Sirdaryo viloyatida BRMning “Hech kimni eʼtibordan chetda qoldirmaslik” tamoyiliga muvofiq nogironligi boʻlgan shaxslarning jamiyatga moslashuvi oʻrganildi

14:50 13 Oktyabr 2025 Siyosat
177 0

Joriy yilning 7-9-oktyabr kunlari Senatning Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi raisi B.Abdullayev boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Sirdaryo viloyatida Barqaror rivojlanish maqsadlarining “Hech kimni eʼtibordan chetda qoldirmaslik” tamoyiliga muvofiq nogironligi boʻlgan shaxslarning jamiyatga moslashuvini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati oʻrganildi.

Nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlash tizimi tubdan takomillashtirilgandan soʻng ular uchun qulay va toʻsiqsiz muhit yaratishga, shuningdek, inklyuziv taʼlimni davlat siyosati darajasiga koʻtarishga qaratilgan tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Buning yaqqol ifodasi sifatida viloyatning har bir tuman va shaharlarida 1 ta “ijtimoiy koʻcha” tashkil etilgan boʻlib, ular nogironligi boʻlgan shaxslar erkin va toʻsiqlarsiz harakatlanishi uchun moslashtirilgan, koʻzi ojizlar uchun taktil qoplamalar va ovozli svetoforlar oʻrnatilgan.

Shuningdek, Prezidentimizning topshiriqlariga asosan viloyatdagi 62 ta maktabda 117 nafar nogironligi boʻlgan oʻquvchi uchun 81 ta inklyuziv sinf tashkil etilgan. 30 ta maktabni toʻliq toʻsiqsiz muhitga moslashtirish maqsadida esa 1 mlrd 438 mln soʻm yoʻnaltirilgan. Bu choralar nogironligi boʻlgan bolalarning taʼlim olish huquqini taʼminlashda muhim qadam boʻldi.

Viloyatdagi 3 ta oliy taʼlim tashkilotida jami 285 nafar nogironligi boʻlgan shaxs tahsil olmoqda, shulardan 275 nafari bakalavriat, 9 nafari magistratura, 1 nafari esa tayanch doktorantura bosqichida oʻqimoqda. Oliy taʼlimga qabulda nogironlar uchun alohida 2 foizlik kvota joriy etilgani natijasida soʻnggi uch yilda ularning qamrov darajasi 89 foizga oshgan. Shu bilan birga, viloyatdagi oliy taʼlim muassasalarida 19 nafar nogironligi boʻlgan professor-oʻqituvchi faoliyat yuritmoqda.

Mehnat sohasida ham ijobiy natijalar kuzatilmoqda. Xususan, mehnatga layoqatli 18 yoshdan 60 yoshgacha boʻlgan 19 110 nafar nogironligi boʻlgan shaxsning 5 601 nafari bandligi taʼminlangan. Shu bilan birga, 1 462 nafar nogironligi boʻlgan shaxs yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanmoqda, 263 nafari esa kasb-hunarga oʻqitishga jalb qilingan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining (2024-yil 16-iyuldagi PQ–257-sonli) qaroriga muvofiq nogironlikni belgilashning yangi tizimi joriy etildi.

Unga koʻra, nogironlik guruhi va muddati, bemorning oʻzgalar parvarishiga ehtiyoji, tibbiy reabilitatsiya hamda protez yoki reabilitatsiya vositasiga muhtojlik haqidagi maʼlumotlar inson omilisiz, avtomatik ravishda “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimida shakllantiriladi.

Monitoring va tahlillar asosida sohadagi tizimli muammolar va yechimini kutayotgan masalalarni hal etish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar (“yoʻl xaritasi”) ishlab chiqildi.

Sirdaryo viloyatida nogironligi boʻlgan shaxslarning jamiyatga moslashuvini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar holatini oʻrganish natijalari esa Oʻzbekiston Respublikasini barqaror rivojlantirish sohasidagi Milliy maqsad va vazifalarning 2030-yilgacha boʻlgan davrda amalga oshirilishini nazorat qilish boʻyicha Parlament komissiyasining navbatdagi majlisida koʻrib chiqilishi hamda tegishli qaror qabul qilinishi rejalashtirilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер