Sorgʻunliklarning orzulari ushalmoqda
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan boshlangan yangilanish va qayta taʼmirlash ishlari Buxoro viloyati Kogon tumani “Sorgʻun” mahalla fuqarolar yigʻinida ham davom etmoqda. Xayrli tashabbus va saʼy-harakat tizimli ravishda ishlab chiqilgan “Obod xonadon — obod koʻcha — obod mahalla” dasturi doirasida jadallashtirilmoqda.
Dasturga muvofiq “Sorgʻun” va “Xoʻja Yakshaba” mahalla fuqarolar yigʻinlarida amalga oshirilgan keng koʻlamli obodonlashtirish va qayta qurish ishlari uchun qariyb 33 milliard soʻm mablagʻ hisobiga yoʻl-transport, muhandislik–kommunikatsiya tarmoqlari, ijtimoiy soha inshootlari, boshqa bozor infratuzilma obyektlarini barpo etish va mukammal taʼmirlash ishlari olib borilmoqda.
— Maʼmuriy jihatdan Katta Orgʻun, Oynasoz, Oq oltin, Parakti, Sorgʻun, Surxiyon, Sugʻdiyona, Asalxoʻja kabi 8 ta qishloqdan tarkib topgan mahallamizda bugunga kelib 714 ta xonadon, 819 ta oila va ularda istiqomat qilayotgan aholi soni 3570 nafarga yetgan, — deydi “Sorgʻun” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Baxtiyor Bekmurodov. — Hududda 500 dan oshiq pensioner, nafaqaxoʻr boʻlsa, aholining mehnatga layoqatli qatlami 1870 nafardan ziyod. Shulardan hozirda muqim ish oʻrniga ega boʻlgani 1757 nafarni tashkil etmoqda. Ishsiz esa rasman 63 nafar boʻlib, jismoniy imkoniyati cheklangan fuqaro soni 54 nafar, yana ijtimoiy muhofazaga olingan nochor oila soni oʻnga yaqin. Qolaversa, bizda boquvchisini yoʻqotgan va yakka-yolgʻiz, qiyin sharoitda yashayotgan oʻndan ortiq oilaga mehr-muruvvat koʻrsatilmoqda. Alohida toifalanganlarga kelsak, 1 ta oila “Temir daftar”ga kiritilgani holda 23 nafar yigit-qiz “Yoshlar daftari”dan, 102 nafar fuqaro esa “Ayollar daftari”dan oʻrin olgan.
Hududdagi obodonlashtirish va yangilanishni avvalo hudud muhandislik-kommunikatsiya tarmogʻining takomillashtirilayotgani, bundagi ijtimoiy inshootlar qiyofasi zamonaviy koʻrinishidan yaqqol bilish mumkin. Jumladan, oʻz bagʻriga jami 560 nafar oʻgʻil-qizni olgan 7- va 23-sonli umumtaʼlim maktablari keyingi yillarda butunlay yangidan taʼmirlangan, qoʻshimcha qurilishlar bajarilgan.
Investitsiya dasturi asosida roppa-rosa bir yil oldin pudratchi korxona “Galaosiyo Soxtimon” MCHJ tomonidan bunyod qilingan 240 oʻrinli zamonaviy taʼlim dargohi binosi va standart talabiga koʻra 12x18 metr oʻlchamdagi sport zali qurilishiga qariyb 4 milliard mablagʻ sarflangan. Maktabda issiqlik tarmogʻi bilan birga barcha sinf xonalari, fan kabinetlari, oʻqituvchilar xonasi risoladagidek hozirlangan. Bir yil oldin hududda tibbiyot maskani boʻlmagan, bugun esa sorgʻunliklar kuniga 60 qatnovga moʻljallangan oilaviy shifoxona punktiga ega boʻldi.
Mahallada foydalanishga topshirilganiga 3 yil toʻlayotgan 10-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti hozir 125 nafar jajji bolani oʻz bagʻriga olgan. Bu shinam muassasa pudratchi “Shavkat Moʻmin” MCHJ jamoasi tomonidan umumiy qiymati 2 milliard 951 million soʻm mablagʻ evaziga barpo qilindi.
Eʼtiborlisi, unda ishlashga qabul qilingan 31 nafar mutaxassis va ishchi-xodim mahalliy aholi orasidan uyda oʻtirib qolgan ishsizlar, ijtimoiy muhofazaga muhtoj xotin-qizlar orasidan tanlangan.
Hudud infratuzilmasida roʻy berayotgan oʻzgarish va yangiliklar ham oz emas. Chunonchi, shu yilning oʻtgan oylarida Sorgʻun mahallasidan oʻtuvchi «4K-182» Kogon-Katta Orgʻun-Yanglov-Qiziltepa yoʻlining 3 kilometr qismi tuman yoʻllardan foydalanish unitar korxonasi tomonidan asfaltlashtirilgan boʻlsa, tashkilot tomonidan yoʻl chekka qismlarida aholi qatnovi uchun 2 kilometr masofada piyodalar yoʻlakchasi barpo etilgan. Bu loyihaga davlat byudjeti hisobidan 2 milliard soʻmga yaqin mablagʻ sarflangan.
Shuningdek, Oynasoz, Sorgʻun, Parakti, Surxiyon qishloqlari boʻylab oʻtgan ichki yoʻllardan qish yogʻingarchiliklarida oʻtib boʻlmas darajaga yetgan 1450 metr qismi shagʻallashtirilgan boʻlib, shundan 1240 metr qismiga asfalt bostirilgan. Yana qishda loy, yoz jaziramasida changi osmonga oʻrlaydigan koʻchalarning 2500 metr qismi esa betonlashtirilgani shu yerlik aholini xursand qildi.
— Boshqa hududda boʻlgani kabi sorgʻunliklar ham elektr energiyasi taʼminotidagi uzilishlardan chetda qolmagan, — deydi tuman elektr tarmoqlari idorasi mutaxassisi Elmurod Hamroyev. — Hududda 5,7 kilometr masofadagi elektr liniyasi butunlay yangilandi. Yangi rusumdagi “SIB” kabeli tortildi. Eskirgan simyogʻochlar oʻrniga 130 ta temir-beton ustun oʻrnatildi. Katta Orgʻun qishlogʻida 100 kilovatt soat quvvatga ega transformator oʻrniga yangi 250 kilovatt soat quvvatga ega elektr transformator oʻrnatilgan. Mavjud transformatorlarning 3 tasi taʼmirdan chiqarilgan.
Sorgʻun tabiiy gaz yetib bormaydigan hududlardan biri. Shuning uchun bunda ham aholi kundalik ehtiyoji uchun “Kogongaz” taʼminot boʻlimi tomonidan hududdagi isteʼmolchilar, 734 ta xonadonga suyultirilgan gaz yonilgʻisi maishiy ballonlarda uzluksiz yetkazib berilmoqda. Soʻnggi oylarda tumanda oʻtayotgan mutasaddilar, sektor rahbarlari sayyor qabullarida suyultirilgan gaz balloni yetishmovchiligi boʻlgan oʻttizga yaqin xonadonga maishiy ballon yetkazilgan.
Mahalla aholisini tashvishga solayotgan muammolardan biri bu toza ichimlik suvi taʼminotidir. Oʻtgan yili yoz oylarida birgina Surxiyon qishlogʻida 11 ming metrdan ortiq uzunlikda vodoprovod tarmogʻi oʻrnatilgani tufayli 125 ta xonadon isteʼmolga yaroqli toza ichimlik suvidan bahramand boʻlmoqda. Shundan soʻng hududga yaqin “Kurjan” suv uzatish inshooti bultur “Obod qishloq” dasturiga muvofiq qayta rekonstruksiya qilindi. Bu loyiha va qishloqdagi tarmoq qurilishi uchun 600 million soʻmdan oshiq sarmoya oʻzlashtirilgan. Endilikda boshqa qishloqlarni ham vodoprovodlashtirish chora-tadbirlari koʻrilayotir.
Umuman, obodlik va yangilanishlarni nafaqat hudud qiyofasida, balki har bir oilada turmush tarzi yaxshilanayotgani misolida ham koʻrish mumkin.
Shu nuqtai nazardan, ayni kunda ijtimoiy muhofazaga muhtoj aholi qatlami bilan ishlash, ular tashvish va muammolarini yechishga eʼtibor kuchaytirilgan.
Tuman hokimining “Sorgʻun” mahalla fuqarolar yigʻinidagi yordamchisi Islom Istamovning aytishicha, joriy yilda “Har bir oila–tadbirkor” dasturi asosida ehtiyojmand fuqarolar, yosh tashabbuskorlarga “Xalq banki” qoʻllab-quvvatlovida uch yil muddatga, past foizda qaytarish sharti bilan har biri 33 million soʻmgacha miqdorda rasmiylashtirilayotgan sarmoyalar oʻnlab oilalarni sogʻlomlashtirish, iqtisodiy oyoqqa qoʻyish, ularga ishlab daromad orttirish imkonini bermoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nega biz haligacha oʻzga sayyoraliklar bilan uchrashmaganmiz?
- 16-yanvar kuni baʼzi joylarda qor yogʻadi
- Raqamli Oʻzbekiston uchun kiber-huquqshunoslar: Prezident Farmoni yuridik taʼlimning yangi davrini ochadi
- Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatlaridan iborat delegatsiya aʼzolari Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi (+fotoreportaj)
- Koʻrfaz arab davlatlari bozoriga bojsiz kirish imkoni yaratiladi
- Dunyo boʻylab qon va koʻzyosh bilan oʻtgan bir hafta — 20 ta suratda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring