Tabiatning doʻsti koʻp, dushmani-chi?
Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Vobkentlik Halim Turdiyevga oʻz istiqomat qilayotgan “Oʻzbakon” mahallasida tabiat oshuftasi, deya taʼrif berishadi. Bu gapda mubolagʻa yoʻq. Bir muddat xorijda ishlab, dunyo koʻrgan yigit toʻrt yilcha muqaddam moʻjazgina oʻrmon barpo etish maqsadini koʻngliga tugdi.
Hovlisining shundoq yonida qarovsiz yotgan tepalik bor. Shu tepalikdan 15 sotix yerni obod qildi. Ninabargli archa, qaragʻay, kashtan kabi manzarali daraxt koʻchatlarini oʻtqazdi. Ularni sugʻorish muammo edi. Idishda suv tashishiga toʻgʻri keldi. Koʻchatlar ostini yumshatdi. Zararkunandalarga qarshi doriladi. Xullas, halovat bilmadi.
— Buni qarangki, til-u zabonsiz oʻsimliklar ham inson mehrini his etarkan, — deydi qahramonimiz. — Koʻchatlarim avj olib oʻsdi. Koʻrib turganingizdek, yoʻl yoqasida kichik bir oʻrmonzor paydo boʻldi.
Ishning baroridan kelganini koʻrgan Halim aka tepalikning bir qismida olma, oʻrik kabi mevali daraxt koʻchatlari parvarishiga kirishdi. Uzumzor ham barpo etyapti.
— Halim Turdiyevga oʻxshagan tabiat oshuftasi boʻlgan fidoyi insonlar juda koʻp, — deydi Oʻzbekiston Ekologik partiyasi Buxoro viloyat Kengashi raisi Jahongir Sharipov. — Ular shu kunlarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi ijrosida ham faollik koʻrsatmoqda. Daraxtga kelsak, uning havodagi karbonat angidridni yutib, kislorod ishlab chiqarishi barchamizga maʼlum. Lekin daraxtning ona tabiatimiz, salomatligimiz uchun foydali jihati shu bilan chegaralanib qolmaydi. U yerdagi tuproqni mustahkam ushlaydi. Ildizi suvni filtrlab, ob-hayot sifatini yaxshilaydi. Soyasi esa jazirama yozda jonning rohatidir.
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, daraxt oʻzidan suv bugʻi ajratib chiqaradi va shu tariqa ob-havo harorati oʻrtasida katta farq boʻlib ketishiga koʻz ilgʻamas toʻsiq vazifasini bajaradi. Yana bir ahamiyatli tomoni shundaki, daraxt nabotot olamining rang-barangligiga hissa qoʻshadi. Deylik, bir daraxt turining batamom yoʻqolib ketishi koʻplab hayvon turlarining barham topishiga sababchi boʻlishi mumkin.
Bu masalaga alohida toʻxtalishimiz bejiz emas. Mana, saksovulni olib koʻring. Qorovulbozor tumanida joylashgan Buxoro neftni qayta ishlash zavodiga borganda saksovulzor-u yulgʻunzorlarga koʻzingiz tushadi. Sahro bagʻridagi korxona jamoasi tomonidan ularning har bir tupi asrab-avaylanmoqda. Negaki, sahro ekotizimini muhofaza qilishda oʻsimliklar, xususan, saksovulning ahamiyati juda katta. Tabiatning moʻjizasini qarangki, u yerga chuqur ildiz otadi. Shu yoʻl orqali suvga boʻlgan ehtiyojini qondiradi. Qurgʻoqchilikka bardoshli saksovul choʻlda tuproq koʻchishiga toʻsiq boʻladi. Bargi esa tuya va qoʻylar uchun toʻyimli ozuqa hisoblanadi.
Endi insof bilan ayting-chi, shunday foydali oʻsimlikka bolta koʻtargan kishini ona tabiatning dushmani demay boʻlarkanmi?
Gap shundaki, ayrim yurtdoshlarimiz daraxt kesish, saksovulzorlarni payhon qilishdan tap tortishmayapti. Viloyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasidan olingan maʼlumotlarga qaraganda, joriy yilning oʻn oyida saksovul butalarini noqonuniy kesish bilan bogʻliq 73 ta holat aniqlangan. Bu ishga qoʻl urgan kimsalar jami 738 million soʻm miqdorida jarimaga tortilgan. Tabiatga yetkazilgan zarar esa 383 million soʻmga baholangan. Cherkez, qandim, yulgʻun kabi choʻl oʻsimliklarini noqonuniy kesish hollari ham taassufki, uchrab turibdi. Koʻza kunda emas, kunida sinadi, deganlaridek, bu kabi nojoʻya ishlarga qoʻl urganlar qilmishi birma-bir fosh etilyapti. Umuman, viloyatda daraxt va butalarni noqonuniy kesishga aloqador 297 ta holat aniqlangan. Huquqbuzarlar jami 1 milliard 636 million soʻm miqdorida jarimaga tortilgan.
Oʻzlari anglab-anglamay nabotot olami kushandasiga aylangan bu kimsalar bir tup daraxt yoki saksovulning oʻsib, navqiron yoshga yetishi uchun yillar kerak boʻlishini nahotki, his etishmaydi?!
... Yana Halim Turdiyev yaratgan moʻjaz oʻrmonzorga qaytamiz. Bu yerdan oʻtgan kishining bahri-dili ochiladi. 1500 tup archadan taralayotgan toza havodan toʻyib-toʻyib nafas oladi. Shunday yashil goʻshani yaratganning haqiga duoga qoʻl ochadi.
Ha, xalqimizning topib aytganicha bor: yaxshidan bogʻ qoladi.
Binobarin, ona tabiatning chin doʻsti boʻlmogʻimizga nima yetsin!
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sogʻliqni saqlash vazirligi “Elektron retsept” tizimi boʻyicha rasmiy bayonot berdi
- Nilufardan Qobiljongacha... Qobuljon Rossiyada etnik nafrat tufayli vahshiylarcha oʻldirilgan birinchi bola emas
- Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- Dual taʼlim — yetuk mutaxassis tayyorlash kafolati
- “Insoniyat sivilizatsiyasiga asos boʻlgan yutuqlar shu zamindan kelib chiqqan” — Paragvay Prezidenti
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring