Sirdaryoda turizm imkoniyatlari

11:09 18 Iyun 2025 Jamiyat
135 0

Ahmadali SHERNAZAROV/“Xalq soʻzi”. Sirdaryo viloyatida turizmni qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish, ushbu sohani milliy iqtisodiyotimizning ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatda shakllantirishga doir muhim ishlar bajarilmoqda. Shu bilan birga, bu borada ijobiy natijalar ham kuzatilyapti.

2025-yilning yanvar – may oylari davomida viloyatga 200 ming nafar mahalliy hamda 28 mingdan ortiq xorijiy turistlar tashrif buyurgan. Bu raqamlar sohada oʻsish va ijobiy tendensiyaning mavjudligini koʻrsatadi. Sayyohlar asosan qoʻshni mamlakatlar – Tojikiston, Qozogʻiston va Qirgʻizistondan tibbiyot va sayohat turizmi maqsadida, Xitoy, Janubiy Koreya, Rossiyadan esa biznes hamda ishbilarmonlik turizmi boʻyicha kelgan. Bularning bari Sirdaryo viloyatida turizmning turli yoʻnalishlarini joriy etish imkoniyati borligini tasdiqlaydi.

Eʼtiborlisi, tibbiyot turizmi sektorida ham ijobiy oʻzgarish kuzatilmoqda. Joriy yilning 5 oyi mobaynida 2 433 nafar xorijlik fuqaro viloyatdagi tibbiyot muassasalarida davolanib, 1,4 milliard soʻmlik turizm eksporti amalga oshirildi. Bu raqam oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 30 foizlik oʻsishni anglatadi.

Ushbu maʼlumotlar viloyat rahbari Erkinjon Turdimov tomonidan turizm sohasida olib borilayotgan ishlar natijalari boʻyicha oʻtkazilgan muhokamada maʼlum qilindi. Oʻz navbatida, sohada ijobiy natijalar bilan bir qatorda hali qilinajak ishlar, vazifalar koʻpligi bildirildi. Jumladan, 135 ta turizm obyektlarida viloyat hokimligi ishchi guruhi tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishda aniqlangan kamchiliklar aytilib, hokimliklar hamda xususiy sektorlar hamkorlikda faol harakat qilmayotganligi, tizim rivoji uchun infratuzilmani yaxshilash ustuvor vazifalardan boʻlishi zarurligi bildirildi. Joylashtirish vositalari sonini oshirish, sanitar-gigiyenik talablarga javob beradigan muassasalar yaratish va ovqatlanish shoxobchalarini modernizatsiya qilish yuzasidan aniq vazifalar belgilab berildi. Xususan, yil oxirigacha 10 ga yaqin mehmonxona va xostellar tashkil etiladi.

Xorijiy mamlakatlarda oʻtkaziladigan xalqaro tadbirlarda (roadshow) Sirdaryo viloyati turizm salohiyatini namoyon etuvchi videokontentlar bilan ishtirok etish, har bir xorijiy xizmat safari chogʻida hududlarning turizm salohiyatini namoyon etuvchi videolavhalar, taqdimotlar va hamkorlik memorandumlarini tuzish ishlarini doimiy yoʻlga qoʻyishga eʼtibor kuchaytiriladi. Sohada pirovard natijani oshirish, hamkorlikni kengaytirish, zamonaviy marketing va targʻibot vositalarini joriy etish orqali viloyatda turizm sohasini yanada yuqori bosqichga olib chiqish va joriy yil oxiriga qadar hududga 300 ming mahalliy turistni jalb etishga astoydil harakat qilinadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер