Sirdaryolik ijodkor 1000 ta kitobini sovgʻa qildi

12:48 24 Aprel 2025 Jamiyat
200 0

Ahmadali SHERNAZAROV/“Xalq soʻzi”. Soʻnggi yillarda Sirdaryo viloyatida ijod qilayotgan jurnalist, shoir va yozuvchilarning kutubxonalarga yangi nashr etilgan kitoblaridan oʻnlab nusxada sovgʻa qilishi koʻp kuzatilmoqda.

V Respublika “Kitobxonlik haftaligi” kunlarida Oʻzbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari aʼzosi, “Shuhrat” medali sohibasi Dilorom Ismadiyorova oʻzining bir necha nomdagi kitoblaridan kutubxonalarga tuhfa qildi. Ijodkorning hozirgacha ziyo maskanlari, harbiy qismlar, taʼlim muassasalari, mahallalar hamda kitobxonlarga taqdim etgan toʻplamlari 1000 nusxadan oshdi.

— Dilorom Ismadiyorovaning “Sirdaryocha toʻy qilamiz”, “Sirdaryoga qoʻnib oʻting, doʻstlarim”, “Sirdaryoning boʻylarida uylarimiz” deb nomlangan kitoblari foydalanuvchilarimiz tomonidan eng koʻp oʻqilayotgan adabiyotlar sirasidan, — deydi Sirdaryo viloyati bolalar kutubxonasi direktori Shoira Shukurova. — Eʼtirof etish lozimki, ushbu toʻplamdagi hayotiy va xalqchil ruhdagi asarlarning yosh avlod uchun tarbiyaviy-maʼrifiy ahamiyati juda katta. Shu oʻrinda Dilorom Ismadiyorova kabi yana koʻplab ijodkorlar ham yangi chiqqan kitoblaridan bir necha nusxasini kutubxonalar uchun ajratayotgani juda ibratli ish boʻlayotganini taʼkidlashni lozim deb oʻylayman.

Binobarin kutubxonaga kitob sovgʻa qilishning bir emas, bir necha foydasi borki, avvalo, bu maskan javoniga tushgan adabiyotni koʻpchilik oʻqiydi, oʻz navbatida ayni jihat muallif nomini tanitadi, unga rahmat va olqish olib keladi. Qolaversa, kutubxonadagi har qanday adabiyot asrab-avaylab saqlanadi va u asrlar osha qoʻlma-qoʻl boʻlib oʻqiladi, tokchada oʻquvchisini kutib sargʻayib turmaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?