Sil kasalligiga qarshi yangi preparat yaratildi
Har bir gʻoyani tayyor mahsulot holatiga keltirguncha chuqur bilim, tinimsiz mehnat va albatta, iqtisodiy koʻmak zarur. Bugungi kunda tadqiqotchilarni iqtisodiy qoʻllab-quvvatlash va eng yaxshi gʻoyalarni amaliyotga tatbiq etishda Innovatsion rivojlanish vazirligi salmoqli ishlarni amalga oshirmoqda.
Shunday gʻoyalardan biri sil kasalligiga qarshi yaratilgan Biomayrin preparatidir.
Sil kasalligi inson sogʻligʻiga xavf soluvchi xastaliklardan biri. Uni davolash esa uzoq va davomli jarayondir. Bu paytda, tabiiyki, bemor organizmi koʻplab dori-darmonlar qabul qiladi. Biroq kasallikni davolashda ishlatiladigan dorilarni uzoq vaqt qoʻllash boshqa aʼzolarga ziyon yetkazishi tibbiyotda koʻp bora kuzatilgan.
OʻzR FA Bioorganik kimyo instituti Biologik faol makromolekulyar tizimlar laboratoriyasi mudiri, kimyo fanlari doktori Shavkat Shomurotov ushbu muammoga yechim sifatida sil kasalligiga qarshi tez va samarali taʼsir koʻrsatadigan Biomayrin preparatini taqdim etdi.
Hozirgi kunda sil kasalligi, asosan, kimyoterapiya usulida, yaʼni dori-darmonlar yordamida davolaniladi. Bunda, asosan, izoniazid, rifampitsin, pirazinamid, etambutol, streptomitsin kabi preparatlar qoʻllaniladi. Bu preparatlar sil kasalligiga qarshi kurashishda samarali hisoblansada, biroq ularni koʻp maqdorda uzoq vaqt davomida qabul qilish organizmga salbiy taʼsir qilishi mumkin.
Bundan tashqari, soʻnggi yillarda sil mikobakteriyalarining resistent shakllari koʻpayishi sil kasalligi terapiyasida qoʻllanilayotgan preparatlar samaradorligi kamayishiga sabab boʻlmoqda.
Shuning uchun koʻpgina kasalliklar terapiyasida boʻlgani kabi sil kasalligi terapiyasida ham organizmga nojoʻya taʼsiri nisbatan kam boʻlgan, kasallik qoʻzgʻatuvchi bakteriyalarning turli shtammlariga samarali taʼsir koʻrsatuvchi yangi preparatlar yaratish dolzarb masalalardan biri hisoblandi.
Aynan mana shu muammolarni hisobga olgan holda, OʻzR FA Bioorganik kimyo instituti olimlari tomonidan sil kasalligini davolashga yordam beradigan Biomayrin preparati yaratildi. Biomayrin preparati tabiiy polisaxarid modda – pektinni kimyoviy oʻzgartirish va unga izoniazid, etambutol va rifampitsin kabi silga qarshi preparatlarni kimyoviy bogʻlar vositasida bogʻlash orqali olingan.
Biomayrin preparati makromolekulyar tabiatiga xos ravishda organizmga taʼsir etuvchi moddalar (izoniazid, etambutol va rifampitsin)ni uzoq muddat yetarli miqdorda yetkazib beradi. Ushbu preparat organizmda terapevtik konsentratsiyalardan past dozada boʻlganligi bois uning organizmga boʻlgan nojoʻya taʼsiri amaliyotda qoʻllaniluvchi preparatlarga nisbatan bir necha barobar kam. Shuningdek, Biomayrin tarkibidagi kimyoviy moddalar organizmda uzoq muddat terapevtik dozada saqlanadi (48 soatgacha), yaʼni preparatning prolongatsiya xususiyati mavjud boʻlib, bemor uni kam miqdorda isteʼmol qilsa ham samarali natijaga erishadi. Bundan tashqari, Biomayrin preparati tarkibida izoniazid, etambutol va rifampitsinning mavjudligi preparatning sil mikobakteriyalarining terli shtammlariga nisbatan samarali taʼsir koʻrsatishini taʼminlaydi.
Biomayrin preparati 20 yillik ilmiy izlanishlar mahsulidir. Bu preparatning yaratilishida koʻplab tibbiyot mutaxassislarining hissasi bor. Masalan, biz, kimyogarlar preparatni olish texnologiyasini yaratish, uning tarkibi va tuzilishini aniqlash hamda tahlil usullarini ishlab chiqish bilan shugʻullangan boʻlsak, farmakologlar, tibbiyot xodimlari uning organizmga taʼsiri va samaradorligini oʻrganishdi. Bir soʻz bilan aytganda, gʻoyaning mahsulotga aylanishida OʻzR FA Bioorganik kimyo instituti olimlari, Respublika isxtisoslashtirilgan Ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Oʻzbekiston veterinariya ilmiy tekshirish instituti va Toshkent Tibbiyot Akademiyasi xodimlarining mehnati katta.
Hozirgi kunda respublikamizda sil kasalligini davolashda qoʻllaniluvchi preparatlar, asosan, mahalliy ishlab chiqaruvchilar hamda turli gumanitar tashkilotlar (UNICEF va bosh.) tomonidan yetkazib beriladi. Mahaliy farmatsevtika korxonalari tomonidan ishlab chiqarulayotgan dori vasitalari jenerik preparatlar boʻlib, substansiyalari xorijdan olib kelinadi.
Biomayrin preparati respublikamizda ishlab chiqariladigan sil kasalligiga qarshi birinchi asl (original) preparat hisoblanadi va respublikamiz aholisi salomatligini samarali himoya qilishda asqatadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Doʻstlik va hamkorlikni kengaytirgan forum (+fotoreportaj)
- «Yevroosiyo Banki» Aksiyadorlik jamiyatining tugatish komissiyasi xabari
- Namangan – yangilanish va goʻzallik shahri
- Oʻzbekiston yoki Misr. Qaysi terma jamoa kuchli?
- Yangilanayotgan Markaziy Osiyo: birlik, doʻstlik va hamkorlikning yangi bosqichi
- Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining OAV erkinligi boʻyicha vakili Yan Bratu bilan uchrashuv oʻtkazdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring