Superliga. 19-turga tafsiliy nazar: Ochilish oʻyinida magʻlubiyat va gʻalabasiz seriyaning yakuni

Joriy yilning 15-18-avgust kunlari Oʻzbekiston Superligasida musobaqaning 19-tur bahslari boʻlib oʻtdi. Unda quyidagi natijalar qayd etildi:
• “Paxtakor” 2:0 “Soʻgʻdiyona”;
• “Navbahor” 0:1 “Neftchi”;
• “Dinamo” 1:0 OKMK;
• “Nasaf” 2:0 “Shoʻrtan”;
• “Qoʻqon-1912” 2:0 “Surxon”;
• “Mashʼal” 1:0 “Andijon”;
• “Bunyodkor” 2:1 “Buxoro”;
• “Xorazm” 0:1 “Qizilqum”.
Boʻlib oʻtgan 8 ta oʻyinning 6 tasida mezbonlar, 2 tasida mehmonlar gʻalaba qozondi. Quyida baʼzi oʻyinlarga alohida toʻxtalib oʻtamiz:
Markaziy oʻyin
Ikkinchi davrani “Bunyodkor”ga magʻlub boʻlish bilan boshlagan “Neftchi” klubidan ishonch ancha yoʻqolayotganday. Ammo, jamoa undan keyin qator-asiga 2 ta oʻyinda gʻalaba qozondi.
Dastlab, Fargʻona derbisida “Qoʻqon-1912” magʻlub etilgan boʻlsa, 18-turda amaldagi chempion “Nasaf” magʻlub etildi. 19-turda ham jamoani qiyin oʻyin kutardi.
Bu gal Levchenko jamoasi Namangandagi “olovli stadionda” bir tur oldin muxlislik bobidagi asosiy raqibi “Andijon” maydonidan gʻalaba bilan qaytgan “Navbahor” bilan kuch sinashishi kerak edi. Ammo, “Neftchi” bu safar ham gʻalaba qozonishni uddaladi.
Uchrashuv teng kurashlar ostida oʻtdi. Har ikki jamoa 8 tadan zarba yoʻllagan boʻlsa-da, aniq zarbalar boʻyicha ustunlik maydon egalari tomonida boʻldi. Hatto, xG statistikasi (gol urish ehtimoli) boʻyicha ustunlik “Navbahor” tomonida boʻldi.
Ammo, oʻyin taqdirini hal qilgan zarba 33-daqiqada Ikrom Aliboyev tomonidan yoʻllandi. “Neftchi” aʼzosi qariyb 35 metr masofadan aniq zarba yoʻllab hisobni ochdi.
Qolgan daqiqalarda mehmonlar gʻalabani saqlab qolishdi. Shu tariqa koʻplab tanqidlar ostida qolayotgan Levchenko oʻz jamoasi bilan “Nasaf”ni taʼqib etishda davom etadi.
Samarqandda nihoyat gʻalaba
Samarqandning “Dinamo” jamoasi mavsumni juda yaxshi oʻtkazmoqda. Ayni paytda Vadim Abramov jamoasi turnir jadvali uchinchi boʻlib turibdi. Tabiiyki, bu narsa samarqandlik muxlislarga ham yoqib tushmoqda. Jamoaning uy oʻyinlarini koʻrish uchun har turda 10 mingdan ziyod muxlis kelmoqda.
Ammo, “Dinamo” jamoasi aynan minglab muxlislari qarshisida koʻproq ochko yoʻqotmoqda. Jamoa Samarqandda oʻtgan soʻnggi 5 ta oʻyinida chempionlik yoʻlidagi asosiy raqiblari “Bunyodkor” va “Neftchi”ga magʻlub boʻlgan boʻlsa, “Nasaf”, “Navbahor” va “Paxtakor” klublari bilan durrang natija qayd etildi.
Ammo “Dinamo” muxlislari jamoani yolgʻizlatib qoʻyishmadi va OKMKga qarshi bahsni tomosha qilish uchun ham 10 100 ta tomoshabin tashrif buyurdi. Lekin bu safar “Markaziy” stadionga tashrif buyurgan muxlislar oʻz uylariga yaxshi kayfiyatda qaytishdi.
Oʻyin hujumlar bobida mezbonlarning toʻliq ustunligi ostida oʻtdi. Ammo oʻyin nazorati boʻyicha tenglik qayd etildi. “Dinamo” raqibidan umumiy zarbalar soni boʻyicha ham, aniq zarbalar soni boʻyicha ham ustunlik qilgan boʻlsa-da, gol qarshi hujum natijasida kiritildi.
47-daqiqa oʻtib borayotgan bir vaqtda koʻpchilik boʻlib oldinga chiqqan OKMK qarshi hujum qurboni boʻldi. “Dinamo” qanot vingeri bitta aniq uzatma bilan Anvar Hojimirzayevni birga-bir vaziyatga olib chiqdi. Bundan namanganlik hujumchi unumli foydalanib, oʻyin taqdirini hal etgan golga mualliflik qildi.
Vadim Abramov jamoasi shu tariqa oʻz maydonida 5 ta oʻyindan beri davom etib kelgan gʻalabasiz seriyasiga yakuni yasadi. Muhim oʻyinni boy bergan OKMK esa beshinchi oʻringa tushib ketdi.
5405 kundan keyingi futbol
Yaxshi bilasiz, bu yil “Xorazm” jamoasi Oʻzbekiston Superligasiga qaytdi. Jamoa bundan naqd 15-yil oldin Oliy ligada ishtirok etgandi.
5405 kundan keyin Xorazm viloyatiga yana katta futbol qaytdi. Aynan 19-turda jamoa raqibini oʻz maydonida qabul qildi. Maʼlumot uchun, “Xorazm” bungacha oʻzi mezbon maqomida oʻtkazgan 9 ta oʻyinini betaraf maydonda oʻtkazgan edi.
Bu oʻyinga muxlislarning eʼtibori ham katta boʻlishi aniq edi. Shu sabab 19-turdan oʻrin olgan “Qizilqum”ga qarshi oʻyinni bevosita stadiondan kuzatish uchun 12 078 nafar muxlis tashrif buyurdi.
Ammo, 15-yillik tanaffusdan keyin oʻtkazilgan dastlabki bahs Hakim Fuzaylov jamoasi uchun omadsiz boʻldi. Uchrashuvning 10-daqiqasida “Xorazm” himoyachilarining himoyadagi qoʻpol xatosidan Dilshod Rahmatullayev unumli foydalanib hisobni ochdi.
Buyogʻiga muxlislarining chorlovlari bilan “Xorazm” klubi hujumda jadallashdi. Ammo oʻyinda hisob boshqa oʻzgarmadi.
Muxlislarning tashrifi
19-tur oʻyinlarini tomosha qilish uchun jami 54 939 nafar muxlis stadionlarga tashrif buyurdi. Bu har bir oʻyinni oʻrtacha 6 867 nafardan tomoshabin kuzatganini bildiradi.
Turda eng koʻp muxlis toʻplagan bahs — “Navbahor” va “Neftchi” oʻyini boʻldi. Ushbu uchrashuvni tomosha qilish uchun Andijondagi “Bobur arena”ga 21 350 nafar muxlis tashrif buyurdi.
Eng kam futbol shinavandalarini toʻplagan oʻyin esa “Mashʼal” va “Andijon” bahsi boʻldi. Betaraf maydonda oʻtgan ushbu uchrashuvni koʻrish uchun 628 nafar muxlis kelgan.
Keyingi tur
Oʻzbekiston Superligasida 20-tur oʻyinlari 20-23-avgust kunlari boʻlib oʻtadi. Unda bizni quyidagi bahslar kutmoqda:
“Shoʻrtan” – “Navbahor”
“Soʻgʻdiyona” – “Dinamo”
“Neftchi” – “Mashʼal”
“Buxoro” – “Qoʻqon-1912”
“Andijon” – “Paxtakor”
“Qizilqum” – “Buxoro”
“Surxon” – “Nasaf”
OKMK – “Xorazm”
Muhammadamin Zuhriddinov tayyorladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
- Turkiy xalqlarning maʼnaviy yalovbardori
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Rossiya Osiyo grandni magʻlub etdi
- Kambagʻal oilalar farzandlarining toʻgarak xarajatlarining 80 foizgacha qismi davlat byudjeti hisobidan qoplanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring