Xalqimizning bebaho boyligi

Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi”
Asosiy bayram tadbiri poytaxtimizdagi “Oʻzbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida boʻlib oʻtdi.

Anjuman ishtirokchilari erta tongdanoq poytaxtimizdagi Adiblar xiyobonida boʻlib, oʻz ijodi va faoliyati orqali ona tilimizning jozibasini, lugʻat boyligi va imkoniyatlarini butun dunyoga koʻrsata bilgan buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy haykali poyiga gullar qoʻydi.

Muhtasham saroy foyesida oʻzbek tilining betakrorligi va jozibasini namoyish etuvchi ilmiy-maʼrifiy, badiiy koʻrgazma tashkil etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbek tili bayrami kuni munosabati bilan xalqimizga yoʻllagan bayram tabrigini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamenti rahbari — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot kotibi Sherzod Asadov oʻqib eshittirdi.

Taʼkidlanganidek, bundan sakkiz yil oldin mamlakatimizda boshlangan tom maʼnodagi tarixiy islohotlar tufayli oʻzbek tili rivojida ham yangi davr boshlandi. Bu borada qabul qilingan Farmon, qaror va dasturlar asosida uning davlat tili sifatidagi oʻrni va maqomini mustahkamlash, zamonaviy ilm-fan, axborot texnologiyalari va xalqaro munosabatlar tiliga aylantirish boʻyicha katta ishlar amalga oshirildi.

Xususan, yurtimizda geografik obyektlar nomlari davlat tili meʼyorlariga muvofiqlashtirilyapti. Bugungi kunga qadar 250 mingga yaqin geografik obyekt, jumladan, 200 mingdan ortiq koʻchalar nomlari davlat tiliga muvofiqlashtirilib, reyestrga kiritilgan. Qator obyektlar — togʻ va choʻqqilar, daryo, koʻl, suv omborlari, foydali qazilma konlari, metro bekatlari, temir yoʻl vokzali va stansiyalari, aeroport va avtostansiyalar davlat tili talablari asosida qayta nomlangan.

Atamalar komissiyasi faoliyatining kuchaytirilgani hayotimizga keng miqyosda kirib kelayotgan yangi tushuncha va atamalarni tilimizga aniq qoida va tamoyillarga binoan qabul qilishda, til siyosatini ilmiy asosda yuritishda muhim oʻrin tutmoqda.

Xorijiy soʻz va iboralarni oʻzbekchalashtirishda sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish uchun maxsus dasturiy taʼminot ishlab chiqilgani, elektron manbalar yaratilgani eʼtiborga sazovor.

Oʻzbekiston bugun dunyoga ochildi. Shaffoflik va oshkoralik, jahon hamjamiyati bilan keng koʻlamli hamkorlik bois koʻplab yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yoshlar jahoniy bilimlarni egallashga, xalqaro maydonda oʻz soʻzini aytishga intilmoqda. Buning uchun ular chet tillarni puxta oʻrganayotgani tabiiy. Lekin xorijiy tilni oʻzlashtirish ona tilimizga eʼtiborsizlikni, hurmatsizlikni keltirib chiqarmasligi lozim. Tabrikda ayni masalaga urgʻu qaratilar ekan, yosh avlodning milliy ruh, milliy tafakkur egasi, vatanparvar insonlar boʻlib voyaga yetishi uchun, avvalo, oʻzbek tili va adabiyotini bolalikdan boshlab puxta bilishlari shartligi qayd etildi.

Shu maqsadda taʼlim tizimida oʻzbek tilini oʻqitishni takomillashtirishga jiddiy ahamiyat berilayotgani taʼkidlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilishda davlat tilini bilish talabi rasman belgilangani ham tilimizning mavqeini oshirishga xizmat qilayotgani urgʻulandi.

Tabrikda oʻzbek tilining jamiyat hayotidagi oʻrni va nufuzini mustahkamlash, uni xalqaro miqyosda keng targʻib etish borasida oldimizda turgan muhim vazifalarga eʼtibor qaratilgan.

Bu borada, avvalo, ushbu bayram arafasida Prezident tomonidan imzolangan “Davlat tilini yanada rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaror ijrosini taʼminlash muhim ahamiyatga ega. Raqamli olamda oʻzbek tilida sifatli, ilmiy asoslangan, qiziqarli axborot va maʼlumotlarni koʻpaytirish, onlayn lugʻatlarni takomillashtirish, ona tilimizni rivojlantirish va targʻib etishda sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalanish, xalqimiz tafakkuriga mos va jozibador milliy brendlar yaratish, Oʻzbek tilining asosiy imlo qoidalarini qayta koʻrib chiqish milliy lisonimizning qadrini yanada oshirishga, jahonda nufuzini yuksaltirishga xizmat qiladi.

Tantanali tadbirda sunʼiy intellekt vositasida Alisher Navoiyning ona tilimiz haqidagi fikrlari aks ettirilgan videorolik namoyish etildi.

TURKSOY tashkiloti bosh kotibi Sulton Rayevning video tabrigi ishtirokchilar eʼtiboriga havola qilindi.

Tadbirda mamlakatimizda istiqomat qilayotgan turli millat va elat vakillari, xorijliklar oʻzbek tilini oʻrganish, uning betakror nafosatiga oid fikrlarini bildirdi. Ularga Davlat tilini rivojlantirish departamenti tomonidan Alisher Navoiy asarlari jamlangan ensiklopediya tuhfa etildi.

Ona tilimizning jozibasini namoyon etgan goʻzal sheʼr va qoʻshiqlar, dilrabo raqslar yigʻilganlarga bayramona kayfiyat ulashdi.

Tantanali tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri Nuriddinjon Ismoilov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari — Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Zulayho Mahkamova ishtirok etdi.

Oʻzbek tili bayrami kuni munosabati bilan oʻtkazilayotgan tadbirlar mamlakatimiz boʻylab davom etmoqda.
Dilshod KARIMOV
(“Xalq soʻzi”).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Hududlarda 34 ta yuqori texnologiyali sanoat loyihalari amalga oshiriladi
- Endilikda muddati oʻtgan tovarlarning sotilishi avtomatik ravishda cheklanadi
- Xorijiy tillarni oʻrganmoqchi boʻlgan yoshlarga “2+6” dasturiga muvofiq subsidiya ajratiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring