Soʻnggi 4-yilda IIBlardan oʻligi chiqqanlar xronologiyasi. Tizimni oʻzgartirish kerakmi?

IIB tergovxonalarida qiynoqlardan vafot etayotgan oddiy fuqarolarning ayanchli haqiqati inson huquqlarining qoʻpol buzilishidir. Adolatni taʼminlashi kerak boʻlgan bu markazlar huquqbuzarlarni oʻz oyoqlari bilan qabul qilib, zambilda olib chiqib ketishi, nafaqat insoniylikka, balki mamlakatimizda olib borilayotgan insonparvarlik islohotlariga ham toʻgʻri kelmaydi.
Oʻzbekistonda oʻlim jazosi 16-yil avval, 2008-yil 1-yanvarda bekor qilingan. Ha, aynan shu kundan boshlab har qanday jinoyatchi oʻlim jazosiga tortilgani yoʻq. Hatto 68 ta bolaning oʻlimiga sabab boʻlganlarga ham bunday jazo berilmaydi. Shunga qaramay, negadir huquqni muhofaza qilish binosidagi oʻlimlar uchrab turadi.
Toshkent viloyati Bekobod tumanida 2024-yil 19-iyunda IIB binosiga kirish yoʻlagida, fuqarolardan biri 43 yoshli D.Y. sogʻligʻi yomonlashib hushini yoʻqotgan. Shundan soʻng xodimlar fuqaroni xizmat avtomashinasida shahar shifoxonasiga olib borgan. Tibbiyot birlashmasi xodimlari tomonidan koʻrikdan oʻtkazilgan vaqtida D.Y. vafot etganligi aniqlangan.
“Fuqaro tan jarohatlari sababli vafot etdi”, deb yozdi Ekologiya vaziri maslahatchisi, jamoatchilik faoli Rasul Kusherbayev. “Soʻngra IIB xodimlari tomonidan kaltaklanishi oqibatida 1981-yilda tugʻilgan D.Y. tan jarohatlari sababli vafot etgan. Yaqinlariga koʻra, jarayonlar IIBdagi videokameralarga tushgan”, deydi u.
Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan biri esa voqeaga shunday fikr bildirdi:
“Bekobod shahar IIB binosiga olib borilgan fuqaro oʻldi. … bino yoʻlagida hushidan ketgan, keyin oʻlib qolgan. Ajal koʻpincha IIB binosi ichida kutib turgan boʻladi bizda, boshqa joylarda ham shunaqamikin?”, degan u.
IIB bilan bogʻliq oʻlimlarning soʻnggi 4-yillikdagi ayrim oʻlim holatlarini xronologik tarzda koʻrib chiqsak. Garchi hamma holatni ushbu maqolamiz orqali qamrab olishning imkoni boʻlmasada, imkon qadar bizga maʼlumlarni kiritishga harakat qildik. Xoʻsh, qanday qilib, buncha oʻlim holatlari qayd etildi?
2020-yilning 22 yanvar kuni Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida yashovchi 32 yoshli erkak yashash uyidan tuman IIB xodimlari tomonidan olib ketilgan. Bir kundan soʻng esa IIBdan murdasi chiqqan. Marhumning yaqinlariga koʻra, A.Yu. IIB xodimlarining kaltaklashi oqibatida vafot etgan.
Marhumning akasi Shuhrat Abdurahmonov ukasini olib ketgan xodimlar 4 nafar kishi boʻlganini, ammo ukasi nima sababdan olib ketilayotganini aytishmaganini bildirgandi.
2020-yilning 30-may kuni Respublika shoshilinch tez-tibbiy yordam Andijon filialiga Andijon shahar, Salohiyat koʻchasida yashovchi fuqaro A.A. tan jarohatlari bilan kelib tushgan. Aniqlanishicha, IIB JQB tezkor vakillari ish yurituvdagi ariza yuzasidan fuqaro A.A.ni IIB maʼmuriy binosiga olib kelib, hayoti va sogʻligi uchun xavfli boʻlgan zoʻrlik ishlatib, noqonuniy ravishda ushlab turganliklari oqibatida uning huquqlari va qonuniy manfaatlariga jiddiy zarar yetkazilishiga sababchi boʻlgan.
A.A. sogʻligʻi yomonlashganligi sababli Andijon shahar IIO FMB 4-son IIBdan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon filialiga yotqizilgan. Jinoyat ishi yuzasidan olib borilgan tergov harakatlari davomida 01.06.2020-yilda 3 nafar ichki ishlar xodimiga nisbatan JKning 206, 234 va 235-moddalari bilan ayb eʼlon qilinib, “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.
Jabrlanuvchi A.A.ga shifokorlar tomonidan barcha tibbiy yordamlar koʻrsatilgan boʻlishiga qaramasdan u 11.06.2020-yilda vafot etgan.
2021-yil 4-aprel. Fargʻona viloyati Quva tumanida tibbiy niqob taqmasdan koʻchada yurgani uchun 20 yoshli Ahror Anvarovning oʻz mahallasida ichki ishlar xodimlari bilan tortishib qolib, IIB binosiga olib kirib ketilgani va u yerdan yigitning oʻligi chiqqani haqida xabar tarqalgandi. Soʻngra aniq boʻlishicha, bu IIB binosida sodir boʻlmagan. IIB binosidan chiqib ketgach 2 kun oʻtib, toʻsatdan yiqilib yurak yetishmovchiligidan vafot etgan.
2021 yil 1 iyul.
“Oʻzbekiston Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish Bosh boshqarmasining 64/18-sonli muassasasidan (xalq tilida «Sangorod”) mahkumning oʻligi chiqdi», deb yozgandi “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
Unga koʻra, 45 yashar marhum F. X. Toshkent viloyatining Yangiyoʻl tumanidan boʻlib, Navoiy viloyatidagi koloniyada jazo muddatini oʻtayotgan boʻlgan.
Tashanovning marhum yaqinlariga tayanib aytishicha, F.X. bir necha kun avval uyiga qoʻngʻiroq qilib, koloniya xodimlari pul talab qilishayotganini bildirgan, hatto qandaydir hisob raqamlari ham berilgan ekan.
2021-yil 29-iyul. Fuqaro Baxtiyar Dauletmuratov Taxiatosh tumani IIB profilaktika inspektori Salamat Baymuratov tomonidan olib ketilib, tuman IIBda tan jarohati yetkazilgani sababli vafot etgan edi.
Surxondaryo viloyati, Denov tumani, Oqtom mahallasida yashagan Hasan Xushmatovni ichki ishlar xodimlari majburlab idoraga olib ketib, vahshiylarcha qiynab oʻldirgani haqida murojaat tarqalgandi.
Tuman IIO FMB profilaktika inspektori va uning ikki nafar yordamchisi H.Xushmatovning xonadoniga kelishgan va uni avtomashinaga oʻtkazib, tuman IIBga olib ketishgan. Yoʻlda profilaktika inspektorining yordamchilari H.Xushmatovni bir necha bor urib tan jarohati yetkazgan. Oqibatda H.Xushmatov 11-iyul kuni shifoxonada vafot etgandi.
2022-yil 8-noyabr. Fargʻonada “oʻgʻirlik qilmoqchi boʻlgani uchun” qamab qoʻyilgan 15 yoshli oʻsmir IIB muassasasida vafot etdi.
Maʼlum qilinishicha, Fargʻona viloyati Uchkoʻprik tumanidagi Sulton qishlogʻida yashagan, 2007-yilda tugʻilgan R.A. joriy yil 16-oktyabr kuni Buvayda tumanidagi “Ansor” savdo majmuasida ota-onasining nazoratisiz yurgani va ushbu majmuada oʻgʻirlik qilmoqchi boʻlganida IIB xodimlari tomonidan ushlangan. 15 yoshli yigit tuman IIB boshligʻining shu kungi qarori bilan Qoʻqon shahrida joylashgan viloyat IIBga joylashtirilgan.
Viloyat prokuraturasiga koʻra, markazga joylashtirilgan kunning ertasiga – 17-oktyabrda R.A.ning sogʻligʻi yomonlashib, hushidan ketgan. Shundan soʻng, tez yordam xodimlari unga tibbiy yordam koʻrsatib, shifoxonaga olib ketilayotgan vaqtida vafot etgan.
2022-yil 2-dekabr. Internetda tarqalgan xabarga koʻra, iqtisodiy mojaro ortidan Buxoro shahar IIBga chaqirilgan 37 yashar erkak kutilmaganda vafot etgan. IIV matbuot xizmati rahbari marhum epilepsiyadan vafot etgani, oʻlim roʻy bergan vaqtda u koʻchada boʻlganini maʼlum qilgandi.
Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi Shohrux Gʻiyosov bu xabarga munosabat bildirib, buxorolik erkakning chindan ham tergov uchun IIB binosiga qatnab yurgani, lekin oʻlim roʻy bergan vaqtda u koʻchada boʻlganini bildirgandi.
2023-yil 5-iyun. Boʻka tumanida 36 yoshli fuqaro IIB xodimlarining noqonuniy soʻroq qilishi va jarohat yetkazishi oqibatida vafot etgan va voqeaga sababchi 2 xodim hibsga olingandi. Tuman IIB rahbariyati esa ishdan boʻshatildi.
4-iyun kuni tuman hududida bir qator oʻgʻrilik jinoyatlarini sodir etishda gumonlanib, Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi bilan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi doirasida tergovga jalb etilgan, Yuqori Chirchiq tumanida yashovchi 36 yoshli U.S. soʻroq qilingan. Jarayon uning himoyachisi X.Yuldasheva ishtirokida tuman IIB tergov xonasida videoyozuvga toʻliq yozib olingan holda amalga oshirilgan.
Shunga qaramasdan, kechqurun U.S.ning sogʻligʻi yomonlashgani sababli tez-tibbiy yordam xizmati chaqirtirilgan. Shifokorlar tomonidan koʻrsatilgan muolajalarga qaramasdan, u kasalxonada vafot etgan.
Oʻz joniga qasd qilganlar…
Chirchiq shahri ichki ishlar boʻlimi hibsxonasida saqlanayotgan 22 yoshli yigit oʻz joniga qasd qilishi oqibatida vafot etdi, deya xabar bergandi Toshkent viloyati IIBB. Biroq tarmoqlarda uning tanasida jarohatlar borligi aniqlangani aytildi.
Qayd etilishicha, 22 yoshli yigit A.Oʻ. Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “v” bandi (Oʻgʻrilik, koʻp miqdorda) va 168-moddasi 3-qismi “b” bandi (Firibgarlik, takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan) bilan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishida ayblangan.
Tergov davomida A.Oʻ. muqaddam ham Jinoyat kodeksining 164-moddasi 2 qismi “a” bandi (Bosqinchilik, qurol yoki qurol sifatida foydalanish mumkin boʻlgan boshqa narsalarni ishlatib) bilan sudlangani inobatga olingan. Unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllangan.
“1-dekabr kuni soat tungi 02:30 atrofida jinoyat ishi doirasida hibsxonada saqlanayotgan A.Oʻ. kameradagi yopinchiq choyshabdan sirtmoq yasab, kamera derazachasining temir panjarasiga bogʻlagan holda oʻz joniga qasd qilgan”, deyiladi xabarda.
2023-yilning may oyida Chilonzor tumanida 21 yoshli surxondaryolik fuqaro IIB binosi derazasidan sakrab vafot etdi. Tergovchilar “u qochish maqsadida IIB binosi 4-qavatidagi hojatxona derazasidan oʻzini tashlagani va oyogʻi singani”ni aytgan. Marhumning yaqinlari bu izohga shubha bildirgandi.
“Bir haftacha oldin IIB xodimlari qoʻngʻiroq qilib, Hafizulloh qoʻlga olinib, Chilonzor tumani ichki ishlar boʻlimiga olib kelinganini maʼlum qildi. Tergovchining aytishicha, u soʻroq paytida hojatxonaga chiqib kelishni soʻragan va qochmoqchi boʻlib, 4-qavatda joylashgan hojatxonaning oynasidan oʻzini tashlab yuborgan. Natijada uning oyogʻi singan va Uchtepa tumani tez-tibbiy yordam boʻlimiga olib borishgan”, dedi marhumning yaqini.
Murojaatchining aytishicha, Turgʻunboyevning oilaviy sharoiti yaxshi boʻlmagan va u bir necha yil davomida uydan uzoqda – Toshkentda yashab, yaqinlari bilan deyarli aloqa qilmagan. Shu sababli, qoʻlga olinganidan keyin oldiga keladiganlar ham topilmagan. Chilonzor tuman IIB tergovchisi bugun, 29-may kuni yigitning yaqinlariga telefon qilib, uning vafot etganini aytgan.
Namanganda ham fuqaro IIB hushyorxonasida oʻzini osib, joniga qasd qildi. Maʼlum qilinishicha, joriy yilning 7-aprel kuni soat 20:00 atrofida marhumning turmush oʻrtogʻi erining uyga mast holatda kelib, janjal qilayotganligi haqida Chortoq tumani IIB profilaktika inspektoriga xabar qilgan.
Profilaktika inspektori murojaatni oʻrganib, marhumni hushyorlantirish maqsadida Yangiqoʻrgʻon tumanida joylashgan markaziy shifoxonaga olib borgan. Profilaktika inspektori tegishli hujjatlar va dalolatnoma rasmiylashtirgan holda marhumni soat 21:58 da hushyorxonaga topshirgan.
I.U. 8-aprel kuniga oʻtar kechasi soat 00:45 atrofida ushbu hushyorxonaning darchasidagi temir panjarasiga choyshabdan sirtmoq yasab, oʻzini oʻzi boʻyin sohasidan osib, oʻz joniga qasd qilgan va voqea joyida vafot etgan.
Qachon tizim oʻzgaradi?
2023-yilning 10 oyida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarda saqlanayotgan shaxslarga nisbatan ruhiy, psixologik, jismoniy yoki boshqacha tarzda bosim oʻtkazilganligi yuzasidan Ombudsmanga 147 ta shikoyat kelib tushgan. Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda Oliy Majlis huzuridagi Inson huquqlari boʻyicha vakil (Ombudsman) axborot xizmati rahbari Fotima Madrahimova maʼlum qilgandi. Savol: Bu koʻp emasmi?
2020-yil iyun oyi soʻngida oʻtkazilgan Prezidentimizning odil sudlovni taʼminlash va korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida aytilgan gaplari shunda hali ham oʻzining dolzarbligini yoʻqotmasdan qolaverdimi?
“Sud binosiga kelgan har bir inson Oʻzbekistonda adolat borligiga ishonib chiqib ketishi kerak. Bu Prezident talabi!” deya taʼkidlagandi davlat rahbari. Oradan 4-yil oʻtdi. Ammo yuqorida sanagan holatlarimiz sodir boʻldi.
Davlat rahbari ushbu yigʻilishda 2020-yilning yanvar oyida Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani IIB, may oyida Andijon shahar IIBdagi tergovlar natijasida ikki kishining vafot etishiga eʼtibor qaratib, masʼullarni qattiq tanqid qilgandi.
“Biz soʻnggi uch yarim yilda qiynoqlarga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha jiddiy va ortga qaytmaydigan islohotlarni amalga oshirdik. Lekin, Andijon shahar va Chiroqchi tuman ichki ishlar idoralarida yaqinda sodir boʻlgan fojiali holatlar tizim rahbarlarini uygʻotishi, aniq xulosalar qilishga chorlashi kerak. Ushbu fojia oqibatida 2 nafar inson hayotdan erta koʻz yumdi. Ularning oilalari bu huquq-tartibot idoralari rahbarlaridan emas, davlatdan norozi. Bu kabi noxush holat takrorlanmasligi uchun qaysi tizim yoki hududiy idora rahbari aniq reja yoki dastur ishlab chiqdi? Ming afsus bilan aytish kerak, sizlardagi loqaydlik va bilimsizlik islohotlarimizni obroʻsizlantirmoqda”, degan edi davlatimiz rahbari.
Bugun Bekobodda sodir boʻlgan voqea barchani xafa qilishi tayin. IIB fuqaroning oilasiga hamdardlik bildirdi, ammo… Adolat oʻz aksini topishi kerak boʻlgan joydan kimningdir oʻgʻli, otasi, ukasi yoki doʻsti oʻlik holda chiqsa, buni shunchaki qabul qilish qiyin kechadi.
Prezidentimiz aytganidek, bunday holatlar davlatning olib borayotgan islohotlarini obroʻsizlantiradi, fuqarolar davlatdan norozi boʻlib qoladi. “Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir” deb yozilgan qomusimizda. Xalqning ishonchi mustahkam davlat qurishning muhim shartidir. Bu haqda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev oʻzining “Buyuk kelajagimizni mard va oliyjanob xalqimiz bilan birga quramiz” kitobida ham aytib oʻtgan edi.
Agarda tizim tubdan oʻzgarib, xalqning ishonchini oqlamas ekan, shu soha masʼullarini, yo tizimni oʻzgartirish kerak boʻladi.
Sanjar SHOMURODOV,
“Xalq soʻzi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
- Turkiy xalqlarning maʼnaviy yalovbardori
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Rossiya Osiyo grandni magʻlub etdi
- Kambagʻal oilalar farzandlarining toʻgarak xarajatlarining 80 foizgacha qismi davlat byudjeti hisobidan qoplanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring