Soliq kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilib, tadbirkorlarga qator imtiyozlar belgilanmoqda

13:04 29 Aprel 2025 Siyosat
461 0

Foto: Yunus Bo‘riyev, Davronbek Ernazarov / «Xalq so‘zi»

Keyingi yillarda mamlakatimizda tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek aholini qalbaki mahsulotlardan himoya qilish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga ayrim turdagi yig‘imlarni belgilash, ularni hisoblab chiqarish hamda to‘lash tartibini belgilash, tadbirkorlik sub’yektlarini va kasaba uyushmalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan vaqtinchalik soliq imtiyozlarini berish zarurati ham yuzaga kelmoqda.

Senatning bugungi yalpi majlisida ham shu kabi imtiyozlarni o‘z ichiga olgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.

Jumladan, mazkur Qonun bilan Soliq kodeksiga parrandachilik sohasini rivojlantirish, bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarining faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlashga hamda raqamli markirovkalash tizimini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Xususan, raqamli markirovkali mahsulotlarning chakana savdosini amalga oshiruvchi tadbirkorlik sub’yektlariga hisoblangan va to‘lanishi lozim bo‘lgan foyda solig‘i yoki aylanmadan olinadigan soliq yoxud yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan to‘lanadigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i summalarini tadbirkorlik sub’yektlari uchun markirovkani o‘qish qurilmalarini sotib olish bilan bog‘liq xarajatlar summasiga, biroq bitta qurilma uchun bazaviy hisoblash miqdorining to‘rt baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda kamaytirish huquqi 2027 yil 1 yanvarga qadar bo‘lgan davr uchun beriladi.

Shuningdek, Qonun bilan 2030 yil 1 yanvarga qadar parrandachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik sub’yektlari yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini (ekin maydonlaridan tashqari) to‘lashdan ozod etish belgilanmoqda.

Shu bilan birga pivo va pivo ichimliklari bilan chakana savdo qilish huquqi uchun yig‘imni hamda tamaki mahsulotlari bilan chakana savdo qilish huquqi uchun yig‘imni hisoblash va to‘lash tartibi aniqlashtirilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Bunda pivo va pivo ichimliklari bilan chakana savdo qilish vakolatli organlarni xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyat turlari ro‘yxatiga kiritilmoqda.

Senatorlar tomonidan Qonun parrandachilik korxonalari faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlashga, bolalarni sog‘lomlashtirish va aqliy rivojlantirish bo‘yicha ishlar samaradorligini oshirishga hamda raqamli markirovkalash orqali aholini qalbaki mahsulotlardan himoya qilish tizimini yanada takomillashtirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Muhokamadan so‘ng Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Foto: Yunus Bo‘riyev, Davronbek Ernazarov / «Xalq so‘zi»

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?