Shavkat Mirziyoyev Xorazmdagi “Urganch klaster”ning yangi korxonalari faoliyati bilan tanishdi

16:45 02 May 2025 Siyosat
172 0

Davlatimiz rahbari Xorazmdagi “Urganch klaster”ning yangi korxonalari faoliyati bilan tanishdi.

Klasterning tashkil etilganiga besh yil boʻlgan. Bugun u paxta xomashyosini yetishtirishdan tortib tayyor kiyim-kechak tikishgacha boʻlgan barcha jarayonlarni qamrab olgan yaxlit “zanjir”. Uning tizimida 3 ming kishi ish bilan taʼminlangan.

Tadbirkor 8 ming 500 gektar maydonda yetishtirilgan paxtani 100 foiz qayta ishlaydi. Buning uchun paxta tozalash va yogʻ zavodlari bor.

Shu kunlarda klasterning ip-yigiruv hamda mato toʻqish quvvati ortdi. Qoʻshimcha investitsiya evaziga yana ikkita korxona faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Germaniya, Yaponiya va Turkiyadan zamonaviy uskunalar keltirib oʻrnatildi.

Korxonada oʻquv-tajriba markazi tashkil etilgan. Tikuvchi va dizayner-mutaxassislar avval shu yerda oʻqitilib, keyin ishga qoʻyiladi.

Bularning natijasida ishlab chiqarish hajmi sezilarli ortdi. Yiliga 10 ming 800 tonna atrofida ip-kalava va 3 million dona tikuvchilik mahsulotlari tayyorlash quvvati yaratildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev yangi fabrikalarda boʻlib, ish jarayoni, tayyor mahsulotlarni koʻzdan kechirdi. Tikuvchi xotin-qizlar bilan suhbatlashdi. Ularning oylik maoshlari, mehnat sharoitlari bilan qiziqdi.

Bu yerda tayyorlanayotgan yuqori sifatli kiyim-kechaklarning katta qismi eksportga yoʻnaltiriladi. Korxonaning yillik eksport salohiyati 28 million dollar atrofida.

Mahsulotlar turi va sifatini koʻpaytirib, eksport koʻlamini kengaytirish, energiya tejamkorlik orqali mahsulot tannarxini kamaytirish boʻyicha tavsiyalar berildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер