“Shuncha resurs bilan goʻshtga boʻlgan ichki ehtiyojni toʻliq qoplab, eksportga ham chiqsak boʻladi-ku!” – Shavkat Mirziyoyev

11:32 16 Iyun 2025 Siyosat
133 0

Meva-sabzavot yetishtirish, saqlash, qayta ishlashga zamonaviy agrotexnologiya olib kirish, eksportni koʻpaytirish uchun 16 ta tumanda “Agrostar” kompaniyasi tashkil etilib, 300 milliard soʻm berilgan. Banklar ham ularga 10 million dollardan resurs ajratishni boshladi.

Lekin bu tumanlarning 5 tasida meva-sabzavot eksporti koʻpayish oʻrniga, oʻtgan yilgidan kamaygan. Barcha masalalar resurs bilan hal qilib berilgan boʻlsa, “Agrostar” kompaniyalari qachon natija berishni boshlaydi, deya savol qoʻydi Prezidentimiz.

Hokimlardan oziq-ovqat va eksportni koʻpaytirish talab qilinmoqda. Lekin tumanlar hududining katta qismini tashkil qiladigan oʻrmon va yaylov yerlari respublika tashkilotlariga berilgan. Tuman hokimining vakolati boʻlmagani uchun daraxt bilan qoplanmagan oʻrmon hududlarida oziq-ovqat mahsulotlari yetishtira olmaydi.

Umuman, oziq-ovqatni koʻpaytirishda eng katta zaxira boʻlgan 16 million gektar yaylov va 12 million gektar oʻrmon yerlaridan yetarlicha foydalanilmayotgani koʻrsatib oʻtildi.

“Shuncha resurs bilan goʻshtga boʻlgan ichki ehtiyojni toʻliq qoplab, eksportga ham chiqsak boʻladi-ku!” – dedi davlatimiz rahbari.

Bosh vazirga bu masalani nazoratga olib, bir oyda oʻrmon va yaylov yerlarining qanchasini aholiga oziq-ovqat, ozuqa uchun boʻlib berishini hisob-kitob qilish hamda yerlarni auksionga chiqarish topshirildi. Shuningdek, yaylov va oʻrmon yerlarini olayotgan fermer va chorvadorlarning aylanma mablagʻini ham hal qilib berish vazifasi qoʻyildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?