishga ­katta ragʻbat boʻldi.

Xalqimiz tarixida roʻy bergan ikki Uygʻonish davrining siri nimada edi? Oʻsha davrdagi zalvarli yutuqlar zamirida nimalar yotibdi? Qaysi omillar yangi Renessans vujudga kelishini taʼminlagan?

Risola bilan tanishgan oʻquvchi ushbu savollarga mufassal javob topa oladi. Shubhasiz, uygʻonish davrlarining barchasiga xos boʻlgan xususiyatlardan biri antropotsentrizmdir. Boshqacha aytganda, Renessans inson ehtiyojlari, erkinliklari va huquqlarini taʼminlashdan boshlanadi. Shu maʼnoda, bugun buyuk oʻzgarishlarga guvoh boʻlgan qutlugʻ zaminimizda navbatdagi evrilishlarga tamal toshi qoʻyilyapti, inson qadri ulugʻlanyapti, yoshlarga keng imkoniyatlar eshigi ochib berilyapti. Zotan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan shiddatli islohotlar inson qadrini koʻtarish, uning huquq va manfaatlari himoyasini kuchaytirishdek ezgu maqsadga yoʻgʻrilgan. Ayni chogʻda ­davlat rahbarining siyosiy irodasi tufayli erkin va demokratik siyosiy ­muhit, adolatli jamiyat, ilm-fan rivoji uchun qulay shart-sharoit yaratib berilmoqda. Bu Yurtboshimizning “Biz oʻz oldimizga ­mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulugʻ maqsadni qoʻygan ekanmiz, buning uchun yangi xorazmiylar, beruniylar, ibn sinolar, ulugʻbeklar, Navoiy va boburlarni tarbiyalab beradigan ­muhit va sharoitlarni yaratishimiz kerak”, degan daʼvatiga hamohang olib borilayotgan tizimli yangilanishlarning amaldagi inʼikosidir.

Oʻtmishga boqib, xolis tahlil qiladigan boʻlsak, mamlakat bosh­qaruvida olib borilgan odil siyosat, davlatning ilm-maʼrifatga kuchli eʼtibori, taʼlim-tarbiya ustuvor etib qoʻyilgani har ikkala Uygʻonish davrida ham eng muhim jihat boʻlgan. Qolaversa, odamlarda ilm-fanga tashnalik bilan birga, borliq sirlarini ochish va yangi ilm yaratishga ishtiyoq kuchli boʻlgan. Natijada olimlarimiz oʻzlari sezmagan holda, Renessans davrining bunyodkorlariga aylangan.

Shu maʼnoda, keyingi yillarda yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan tinchlik siyosatini, barcha sohada boshlangan inqilobiy islohotlarni, xalqaro miqyosdagi doʻstu birodarlik munosabatlarini, ayniqsa, ilm-fan, taʼlim sohasidagi bemisl innovatsion yangilanishlar, olim va ziyolilarga ­yaratib berilayotgan shart-sharoitlar, yoshlar taʼlim-tarbiyasi yoʻlida bajarilayotgan koʻlamdor ishlarni maʼrifatparvar Xorazmshoh Ali ibn Maʼmunning, adolatparvar ­sohibqiron Amir Temurning tutumlariga qiyoslash mumkin.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning davlat rahbari sifatida ­asosiy siyosiy islohotlarning bosh maqsadi Oʻzbekistonni rivojlangan, har tomonlama ilgʻor mamlakatga aylantirish boʻlib, jadal islohotlar, ilm-maʼrifat va innovatsiyalar bunga erishish yoʻli sifatida tanlangan. Jonajon Oʻzbekistonimizda islohotlar shiddatli tus olgani, jamiyatda kuzatilayotgan yangilanishlar, ilm-fanga chanqoq yoshlarimizning xalqaro darajada qoʻlga kiritayotgan yutuqlari yurtimizda yana bir uygʻonish ruhi keza boshlaganidan darak berayotir. Shunday ekan, uchinchi Renessans uzoq istiqbolda emas, aksincha, bizning zamonamizda roʻy berishidan umidvormiz. Davlatimiz ­rahbari aytganidek, “Biz yurtimizda Uchinchi Renessansni barpo etish masalasini strategik vazifa sifatida oldimizga qoʻyib, uni milliy gʻoya darajasiga koʻtarmoqdamiz. Maktabgacha taʼlim va maktab taʼlimi, oliy taʼlim tizimi hamda ilmiy-madaniy muassasalarni boʻlgʻusi Renessansning toʻrt uzviy halqasi, deb bilamiz. Bogʻcha tarbiyachisi, maktab muallimi, professor-oʻqituvchilar va ilmiy-ijodiy ziyolilarimizni esa yangi ­Uygʻonish davrining toʻrt tayanch ­ustuni, deb hisoblaymiz”.

Meni xursand etgani, risolalar turkumida davlatimiz rahbarining ushbu gʻoyasi asosida mamlakatimizda olib borilayotgan keng koʻlamli ishlar, buyuk allomalarning izdoshlari erishayotgan yutuqlar ham sodda va xalqona tarzda ochib berilishidir.

Eng asosiysi, mazkur risola qahramonlari bugun eʼtirof, ehtirom qilib aytilayotganidek “Birinchi Renessans allomalari”dir. Ularni shu bois ham majoziy maʼnoda “asrlarga yoqilgan mayoq”, “aql mashʼali”, “tafakkurning qudratli ildizlari” deya aytish mumkin. Zero, ularning yaratgan asarlari, ixtirolari “aql mashʼali” sifatida hanuz ilm olamiga yorugʻlik baxsh qilib turibdi va turajak. Ularning intellekti, gʻoyatda yuqori salohiyati natijasida yuzaga kelgan asarlari esa har bir davr uchun tafakkurning qudratli ildizlaridir. Ana shu ildizlar oʻz davridayoq fanning qudratli, nufuzli chinorlari darajasiga yetishgandi. Oradan oʻtgan asrlar davomida bu chinorlar mustahkam ildizga ega muqaddas zaminda bunyod boʻlgani uchun yanada qudrat, yanada ulugʻvorlik kasb etdi.

Tabiiyki, tafakkurning qudratli ildizlaridan, ana shu ulugʻvor fan chinorlaridan bahramandlik, ularga mansublik hissi, vorisiylik faxru iftixori, bugungi uchinchi Renessans poydevori qoʻyilayotgan davr ilmu fani uchun, umuman olganda, jamiyatimiz uchun shiddatkor kuch-quvvat boʻlib xizmat qiladi. Bu siymolarning hayoti, ilmiy faoliyati esa har bir davr fan olamiga qadam qoʻyayotgan yoshlar uchun ibrat timsolidir.

Eng asosiysi, ular bilan faqat faxrlanib qolish emas, balki ularga munosib izdosh, voris boʻlishda. Ularning asarlarini sanab, shunchaki ehtirom koʻrsatishdamas, asarlarini, ixtirolarining mohiyatini qunt bilan oʻrganishda, qayta nashr etishda, ular haqida hujjatli, badiiy filmlar ishlab, targʻib qilishdadir. Ana shunda ularning faqat nomigina emas, asarlari, ibratli hayoti keng ­ommaga yetib boradi va keng ­ommadayam ilmga, fanga ixlos kuchayadi. Bu jarayon esa jamiyatning, davlatning intellektualligini oshiradi. Intellektual jamiyat, davlat esa uchinchi Renessans poydevorini yanada mustahkam, ajdodlarga xos tarzda qoʻya oladi. Bu borada esa birinchi Renessans ­siymolari haqidagi ilmiy-ommabop toʻplamning ahamiyati katta va boya taʼkidlagan vazifalar uchun asos boʻlib xizmat qiladi. Shu jihatdan ushbu toʻplamning ahamiyati beqiyosdir.

Shu oʻrinda yana bir mulohaza, ushbu toʻplam mualliflarining bugungi davrimiz ilmu fan namoyandalari ekanligidir. Tabiiyki, ularning “Birinchi Renessans allomalari” bilan faxrlanib qolmasdan, oʻzlari ham fan istiqboliga katta hissa qoʻshayotgani asarning taʼsirchanligini, oʻqishliligini, ommabopligini yanada oshiradi.

Muxtasar aytganda, “Birinchi Renessans allomalari” nomli risola ona Vatanimiz tarixining yorqin lavhalarini ifoda etuvchi, buyuk allomalarimiz hayotining soʻnmas qirralarini ochib beruvchi asar hisoblanib, barcha oʻquvchilarga manzur boʻladi, degan umiddamiz.

Oʻtkir RAHMAT.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?