Shveysariyada mamlakat aholisi sonini cheklash boʻyicha referendum oʻtkaziladi

22:25 12 Fevral 2026 Dunyo
444 0

The New York Times nashri xabar berishicha, Shveysariyada 14-iyun kuni mamlakat aholisi sonini 10 million kishi bilan cheklash masalasi yuzasidan umumxalq referendumini oʻtkazish rejalashtirilmoqda.

2024-yilda oʻng-konservativ yoʻnalishdagi Shveysariya xalq partiyasi migratsiyani cheklash va aholi soniga limit joriy etish boʻyicha petitsiya boshlagan edi. Mamlakat hukumati va parlamenti mazkur tashabbusga qarshi ovoz bergan. Biroq petitsiyani 100 mingdan ortiq fuqaro imzolagani sababli, amaldagi qonunchilikka muvofiq referendum avtomatik tarzda tayinlangan.

Tashabbusga koʻra, Shveysariyaning doimiy aholisi 2050-yilga qadar 10 million kishidan oshmasligi lozim. Agar shu muddatdan oldin aholi soni 9,5 million nafardan oshib ketsa, avtomatik ravishda cheklov choralari joriy etiladi. Bunday choralar qatoriga boshpana berish kvotalarini qisqartirish hamda oilalarni birlashtirish imkoniyatlarini cheklash kiradi.

Referendum tarafdorlarining taʼkidlashicha, hozirgi kunda aholi sonining ortishi infratuzilmaga ortiqcha yuk tushishiga, mahalliy oʻzlikning susayishiga va uy-joy ijara narxlarining oshib ketishiga sabab boʻlgan.

Muxoliflar esa ushbu tashabbus Shveysariya iqtisodiyotiga zarar yetkazishi, xorijiy ishchi kuchini jalb etishni qiyinlashtirishi va mamlakatning Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlariga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkinligini bildirmoqda.

Ayni paytda Shveysariya aholisi 9,1 million nafarni tashkil etadi. 2000-yildan buyon aholi soni 25 foizga oshgan boʻlib, bu oʻsish asosan immigrantlar oqimi hisobiga taʼminlangan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер