Shavkat Mirziyoyev: Bugun shiddatli hayotning oʻzi barchamizni yanada ulkan marralar sari daʼvat etmoqda

19:45 31 Avgust 2024 Siyosat
721 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish yoʻlidagi saʼy-harakatlari qatʼiy davom ettirilishini taʼkidladi. Bu haqda Prezident Oʻzbekiston mustaqilligining 33-yilligiga bagʻishlangan tantanali bayram tadbirida soʻzlagan nutqi davomida aytib oʻtdi.

Alohida kompaniyalarga berilgan monopol huquq va imtiyozlar bosqichma-bosqich bekor qilinib, barchaga teng huquqlar berilishi taʼminlanadi.

Joriy yilda energetika, neft-gaz, suv xoʻjaligi, yoʻl qurilishi, temir yoʻl va aeroport xizmati sohalarida 17 turdagi davlat monopoliyasini tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. Bu ishlar davom ettirilib, mamlakatimiz xalqaro savdo makonining ajralmas qismiga albatta aylantirilishi qayd etildi.

Yana bir dolzarb masala – aholini munosib ish oʻrinlari bilan taʼminlashdir.

«Biz bu borada tadbirkorlarimizga tayanamiz. Shu bois, ularni qoʻllab-quvvatlashni yanada kengaytiramiz.

Zamonning oʻzi tadbirkorlarimizdan keng miqyosda fikrlab ish yuritishni, jahon bozorlarida raqobatdosh mahsulot yaratishni talab etmoqda. Bu yoʻlda ularga omad va yutuqlar tilaymiz.

Biz endi 37 millionlik katta xalqmiz.

Oʻzbekiston hozirgi kunda aholi soni boʻyicha jahondagi eng yirik 40 ta davlatdan biri hisoblanadi.

Bu raqamni islohotlarimiz, mehnatimiz, bilim va qobiliyatimiz bilan katta salohiyatga aylantirishimiz kerak.

Dengizga chiqish imkoniyatimiz cheklanganini inobatga olib, eʼtiborimizni kreativ sohalarga qaratishimiz, ularni jadal rivojlantirishimiz zarur. Jahonda kreativ sanoat mahsulotlari eksportidan yiliga milliardlab dollar daromad topayotgan mamlakatlar koʻp.

Binobarin, shunday mahsulot ishlab chiqarishga bel bogʻlagan ijodkor ishbilarmon-larimizni, ayniqsa, yoshlarimizni har tomonlama ragʻbatlantiramiz», dedi Prezident.

Bundan sakkiz yil oldin Markaziy Osiyo tashqi siyosatimizning eng ustuvor yoʻnalishi deb belgilandi. Shu asosda qoʻshnilarimiz bilan doʻstona munosabatlar tubdan yaxshilandi

«Barchamizning fidokorona mehnatimiz bilan xalqlarimizning barqaror taraqqiy etgan, tinchlik va hamjihatlik ruhi hukm suradigan Yangi Markaziy Osiyo haqidagi orzusi real haqiqatga aylanmoqda.

Mintaqamiz iqtisodiy oʻsish va investitsion faollik markazlaridan biri sifatida jadal rivojlanmoqda.

Bugungi noyob tarixiy imkoniyatlar asosida Markaziy Osiyoda har tomonlama sogʻlom siyosiy muhit, kelgusi avlodlar uchun erkin va xavfsiz kelajak yaratishimiz zarur.

Ayni paytda dunyoning barcha davlatlari bilan teng huquqli, oʻzaro manfaatli aloqalarimizni yangi bosqichga koʻtaramiz», dedi davlat rahbari hamda xorijiy doʻstlarimiz va hamkorlarimizga, bugungi tantanada ishtirok etayotgan diplomatik korpus vakillariga samimiy minnatdorchilik izhor etdi.

Shu kunlarda yurtimiz muhim siyosiy voqea arafasida turibdi.

27-oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va hududlardagi vakillik organlariga saylovlar oʻtkaziladi.

Ushbu saylovlar yangilangan Konstitutsiyamiz belgilab bergan ijtimoiy-siyosiy muhitda, rivojlangan davlatlardagi kabi ilk bor aralash saylov tizimi asosida oʻtkaziladi.

Siyosiy partiyalar tomonidan Qonunchilik palatasiga deputatlikka nomzodlar koʻrsatishda hurmatli ayollarimizning ulushi kamida 40 foiz boʻlishi belgilab qoʻyildi.

Prezident boʻlgʻusi saylovlar xalqaro saylov standartlari va milliy saylov qonunchiligiga toʻla muvofiq holda, kuchli raqobat muhitida boʻlib oʻtishiga ishonch bildirdi hamda butun xalqimizni saylovda faol ishtirok etishga chaqirdi.

«Bugun shiddatli hayotning oʻzi barchamizni yanada ulkan marralar sari daʼvat etmoqda.

Oʻz kuchimiz va salohiyatimiz bilan barpo etgan mustaqil davlat, erkin va ozod jamiyatni yanada kuchli, yanada goʻzal va obod etish bosh vazifamizga aylanmoqda.

Bu shunday yuksak marraki, unga erishish uchun har qancha mehnat qilsak arziydi. Bu shunday buyuk, sharafli maqsadki, unga butun borligʻimizni baxsh etsak arziydi.

Men ishonaman – barchamiz bir boʻlib, aql-zakovat, bilim va tajribamiz, kuch-gʻayratimizni ishga solib, bu ulugʻ manzilga albatta yetamiz. Yorugʻ va nurafshon kelajagimizni – Yangi Oʻzbekistonni albatta barpo etamiz!

Bugungi imkoniyatdan foydalanib, mana shunday ezgu gʻoya atrofida birlashib, islohotlarimizni qoʻllab-quvvatlab kelayotgan, fidokorona mehnati bilan yangi hayot binosini barpo etayotgan buyuk xalqimizga farzandlik mehri bilan taʼzim qilaman.

Yashasin Oʻzbekiston Respublikasi! Yashasin Oʻzbekiston xalqi!» dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev nutqining yakunida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?