SHHTga aʼzo davlatlar Sogʻliqni saqlash vazirlarining 7-yigʻilishi boʻlib oʻtdi
Maʼlumki, shu yilning iyul oyida Qozogʻiston Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga aʼzo davlatlar rahbarlari Kengashining navbatdagi majlisiga mezbonlik qiladi.
Ushbu nufuzli tadbir arafasida 14-mart kuni Ostona shahrida SHHTga aʼzo davlatlar Sogʻliqni saqlash vazirlarining 7-yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Unda Hindiston, Eron, Qozogʻiston, Xitoy, Qirgʻiziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston va Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash vazirliklari rahbarlari, shuningdek faxriy mehmon sifatida taklif etilgan SHHT Bosh kotibi oʻrinbosari Nuran Niyazaliyev va JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Xans Klyuge ishtirok etdi.
Yigʻilishda SHHTga aʼzo davlatlarning sogʻliqni saqlash sohasidagi ikki va koʻp tomonlama darajadagi hamkorligi, shu jumladan hamkor davlatlarda tibbiyotni yanada rivojlantirish, sohadagi yangi chaqiriqlarga qarshi birgalikda kurashish masalalari koʻrib chiqildi.
Xususan, tadbirda soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vaziri vazifasini bajaruvchi Asilbek Xudayarov yuqumli va yuqumli boʻlmagan kasalliklarni erta aniqlash, davolash va profilaktika qilish, onalar oʻlimi koʻrsatkichini kamaytirish, skrining tekshiruvlarini oʻtkazish ishlarini yanada takomillashtirish maqsadida hamkorlikda bajarilishi lozim boʻlgan ustuvor vazifalar xususida soʻz yuritdi.
Buning uchun SHHTga aʼzo davlatlarning sogʻliqni saqlash sohasidagi oʻzaro integratsiyalashuvini yanada kuchaytirish zarurligi qayd etildi.
Asilbek Xudayarov oʻz nutqida istiqboldagi asosiy rejalarga ham alohida toʻxtalib oʻtdi.
— Yaqin yillarda xalqaro standartlar asosida preventiv va prediktik choralarni amalga oshirish orqali kasalliklarni profilaktika qilish, oʻrtacha umr koʻrish davomiyligini 78 yoshga yetkazish, byudjetdan sogʻliqni saqlash sohasiga ajratilayotgan mablagʻlar hajmini 2 barobarga oshirishni rejalashtiryapmiz, — dedi u. — Shuningdek, yurak-qon tomir va onkologik kasalliklar boʻyicha erta oʻlimni 2,5 barobarga, onalar va bolalar oʻlimini esa 2 barobarga kamaytirishni oldimizga maqsad qilib qoʻyganmiz.
Tadbir yakunida SHHTga aʼzo davlatlar oʻrtasida ushbu sohadagi hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha 2025-2027-yillarga moʻljallangan asosiy chora-tadbirlar rejasi qabul qilindi.
Qozogʻistonga tashrif doirasida Asilbek Xudayarov SHHTga aʼzo davlatlar sogʻliqni saqlash vazirlari, shuningdek JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Xans Klyuge bilan ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazib, oʻzaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash masalalarini muhokama qildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sogʻliqni saqlash vazirligi “Elektron retsept” tizimi boʻyicha rasmiy bayonot berdi
- Nilufardan Qobiljongacha... Qobuljon Rossiyada etnik nafrat tufayli vahshiylarcha oʻldirilgan birinchi bola emas
- Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
- Uchinchi Renessansga eltuvchi maʼrifat koʻprigi: Oʻzbekiston—Pokiston hamkorligining yangi bosqichi
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- “Insoniyat sivilizatsiyasiga asos boʻlgan yutuqlar shu zamindan kelib chiqqan” — Paragvay Prezidenti
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring