Soxta kosmetologlar xizmatidan ehtiyot boʻling — Sogʻliqni saqlash vazirligi

09:57 26 Avgust 2025 Jamiyat
122 0

Soʻnggi paytlarda xotin-qizlar yuz qismida oʻtkazilgan ayrim amaliyotlar noxush holatlarga olib kelayotgani bilan bogʻliq murojaatlar koʻpaymoqda. Sogʻliqni saqlash vazirligi mazkur holatlar yuzasidan fuqarolarni soxta kosmetologlar xizmatidan ehtiyot boʻlishga chaqirdi.

Maʼlum qilinishicha, hozirgi vaqtda yurtimizda 147 ta nodavlat tibbiyot tashkiloti tibbiy kosmetologiya ixtisosligi boʻyicha faoliyat yuritish uchun litsenziya olgan. Hududlar kesimida eng yuqori koʻrsatkich Toshkent shahrida qayd etilgan boʻlib, hududda 94 ta nodavlat tibbiyot tashkiloti kosmetologiya ixtisosligi boʻyicha faoliyat yuritadi. Ular safiga oddiy goʻzallik salonlari hamda tibbiyot tashkiloti maqomiga ega boʻlmagan kosmetologiya muassasalarini ham qoʻshib hisoblasak, bu miqdor yanada ortadi.

«Albatta, opa-singillarimizga goʻzallik va salomatlik xizmatlarini koʻrsatuvchi bunday muassasalarning koʻpayishi quvonarli hol. Ammo kosmetologiya muolajalari — shifokor tomonidan oʻtkaziladigan, litsenziyalanadigan faoliyat turi!

Shunga qaramay, baʼzi goʻzallik salonlari, xususiy klinikalar tomonidan hech qanday huquqiy ahamiyatga ega boʻlmagan sertifikatlar bilan bunday xizmatlarni koʻrsatish holatlari kundan-kunga koʻpayib borayotgani achinarlidir», — deyiladi vazirlik ogohlantirish xabarida.

SSV taqdim qilgan maʼlumotlarga koʻra, oʻrganishlar davomida tibbiy kosmetologiya ixtisosligi boʻyicha tibbiy xizmat koʻrsatish uchun litsenziyaga ega nodavlat tibbiyot tashkilotlari faoliyatida yuqoridagi keltirilgani singari noxush holatlar uchramagan.

Huquq-tartibot idoralariga kelib tushayotgan murojaatlar asosan litsenziya va diplomsiz faoliyat olib borish natijasida kelib chiqqan asoratlar hamda nojoʻya taʼsirlarga daxldordir. Sababi, litsenziyasiz ishlash — sertifikatlanmagan mahsulot va tibbiy anjomlarni qoʻllash, fiziologiya hamda anatomiya asoslarini bilmaslikni anglatadi.

«Oddiy goʻzallik salonlari yoki tibbiyot tashkiloti hisoblanmaydigan turli kosmetologiya markazlarida tegishli maʼlumotga ega boʻlmagan shaxslar tibbiy kosmetologiya bilan shugʻullanayotgani bu muammolarning bosh omilidir.

Ular tegishli hujjatlar asosida kosmetologiya xizmatini koʻrsatuvchi yakka tartibdagi tadbirkor yoki oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida hisobdan oʻtib, faoliyat olib borayotgan fuqarolardir. Ushbu kosmetologlar shifokor boʻlmaganliklari uchun ular faoliyatini nazorat qilish sogʻliqni saqlash organlarining vakolatida emas«, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Ulugʻbek Sabirov.

Sogʻliqni saqlash vazirligi ayni paytdagi mavjud holat va fuqarolardan boʻlayotgan murojaatlarni eʼtiborga olib, tibbiy kosmetologiya xizmatidan foydalanmoqchi boʻlsangiz, albatta, tegishli davlat tibbiyot muassasasi yoki shu ixtisoslik boʻyicha tibbiy faoliyatga litsenziya olgan nodavlat tibbiyot tashkilotlariga murojaat qilishingizni soʻragan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?